23:04 / 12.09.2022
19217
Dahshatli suv toshqinlari ortidan yirik inqiroz. Pokistonda nimalar bo‘lyapti?

Pokistonda musson yomg‘irlari keltirib chiqargan favqulodda dahshatli toshqinlar mamlakatga misli ko‘rilmagan iqtisodiy zarar yetkazdi. O‘zbekistonning 5-savdo hamkori bo‘lmish mamlakatdagi vaziyat o‘zbekistonliklar uchun ham ahamiyatga ega, ayniqsa uning ta’siri kartoshka narxlarida sezilishi mumkin.

Suv toshqinlari

Pokiston hukumati 26 avgust kuni to‘xtamayotgan musson yomg‘irlari natijasida yuzaga kelgan suv toshqinlari tufayli favqulodda holat rejimini joriy etdi. Avgust oyida Sind viloyatida o‘rtacha ko‘rsatkichdan 780 foiz ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatilgan, Belujistonda esa bu ko‘rsatkich qariyb 500 foizga teng bo‘ldi.

Pokiston tarixidagi eng dahshatli suv toshqini Buyuk Britaniya maydoni kattaligidagi hududni qamrab oldi va 33 million kishi, ya’ni har yetti pokistonlikdan bittasi zarar ko‘rdi, deya xabar berdi Reuters.

Bu yilgi suv toshqinlari – Pokistonda so‘nggi yillardagi eng yomon iqlim ta’siriga uchragan tabiiy ofat – mamlakat shimolidagi tog‘lardagi rekord darajadagi kuchli yog‘ingarchilik va muzliklarning erishi sabab bo‘ldi.

Foto: Wikipedia

Iqtisodiy inqiroz

Pokistondagi toshqinlardan ko‘rgan zarar borasida dastlabki hisoblashlar 10 milliard dollardan oshdi.

Biroq rasmiylar hali ham 1300 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan katta suv toshqini narxini hisoblamoqda. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar dastlabki prognozdan kattaroq bo‘lishi mumkin.

«Yakuniy qiymatni aniqlash uchun olti-sakkiz hafta vaqt ketadi. Iqlim falokatiga rivojlangan mamlakatlarning harakatlari sabab bo‘lmoqda. Global isishga hissa qo‘shgan barcha davlatlar hozir bizga yordam berishga va tiklanishimizda yonma-yon tirishga mas’uldirlar. Bu fojia bizning aybimiz emas. Bu global isish bilan bog‘liq»,֪ – dedi mamlakatdagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish harakatlariga rahbarlik qilayotgan rejalashtirish vaziri Iqbol Ahsan Bloomberg'ga bergan intervyusida.

Valuta zaxiralarining tugashi va so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yuqori inflatsiyadan qutulgan Janubiy Osiyo mamlakati endi dahshatli tabiiy ofatdan yo‘qotishlarga duch kelmoqda. Mamlakat hududining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i suv ostida, yarim millionga yaqin odam yordam lagerlarida yashashga majbur. Hukumat ekinlar va chorva mollarining nobud bo‘lishi sababli oziq-ovqat inqirozi yaqinlashayotganidan ogohlantirdi.

Sind provinsiyasida kuchli musson yomg‘irlaridan keyin suv toshqinidan jabr ko‘rgan odamlar vayron bo‘lgan uylaridan qutqarib olindi. / Foto: AFP

Pokistonning eng muhim ekinlaridan biri bo‘lgan paxta hosilining 45 foizga yaqini nobud bo‘ldi. Mamlakat valutasining asosiy manbayi bo‘lgan to‘qimachilik sanoati uchun xomashyo importiga 3 milliard dollar sarflashiga to‘g‘ri keladi.

Xavotirlar

Oziq-ovqat narxi va import to‘lovlarining keskin oshishi Pokiston iqtisodiyotidagi tanglikni yanada kuchaytiradi. Mamlakat yaqinda yuzaga keladigan defoltning oldini olish uchun Xalqaro valuta jamg‘armasidan 1,16 milliard dollar qarz oldi.

XVJ toshqinlar ortidan umumiy vaziyat tobora yomonlashib borayotgani, oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining doimiy o‘sishi mamlakatda norozilik va beqarorlik yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Pokistondagi inflatsiya avgust oyida 27 foizdan oshib, 47 yillik eng yuqori darajaga yetdi.

Balujiston provinsiyasidagi Dera Alloh Yar shahrida kuchli musson yomg‘irlaridan keyin turar joylarni suv bosdi. / Foto: AFP – Getty Images

«Oziq-ovqat va yoqilg‘ining yuqori narxlari ijtimoiy norozilik va beqarorlikka olib kelishi mumkin», – deyiladi XVFning hisobotida. Shuningdek, unda hozirgi qiyinchiliklar sharoitida istiqbol va dasturlarni amalga oshirish uchun xavflar yuqoriligicha qolayotgani, Ukrainadagi urushning oqibatlari Pokiston iqtisodiga oziq-ovqat va yoqilg‘i narxining oshishi orqali og‘irlik qilishi ta’kidlangan.

Oddiy odamlar cho‘ntagiga zarba: hukumat yoqilg‘i narxini oshirdi

Suv toshqinlari Pokistonga ta’sir qilishda davom etar ekan, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining doimiy o‘sib borishi tufayli oddiy pokistonlik uchun ishlar har qachongidan ham qiyinlashmoqda, deb yozadi Times of India nashri.

Shahboz Sharif hukumati global neft narxining pasayishiga qaramay, Pokistonda neft mahsulotlari narxini litri uchun 3 rupiyga oshirdi.

So‘nggi paytlarda Pokistonda sabzavot narxlari ham 100 foizdan ko‘proqqa ko‘tarildi va halokatli suv toshqini tufayli istiqbollar yanada qorong‘ilashdi.

Pokiston inqirozi O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Musson yomg‘irlari oqibatida kuchli suv toshqini qurbonlari Pokiston armiyasidan yordam olish uchun Sind viloyatining Qambar Shahdadkot tumanida to‘planishmoqda. / Foto: AP

Pokistondagi toshqinlar mamlakat iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligiga yetkazgan zarari uning savdo hamkorlariga ham ta’sir qiladi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Kun.uz`ga Pokistondagi iqtisodiy inqirozning O‘zbekistonga taxminiy ta’sirlari haqida gapirib berdi.

«Qaysidir davlatda qandaydir voqea, urush yoki to‘fon bo‘lganda hamkor mamlakatlarga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan asosiy kanal savdo hisoblanadi. Biz Pokiston bilan juda ko‘p savdo qilamiz deya olmayman, ya’ni Pokistonning umumiy savdodagi ulushi yuqori emas. Faqat alohida tovarlarda Pokiston bilan aloqalarimiz ichki iste’molchilarning farovonligiga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Eksport bo‘yicha 7 oylik (yanvar-iyul) ko‘rsatkichda Pokistondan meva-sabzavot eksporti 25 mln dollarni tashkil etgan va bu umumiy meva-sabzavot eksportining 6 foizini tashkil qiladi. Ya’ni eksport juda katta ulushga ega emas, ammo o‘tgan yilga nisbatan 2,8 barobar oshgan.

To‘qimachilik mahsulotlari eksporti esa 11 mln dollarni tashkil etadi va uning ham ulushi umumiy to‘qimachilik ulushida yuqorida emas – o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga pasaygan. Umuman olganda, Pokistondan meva-sabzavot eksportining kamayishi eksportda sezilarli ulushga ega bo‘lmaydi, uning ta’siri farovonlik nuqtayi nazaridan katta bo‘lmaydi.

Pokistondagi inqirozning ikkilamchi tomondan ta’siri bo‘lishi mumkin: Pokiston bizga hamkor boshqa davlatlar bilan ham savdo qiladi – bu davlatlar bilan savdoning qisqarishi, aloqalarning ma’lum muddat sekinlashuvi bizga ham ta’sir qilishi mumkin, ammo ta’sir unchalik yuqori bo‘lmasligi, natijada eksportimiz unchalik zarar ko‘rmasligi mumkin”, – deydi iqtisodchi.

Sind provinsiyasidagi Larkana tumani / Foto: AP

Mirkomil Xolboyev O‘zbekiston Pokistondan asosan kartoshka import qilishini ta’kidlab, bu bozorda narxlar allaqachon oshishni boshlaganini bildirdi.

“Importimizga Pokistondagi to‘fonlarning sezilarli ta’siri bo‘lishi mumkin – ayniqsa, ma’lum guruh tovarlar importida. Hozirgi kunda Pokistondan asosan 3ta tovar eksport qilinadi, bular – kartoshka, mandarin va choy. Bulardan kartoshka importi eng yuqori ulushga ega. Pokistondan joriy yilning 7 oyida kartoshka importi qariyb 40 mln dollarni tashkil qilgan va bu umumiy kartoshka importining (57 mln dollar) katta qismini tashkil qiladi. Pokistondan import qilinayotgan kartoshka ichki bozorga sezilarli ta’sir o‘tkazishi mumkin. Bu ta’sirni biz sezishni boshladik, import kartoshka hajmining keskin o‘sib borishi ham e’tiborga molik – 2021 yilning 7 oyida Pokistondan qariyb 10 mln dollarlik kartoshka import qilgan bo‘lsak, 2022 yilning 7 oyida bu 4 barobar oshdi. Narx o‘zgarishiga qaraganda fizik hajm biroz kamroq o‘zgargan bo‘lishi mumkin, ammo umumiy o‘sish yuqori. Bu kartoshka iste’molimiz Pokistonga bog‘langanini ko‘rsatadi. Import kartoshkaning ichki bozordagi narxlarga ta’siri yuqori.

Pokistondan yoki boshqa davlatlardan kartoshka importi oshayotgani 2021 yilda ayrim tovarlar importi realizatsiyasiga QQSni bekor qilishga oid tartib bilan bog‘liq. Ya’ni hozirgi kirib kelayotgan kartoshka QQSsiz kirib kelgani uchun ichki bozorda ulushi jadal oshyapti, Pokistondan kelayotgan kartoshka ham shu qatorda. Bu ichki bozorda narxlar pasayishida katta rol o‘ynagani tabiiy, hozirgi to‘fonlar tufayli inqiroz sodir bo‘lishi, Pokistondan kelayotgan kartoshkani kamaytiradi. Ichki bozorda kutilgandan yuqori narx o‘zgarishi yuz berishi mumkin. Boshqa bozorlar – Qozog‘iston va Rossiyadan kirayotgan kartoshka ichki bozordagi zaruriyatni qoplab olgunicha biroz narx oshishini ko‘rish mumkin.

Iyun-iyul oyida kartoshka narxlari 10 foizgacha pasaydi, avgust oyida esa narxlar 3 foizga oshdi. Bu Pokistondan kelayotgan kartoshkaning kamaygani bilan bog‘liq. Avgustda kartoshka narxi oshishini mavsumiy xarakterga ega deyish ham mumkin. Ammo shunga qaramasdan joriy yilning avgust oyidagi narx oshishi o‘tgan yilgiga qaraganda yuqoriroq bo‘lgani Pokiston kartoshkasining ta’siri borligini ko‘rsatadi.

Xulosa o‘rnida, Pokistondagi voqealarning ta’siri umumiy agregat ko‘rsatkichlar – eksport, importning o‘sishi yoki YaIMga xatolik darajasida kichik bo‘ladi. Yuqorida aytilganidek, ommaviy iste’mol qilinadigan ba’zi tovarlar narxining o‘sishi sezilarli bo‘lishi mumkin”, – deydi Xolboyev.

«Pokiston boquvidagi Afg‘onistonda vaziyat murakkablashadi»

Iqtisodchi Otabek Bakirov Pokistondagi inqirozning O‘zbekistonga ta’siri kartoshka bilan birga, logistikada ham sezilishini yozdi.

“Pokiston oxirgi yillarda O‘zbekiston oziq-ovqat import qilinadigan TOP-5 mamlakatdan biriga aylangandi. Janubiy yo‘nalishdagi logistika va transport masalasida ham Pokistonning o‘rni biz uchun sezilarli darajada ahamiyatli”, – deydi iqtisodchi.

Shuningdek, Bakirov Pokistondagi vaziyat Afg‘onistonga ham jiddiy ta’sir qilishini prognoz qilmoqda.

“Yana bir masala Afg‘oniston bilan bog‘liq. Shartli ravishda aytganda, o‘tgan yilning avgustidan beri “Tolibon” Afg‘onistoni to‘liq Pokiston boquvida edi. Izolyatsiyadagi toliblar siyosiy, moliyaviy, texnik, qochqinlar va gumanitar masalalarda Pokistonga to‘liq qaramlashgan. Endi Pokistonning o‘zi yordamga muhtoj bo‘lib turibdi. Mustaqil budjet, moliya tizimi mavjud bo‘lmagan, harbiy, xavfsizlik va siyosiy vertikal to‘liq o‘rnatilmagan Afg‘onistonda vaziyat yanada murakkablashishi mumkin. Bu yangi chaqiriqlar yaratadi”, – deydi u.

Madina Ochilova tayyorladi.

Top