13:24 / 05.09.2022
8215
Sherzod Kudbiyev - hakerlik hujumlari, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi va keshbek haqida

Soliq qo‘mitasining fuqarolar shaxsiy ma’lumotlari joylashgan serverlariga har kuni 50-60 ta hakerlik hujumlari bo‘ladi, lekin ularning birortasi bazaga kira olmagan, dedi qo‘mita raisi Sherzod Qudbiyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda. U keshbek yig‘ayotgan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari sotilishi va keshbek to‘lash tartibi qachongacha davom etishi haqidagi savollarga javob berdi.

— Fuqarolarga xarid summasidan 1 foiz miqdorida keshbek to‘lash tizimi doimiy bo‘lib qoladimi yoki Soliq qo‘mitasi qanchadir vaqtdan keyin keshbek to‘lab berishni to‘xtatmoqchimi?

— Qo‘mitaning pozitsiyasi shuki, keshbek to‘lab berish uzoq vaqt saqlanib qolishiga umid qilamiz. Chunki u o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatdi. Shu jumladan, keshbek va soliq hamkor orqali tekshiruvlar onlayn kassa mashinalari orqali aylanmani 1,6 barobar oshirish imkonini berdi.

Bu jarayon bardavomligini davom ettirishga imkoniyatimiz bor. [Yil boshidan to] bugunga kelib 1,1 mlnga yaqin fuqarolarimizga 330 mlrd so‘m keshbek to‘landi. Bu tizimni davom ettirish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.

— Keshbek yig‘ayotgan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanish, ya’ni sotib olayotgan mahsulotlari, xarid qobiliyati va vaqtiga doir ma’lumotlar tadbirkorlarga sotilmaydimi? Umuman olganda, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari qanchalik himoyalangan?

— Yaqinda ko‘rgan bo‘lsangiz, Telegram'da bir guruh chiqib, biz Soliq qo‘mitasi serverlarini bunday qildik, shaxsiy ma’lumotlarimiz bor, keshbek bo‘yicha odamlarning ma’lumotlariga ega bo‘ldik, uning bir qismini e’lon qilyapmiz, deb aytishdi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Aynan Kun.uz orqali fuqarolarimizdan iltimos qilib so‘rar edimki, har xil guruhlarga o‘zlaringizning shaxsiy ma’lumotlaringizni qo‘ymang. Agar soliq hamkor va keshbek bo‘yicha murojaat qilmoqchi bo‘lsangiz, ilovaning tepasida ID raqamingiz bor. Shuni yozib murojaat qilishingiz mumkin.

Har bir fuqaro o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishi va ochiq manbalarda ularni saqlamaslikka harakat qilishi kerak. Davlat soliq organlariga siz soliq mobil ilovasi orqali bergan ma’lumotlaringiz to‘liq xavfsiz saqlanadi. Biz bir kunda kamida 50-60 ta Dos va DDos* hujumlarini bartaraf etamiz. Dunyoning turli nuqtalaridan bu ishni qilishga harakat qilishadi.

Prezidentimiz 16 mart kuni kelganlarida biz buni namoyish etganmiz. Buning uchun maxsus guruh 24/7 rejimida ishlaydi. Aytmoqchimanki, Soliq qo‘mitasi serverlariga ta’sir ko‘rsatish – oson ish emas. Tizimlarimiz orqali Soliq qo‘mitasiga taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlar to‘liq xavfsiz saqlanishiga harakat qilyapmiz va bu bo‘yicha tinimsiz ishlayapmiz.

Aynan shunday mablag‘larning noto‘g‘ri va noo‘rin sarflanishi va birovning keshbekini birov yechib qo‘ymasligi uchun yangilik kiritdik. Davlat soliq qo‘mitasi orqali 1 mlndan ortiq keshbek to‘plab, uni yechib olmoqchi bo‘lsangiz, biz Face ID orqali yoki e-imzo orqali majburiy identifikatsiya masalasini kiritdik va ko‘pchilik buni sezdi. Odamlarda 1 million keshbek yig‘ilishi uchun o‘rtacha 100 mln so‘m atrofida xaridni amalga oshirgan bo‘lishi kerak. Shuning uchun ulardan majburiy identifikatsiya so‘rashni boshladik. Bu ham himoyani kuchaytirish uchun amalga oshirilyapti.

Turli guruhlar tomonidan e’lon qilinayotgan 10-15 ta odamning ro‘yxati ham, e’tibor qaratsangiz, turli guruhlardagi odamlarning ma’lumotlarini yig‘ib chiqishyapti. Biz bu ma’lumotlar xavfsizligini to‘liq ta’minlaganmiz. Bazalarimizga kirish hozircha hech kimning qo‘lidan kelgani yo‘q.

— Davlat soliq qo‘mitasi o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlardan tijoriy maqsadlarda foydalanadimi?

— Bu maqsadda ham biz albatta foydalanishimiz mumkin. Bu borada davlat-xususiy sherikchilik bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan. Davlat soliq xizmati organlaridagi ma’lumotlardan tijoriy maqsadlar uchun foydalanish faqatgina ma’lumot egasining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Agar uning shaxsiy roziligi bo‘lmasa, undan foydalanish qonun bilan taqiqlangan.

— Shaxsiy rozilik ilovani o‘rnatayotganda beriladimi?

— Endi u narsa har xil bo‘ladi. Foydalanuvchidan soliq organlaridagi mana bu, mana bu ma’lumotlarimdan foydalanishga ruxsat beraman, deb o‘zi bosib berishi kerak. Agar bosmasa, unday faoliyat noqonuniy bo‘ladi.

***

To‘liq intervyu bilan ushbu videoda tanishib chiqishingiz mumkin.

Ma’lumot uchun, “Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan boshlab, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari tomonidan taqdim qilingan xarid chekini “Soliq” mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolarga umumiy xarid summasining 1 foizi keshbek shaklida qaytarilmoqda.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, 2022 yil birinchi yarmida 1 097 625 nafar fuqaroga 330,8 mlrd so‘m keshbek to‘lab berilgan.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.

*Dos va DDos – xakerlar tomonidan hujum qilinayotgan server faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yish maqsadida amalga oshiriladigan harakat.

Top