18:07 / 26.08.2022
35220

Namanganda parranda monopoliyasini yaratayotganlar, qo‘llab-quvvatlayotganlar kim?

Andijonda imtiyozli kredit asosida aholiga tarqatilgan qizil tovuqlar nobud bo‘layotgani mojarosi ortidan, Namanganda ham tovuq bilan bog‘liq vaziyat mavjudligi haqida tahririyatimizga xabar kelib tushdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil fevral oyida Namangan viloyatining bir qator hududlarida xalq deputatlari mahalliy kengashlari qarori bilan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan 500 million so‘mdan pul ko‘chirilgan.

Jamg‘armadan Mingbuloq, Namangan, Norin, Uchqo‘rg‘on, Uychi, Yangiqo‘rg‘on tumanlari hamda Namangan shahrida 500 million, Pop tumanida 400 million so‘m mablag‘ «Golden egg of Namangan» MChJga ko‘chirib berilgan. Ayrim qarorlarda mazkur korxona nomi ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, pul baribir shu korxonaga ko‘chirilgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur mablag‘ evaziga turli daftarlarda turadigan kam ta’minlangan oilalarga tuxum quyadigan bepul tovuq va parranda uchun yem berilishi nazarda tutilgan.

Tahririyatimiz ixtiyoriga Uychi tumanida ana shunday tovuqlar tarqatilgan ro‘yxat ham kelib tushdi. Ro‘yxatdagilar bilan gaplashganimizda, bu oilalarning birortasi tovuq olmaganini ta’kidladi. Bu esa turli shubha va gumonlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Shu sababli Kun.uz ijodiy guruhi jurnalistik surishtiruv o‘tkazish uchun Namangan viloyatiga yo‘l oldik.

Surishtiruvimizni dastlab Uychi tumanidan boshladik. Biz Soku, Gulbog‘ va Hurriyat mahallalarida bo‘ldik. Ro‘yxatda mavjud oila vakillari bilan suhbatlashdik. Ularga bu yil hisobidan hech qanaqa tovuqlar berilmaganini ma’lum qilishdi.

Surishtiruv davomida Gulbog‘ mahallasidagi oilalardan biriga tovuq berilgani, lekin ular bizda mavjud ro‘yxatda yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Hilola Buvayevaga yaqin bir-ikki oy ichida 37 ta tovuq berilgan ekan.

Hilola Buvayeva

Shundan so‘ng biz Uychi tuman hokimligida bo‘lib, tuman hokimining birinchi o‘rinbosariga yuzlandik. U tovuqlar hamon tarqatilayotganini ta’kidlab, shu paytgacha tovuqlarni qabul qilib olgan oilalarning ro‘yxatini taqdim etdi. Biz Gulbog‘ mahallasida ko‘rgan, tovuq olgan oila ham ro‘yxatda borligiga amin bo‘ldik. Hokim o‘rinbosari yangi tayinlangani sababli ta’minotchi korxona qanday tanlangani bilan bog‘liq savolimizga javob berolmadi.

Biz Namangan shahrida va Namangan tumanida ham bo‘ldik. Hokimning birinchi o‘rinbosarlari bu boradagi ishlar haqida gapirib berishdi.

Xususan, Namangan shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Isoqov mablag‘ni xalq deputatlari shahar kengashi qarori bilan ko‘chirganmiz dedi. Vaholanki, kengash qarorida «Golden egg of Namangan» MChJga pul ko‘chirish haqida gap-so‘z yo‘q. Biroq mablag‘ aynan o‘sha korxonaga ko‘chirilgan. Bu holatni Isoqov izohlay olmadi.

Rustam Isoqov

Qaror ijrosi bo‘yicha xalq deputatlari Namangan shahar kengashi kotibiyat mudiri Nosirjon Ubaydullayev bilan suhbatlashdik. Qarorda bir muhim jihat bor: parranda tarqatiladigan kambag‘al oilalar ro‘yxati kengash tasdig‘iga kiritilishi kerak. Ya’ni deputatlar hududlarda haqiqatda ehtiyojmand oilalarni biladi, taniydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, aslida muhtoj oilalarni har bir deputat o‘z hududidan tanlab, tasdiqlab, tavsiya qilishi maqsadga muvofiq. Biroq kotibiyat mudiri bilan suhbatimiz davomida angladikki, ularga oilalar ro‘yxati taqdim qilinmagan. Qaror ijrosi ayni vaqtda qaysi jarayonda ekani bilan bog‘liq savollarimizga tayinli javob bo‘lmadi.

Nosirjon Ubaydullayev

Shahar kengashi qarorida «Golden egg of Namangan» MChJga pul ko‘chirish ko‘rsatilmagani, biroq ushbu jamiyatga mablag‘ to‘lab berilgani bu jarayon xalq vakillari – deputatlar irodasi bilan amalga oshgani yoki qonun-qoidalarga to‘g‘ri kelishini shubha ostiga qo‘yadi.

Namangan tumanida ham hali parranda tarqatib bo‘linmagan. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari A’zamjon Ahmadaliyev parranda iyul oyida tarqatilgani va bitta tovuqning narxi 90-100 ming so‘mdan tushayotganini bildirdi. Bundan tashqari, uning ozuqasi uchun ham qo‘shimcha mablag‘ to‘langan.

A’zamjon Ahmadaliyev

Ma’lum bo‘lishicha, tovuqlarni iyun oyining oxiri, iyul oyining boshlarida tarqatish boshlangan. Biz tumanlar taqdim etgan ro‘yxat bo‘yicha tovuq olganlar bilan suhbatlashganimizda, ular bir oyning nari berisida tovuqlar berilganini aytib o‘tishdi.

Adolat yuzasidan aytish kerakki, tovuq olganlar tovuqlar tekin berilgani, yemi ham berilgani, veterinarlar kelib emlab ketishganini ham ta’kidlashdi.

Biz «Golden egg of Namangan» MChJ joylashgan hududga ham borib, bermoqchi bo‘lgan savollarimizga javob ola bilmadik. Rahbarlar Toshkentda degan vajni eshitdik.

Shundan so‘ng Kosonsoy tumanida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bilan mashg‘ul bo‘lib turgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Tolibjon Yusupov bilan ko‘rishdik.

Yusupov viloyatda parrandachilikni rivojlantirish, aholini kambag‘alchilikdan chiqarish borasida qilinayotgan ishlarni so‘zlab berdi. Hokim o‘rinbosari barcha tumanlar emas, faqat parrandachilikni rivojlantirish salohiyati bor tumanlardan pul ko‘chirilganini aytdi.

Yusupov tovuq tarqatish nega to‘rt-besh oyga kechikib ketganini hokim yordamchilarining aholi o‘rtasidagi so‘rovi, o‘rganishi va odamlarning aynan xonaki qora tovuq talab qilgani bilan izohladi.

Aytish lozimki, hokim o‘rinbosari bu izohi bilan mavjud vaziyatni o‘zi inkor etdi. Agar hokim yordamchilari aholi talabini o‘rgangandan keyingina qora tovuq tarqatish maqsad qilingan bo‘lsa, nega yil boshidanoq bitta MChJga pul ko‘chirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan? Nega aynan 500 mln so‘mdan? Axir o‘sha vaqtda qanday tovuqqa talab bo‘lishi, uning narxi, parrandani qaysi korxonadan olish haqida hokimliklarda ma’lumot bo‘lmagan-ku.

Demak, Yusupov kamida bizga yolg‘on gapirdi yoki tovuqlar tarqatish kechikib ketgani sababini izohlash uchun unda asosning o‘zi yo‘q.

Va eng asosiysi, viloyatda bevosita iqtisodiy masalalar, kambag‘allikni kamaytirishga mas’ul bo‘lgan Tolibjon Yusupov bu xatti-harakatlar monopoliyaga olib borishi va buning turgani bitgani iqtisodiy tanglikka olib borishini tan olmadi. Qator tumanlar YuQORIDAN maxsus topshiriq olgandek bitta MChJga avans tashlab berishini tabiiy qabul qildi. Bu holatni viloyatda bunday katta buyurtmani qabul qila oladigan boshqa korxona yo‘qligi bilan izohlab qo‘ya qoldi. Vaholanki, ushbu korxona ham talabgorlarni tovuqlar bilan o‘z vaqtida ta’minlab berolmayapti.

Savol tug‘iladi: axir halol va adolatli yo‘l bilan budjet pullariga egalik qilish uchun barcha tadbikorlar haqli emasmi? Yoki birida bor imkoniyat boshqalarida yo‘qmi? Tuxumi qimmatbaho va shifobaxsh bo‘lgan xonaki qora tovuq yetishtirish boshqalarning qo‘lidan kelmaydimi?

Biz parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi mahalliy tadbirkor “Doniyorbek oltin parranda” MChJ rahbari Ilyosxon Darveshovga yuzlanganimizda, u ham qora zotli tovuqlarni o‘sha narxlarda yetkazib bera olishini ma’lum qildi. Farqi shundaki, bu kabi korxonalar «Golden egg of Namangan» MChJ kabi yirik bo‘lmagani uchun ularga imtiyozlar berilmaydi. Ular faoliyatini kengaytirishi, rivojlanishi uchun banklar eshigida sarg‘ayadi, baland foizli kreditlar olishga majbur bo‘ladi. Vaholanki, foizsiz o‘sha mablag‘larni tuman-shaharlar o‘z hududidagi parrandachilik korxonalariga o‘tkazib berganida ham jarayon anchagina shaffof bo‘lardi. Kamiga hududlarda parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar faoliyati qo‘llab-quvvatlangan bo‘lardi.

Ilyosxon Darveshov

Albatta, prezident topshirig‘i bilan temir daftar, ayollar daftariga kiritilgan oilalarni tadbirkorlikka o‘rgatish yaxshi, lekin nima uchun qandaydir korxonalar bu ish ortidan qo‘lini isitib olishi kerak?

Tumanlar bir kunda bir xil summada mahalliy budjetning orttirilgan qismidan mablag‘ o‘tkaziladigan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi xususiy firmaga bir xil miqdorda pul o‘tkazgani viloyat darajasida topshiriq berilganidan dalolat berib turibdi.

Eng achinarlisi, tumanlar va Namangan shahridagi mahalliy kengashlarda mana shu savolni o‘rtaga tashlaydigan biror deputat topilmagani. Boz ustiga, ular o‘zlari qabul qilgan qaror qay tarzda amalga oshirilayotgani, ijrosi qay ahvolda ekaniga qiziqmagani – bu deputatlar shunchaki tepadan tushirilgan topshiriqlarni tasdiqlab beruvchi “qo‘l” ekanligidan nishona emasmi?

Biz bilan suhbatda biror bir mutasaddi «Golden egg of Namangan» yetkazib berayotgan tovuqlarning narxi qanday shakllangani haqida asosli fikr berolmadi. Agar jamiyat yetkazib berayotgan tovuqlar haqiqatan tilla tuxum qo‘ygan taqdirda ham bunday imtiyozlar nomaqbul ekanini mas’ullar negadir tushunishni istashmayapti. Aksincha, Namanganda parranda monopoliyasi shakllanishi, boshqalarga imkoniyat qoldirmaslik uchun barcha harakatlar qilinmoqda. Yangi, yosh tadbirkorlar bu maydonga kirish u yoqda tursin, yaqinlashishi ham dargumon.

Gapning indallosini aytganda, bu holat – viloyat rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan monopoliya. Naqadar ezgu niyatlarda qilinayotgan bo‘lmasin, bu ish adolatga va mavjud qonun-qoidalarga to‘g‘ri kelmaydi.

Budjet pullari qanday qilib tuya qilinayotgani esa alohida o‘rganish talab qiladigan mavzu. Bunga Bosh prokuratura va Hisob palatasi ham qarab turmasa kerak. Yana kim bilsin...

Shuhrat Shokirjonov, Isomiddin Po‘latov — Kun.uz muxbirlari.

Tasvirchi va montaj ustalari: Faxriddin Hotamov, Tohirjon Tursunov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top