O‘zbekiston | 18:24 / 23.08.2022
11608
14 daqiqa o‘qiladi

Qadimda yomg‘ir chaqirish uchun o‘tkaziladigan “Sust xotin” marosimiga qanday ayollar tanlangan? “Zakovat”ning navbatdagi sonidan reportaj

Nima sababdan Yevropada XX asr boshlariga kelib yoshlarning o‘z juftlarini o‘zi topishi keskin oshgan? Chig‘atoy darvoza atroflarida kanalizatsiya mavjudligiga qaramasdan, nega ba’zi xonadonlarda haligacha o‘ralardan foydalaniladi? – “Zakovat” teleo‘yini yozgi mavsumining finali qizlar jamoasi ishtirokida o‘tdi.

Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

  • Nodira Bahromova - filolog;
  • Nazokat Abdusaitova - Toshkent davlat pedagogika universiteti 4-bosqich talabasi;
  • Nodira Turg‘unova - filolog (jamoa sardori);
  • Maysara Ochilova - Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi;
  • Madina Mirzarahmatova - O‘zbekiston Milliy universiteti 4-bosqich talabasi;
  • Muazzam Shoumarova - menejyer.

2022 yil yozgi mavsumida sensatsiya ko‘rsatib, qizlar jamoasi finalga yo‘l oldi. Avvalgi o‘yinda qozonilgan 6:4 hisobidagi g‘alaba jamoaga final chiptasini taqdim etdi. O‘yindan o‘yinga muxlislari ko‘payib borayotgan jamoadan finalda ham chiroyli o‘yin kutildi.

1-raundda Avstriyadagi bir shahar chetida qurilgan zavod haqida bo‘ldi. O‘yindagi eng qiyin savollardan biriga bilimdonlar javob topa olmadi. Hisob teletomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

2-raundda esa jamoaga biroz yengilroq savol tushdi. Amazon kompaniyasidagi sariq chiziq nimani anglatadi, deya berilgan savolga Nodira Bahromova muddatidan oldin javob berdi. O‘yinda hisob tenglashdi – 1:1.

3-raund savoli Ezop masalidan odamning loydan yasalishi jarayoni haqida bo‘ldi. Ushbu savolga o‘tgan o‘yinning eng yaxshi bilimdoni bo‘lgan Muazzam Shoumarova to‘g‘ri javob berib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi – 2:1.

Navbatdagi raund savoli chuqur mantiq yuritiladigan savol bo‘ldi. Nima sababdan XX asr boshlariga kelib yoshlarning o‘z juftlarini o‘zi topishi keskin oshgan, degan savolga qizlar to‘g‘ri javob topa olmadi. Hisob – 2:2.

5-raundda Chig‘atoy darvoza atroflarida kanalizatsiya mavjudligiga qaramasdan, nega ba’zi xonadonlarda haligacha o‘ralardan foydalanilishi haqidagi savol ham jamoaga biroz noqulay keldi, chog‘i, bu savol ham teletomoshabinlarga navbatdagi ochkoni taqdim etdi. Hisob –2:3.

Keyingi raundda qo‘lga o‘rnatiladigan rezina moslama surati ko‘rsatilib, uning qaysi sportchilar mashg‘ulotida foydalanishi so‘raldi. Bir daqiqa davomida bir qancha sport turlarini sanagan jamoa a’zolari, afsuski, to‘g‘ri variantga yetib bora olmadi. Hisob – 2:4.

7-raund savoli hisobning yanada yiriklashishiga sabab bo‘ldi. Finlandiyadagi kitob o‘qishga targ‘ib qiladigan monument nomini topish so‘ralgan savolda bilimdonlarda to‘g‘ri variant yangragan bo‘lsa-da, yakunda noto‘g‘ri javob berib yuborildi. Hisob – 2:5.

Hisobning “jar yoqasiga” kelib qolishi final o‘yinining kutilmaganda erta tugashi ehtimolini vujudga keltirdi. Ammo bilimdon qizlar shunday pallada ham o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymadi.

Keyingi raundda biroz qiyin savol o‘ynalgan bo‘lsa-da, Madina Mirzarahmatova to‘g‘ri javobi bilan jamoasi joniga oro kirdi. Yaponiyada bolalarning aqlini kuchaytirishda va immunitetni ko‘tarishda nimadan foydalaniladi degan savolga jamoa kutilmaganda to‘g‘ri javob berib, hisobni 3:5 ko‘rinishiga keltirdi.

9-raundda Pokistondagi ko‘prik taxtalari nega siyrak o‘rnatilgani haqidagi savol o‘ynaldi. Bu savolda qiyinchilikka uchragan jamoaga klub yordamga keldi. Klub yordami asosida to‘g‘ri javob bergan jamoa hisobni yanada qisqartirdi – 4:5.

10-raundda she’riy savol o‘ynaldi. She’r ma’nosini yaxshi tushuna olgan Nazokat Abdusayitova hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Hisob esa 2:5dan 5:5 ko‘rinishiga keldi. Ajoyib natija!

Hamma masala 11-raundda hal bo‘ladigan bo‘ldi. Ushbu raundda qizlar faqat o‘z kuchiga ishonib o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Hal qiluvchi savol yomg‘ir chaqirish maqsadida tashkil etiladigan “Sust xotin” nomli marosimimiz haqida bo‘ldi. Afsuski, irodali o‘yin ko‘rsatib turgan jamoa so‘nggi savolda to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi. Natijada, mavsum finalini boy bergan navbatdagi jamoaga aylandi.

Hechqisi yo‘q, mavsum finaliga ilk marta chiqish ushbu jamoa uchun katta yutuq va o‘ziga xos tajriba maktabi bo‘ldi deyish mumkin.

Shunday qilib, “Zakovat” teleo‘yinida yozgi mavsum o‘z yakuniga yetdi. Oldinda muxlislarni kuzgi mavsum o‘yinlari kutib turibdi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi - Xurshida Mahmudova, Gulchexra Sultonova, Berndorf, Avstriya.

Boshlovchi: Savol muallifi Avstriyadan bitta su’rat yuborganlar, marhamat ekranga qarang.

Bu Avstriyadagi zavodning tungi ko‘rinishi. Shaharning chekkarog‘ida joylashgan nihoyatda go‘zal inshoot.

Diqqat savol: Bu zavod nima ish bilan shug‘ullanadi?

Javobni Muazzam Shoumarova beradi: Qandil ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

To‘g‘ri javob: Bu zavod axlatni qayta ishlash bilan shug‘ullanadi.

Hisob: 0️ - 1️

Savol muallifi Xurshida Mahmudova 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi Bunyod Niyozmatov, Chilonzor tumani

Boshlovchi: Ekranga qarang.

Bu firma onlayn savdo bo‘yicha dunyoda eng ilg‘orlaridan biri. Karantin vaqtida rosa daromadini ko‘tardi.

Diqqat savol: Mazkur firmaning logotipidagi sariq chiziq nimani bildiradi?

Jamoa muddatidan oldin javob beradi.

Javobni Nodira Bahromova beradi: Siz istagan har bir narsani topib beramiz demoqchi bo‘lib o‘zining imkoniyatlarini namoyish qilib bergan. Yani, bizda A harfidan boshlab Z harfigacha bo‘lgan hamma narsa bor degan ma’noda shunday qilgan. Onlayn savdoda hamma narsani topasiz demoqchi.

To‘g‘ri javob: A dan Z gacha hamma narsa bor degan ma’noda.

Hisob: 1️ - 1️

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi - Og‘abek Samadov, Kitob tumani.

Boshlovchi: Ezopning bir masalida shunday deyiladi: Emishki, olov sanami Promotey loydan odam yasayotganda eng qayg‘uli hodisarlarni o‘ylab yasar ekan. Bu bilan u yasayotgan insonga ruhiy tazyiq o‘tkazmoqchi bo‘lmagan.

Diqqat savol: Unda nega bunday kayfiyatda ishlagan?

Javobni Muazzam Shoumarova beradi: Loy qorishiga ko‘z yoshlari yordam bergan. Ya’ni, suv o‘rniga ko‘z yoshdan foydalangan.

To‘g‘ri javob: U avval tuproqni loy qilgan. Suv o‘rniga ko‘z yoshdan foydalangan.

Hisob: 2️ - 1️

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi - Bahriddin Mamajonov, Quva tumani.

Boshlovchi: Andre Moruaning bir asarida Yevropa aholisi orasida XX asr boshlarigacha yoshlarni oila qurishlariga kattalar ko‘proq aralashgan degan fikrni ilgari surgan. Mana shu paytdan keyin yoshlar o‘z juftlarini o‘zlari topa boshlashgan.

Diqqat savol: Nima sababdan bu paytga kelib yoshlarning o‘z juftlarini o‘zi topishi keskin oshgan?

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Texnika takomillashib fotoapparat orqali yoshlar bir-birini ko‘rishi oson bo‘lgan. Shu orqali yoshlar bir-birini tez topgan.

To‘g‘ri javob: Bu paytga kelib universitetlarda, litseylarda o‘g‘il bolalar va qizlar birga o‘qiy boshlashgan.

Hisob: 2️ - 2️

Savol muallifi Bahriddin Mamajonov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi: Otabek Rahimov - Toshkent. shahri

Boshlovchi: Toshkent shahrining ba’zi hududlarida, masalan, Chig‘atoy darvoza atroflaridagi ko‘chalarda kanalizatsiya tarmog‘i mavjudligiga qaramasdan, ba’zi xonadonlarda haligacha o‘ralardan foydalanishadi.

Diqqat savol: Nima sababdan haligacha o‘ralardan foydalanishadi?

Javobni Maysara Ochilova beradi: o‘zlarining shaxsiy yerlari borligi uchun bu o‘ralardan o‘g‘it sifatida foydalanishgan.

To‘g‘ri javob: Chunki bu uylar hattoki kanalizatsiya tarmog‘idan ham pastlashib ketgan. Shuning uchun, kanalizatsiyaga ulanishning iloji yo‘q, chunki uy sathini ko‘tarish kerak.

Hisob: 2️ - 3️

Savol muallifi Otabek Rahimov, 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi - Husniddin To‘xtayev, Vobkent.

 Boshlovchi: Ekranga qarang.

Siz suratda ko‘rib turgan moslamani bir sport turi murabbiylari o‘ylab topishgan.

Diqqat savol: Bu moslama qaysi sport turida mashq paytida ishlatiladi?

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: yengil atletika sport turida ishlatishadi.

To‘g‘ri javob: Javobni ekran orqali ko‘ramiz.

Bu golf sportida ishlatiladi. Qo‘llarni to‘g‘ri tutish uchun mashqlarda foydalaniladi.

Hisob: 2️ - 4️

Savol muallifi Husniddin To‘xtayev 8 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi - Norbegim Ortiqova, Zarafshon shahri.

Boshlovchi: Marhamat, yana bir bor ekranga diqqat qarating.

Finlyandiyaning xiyobonlaridan birida mana shu monumentni ko‘rish mumkin. Bu odamlarga ibrat tariqasida yasalgan.

Diqqat savol: Bu monumentning 4 so‘zdan iborat nomini toping?

Javobni Maysara Ochilova beradi: Finlar beshikdan qabrgacha ilm izla demoqchi bu yerda.

To‘g‘ri javob: Cho‘kayotgan bo‘lsang ham o‘qi.

Hisob: 2️ - 5️

Savol muallifi Norbegim Ortiqova 10 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi - Bahodir Osimov, Namangan.

Boshlovchi: Zakovat sandiqchasi olib chiqilsin. Yaponlar bolalarning aqliy salohiyatini oshirishda sandiqchadagining o‘rni katta deb o‘ylashadi. Hatto Xirosima va Nagasaki shaharlaridagi yadro hujumidan omon qolganlar tanadagi nurlanishni yo‘qotish uchun, immunitetni ko‘tarish uchun yana sandiqchadagidan foydalanishgan.

Diqqat savol: 2 so‘zda aniq ayting, sandiqcha ichida nima bor?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Bedana tuxumi.

To‘g‘ri javob: Sandiqcha ichida bedana tuxumi bor!

Hisob: 3️ - 5️

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi - Marjona Ozodova, Yangiariq tumani.

Boshlovchi: Ekranga qarang.

Bu osma ko‘prik Pokistonning Xunza daryosi ustida qurilgan. Ko‘pgina osma ko‘priklardan farqli o‘laroq, bu ko‘prik tagidagi xodalar 30-40 sm masofada terilgan. Bu yerdagi iqlimdan kelib chiqib oralari ochiq qurilgan.

Diqqat savol: Nima sababdan bu ko‘prikni bunday qurishga majbur bo‘lishgan?

Jamoa qo‘shimcha vaqt va klub yordamidan foydalanadi.

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Ushbu ko‘prikning taxtalari bunday qilinishi maqsadi balki, kuchli shamol paytida ziyon yetmaslik va shamoldan eson-omon chiqib olish.

To‘g‘ri javob: Bu hududda kuchli shamollar bo‘lib turadi, agar tagi zich taxtalar bilan yopilgan bo‘lsa, osma ko‘prikni shamol o‘ynatib tashlaydi, ichida turgan odamni ham uloqtirib tashlaydi.

Hisob: 4️ - 5️

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi - Farida Komilova, Shovot tumani.

Boshlovchi: She’riy savol.

Og‘ir sukunatdan quloq tang bitar,

O‘lik ammo ko‘milmaganlar.

Fursat o‘tdi necha o‘n yillar,

Balki, ular mo‘jiza kutar.

Bu she’r bir hududdagi salbiy holat haqida.

Diqqat savol: Mo‘jiza kutayotganlar kim yoki nimalar?

Javobni Nazokat Abdusaitova beradi: Orol dengizidagi kemalar.

To‘g‘ri javob: Bu she’r Orol dengizidagi kemalar qabristoni haqida edi.

Hisob: 5️ - 5️

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

11-raund. Savol muallifi - Xudoynazar Jabborov, Tojikiston.

Boshlovchi: Yurtimizda yog‘ingarchilik bo‘lavermagach, qari momolar yomg‘ir so‘raladigan “Sust xotin” marosimini o‘tkazishgan. Bir ayolni ataylab kiyintirib, uyma uy olib yurishadi. Sust xotin roliga ba’zan qo‘shni qishloqdan ayol taklif qilishar ekan.

Diqqat savol: Nima sababdan ba’zan qo‘shni qishloqdan olib kelishgan?

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Qo‘shni qishloqdan olib kelingan ayollarni hech kim tanimaydi va u bu marosimni hijolat bo‘lmay bajaradi.

To‘g‘ri javob: Marosim urf-odatiga ko‘ra, albatta egiz tug‘gan ayollar olib kelinadi. Agar o‘z qishloqlarida bo‘lmasa, qo‘shni qishloqdan olib kelishgan.

Hisob: 5️ - 6️

Savol muallifi Xudoynazar Jabborov 12 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Mavsumning eng yaxshi savoli muallifi - Bahriddin Mamajonov 54 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi

Bahriddin Mamajonovning "O‘g‘il va qiz bolalarning birga o‘qishi" haqidagi savoli mavsumning eng yaxshi savoli deb topilgani uchun savol muallifi "Zakovat intellektual klubi" NNT tomonidan 25 mln so‘m, Kapitalbank tomonidan 25 mln so‘m, shuningdek teletomoshabinlarga 2-ochkoni olib kelgani uchun yana 4 mln so‘m, jami 54 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid