16:13 / 19.09.2022
3288

O‘zbekistondagi 98 foiz mahalla “Tashabbusli budjet”da qatnashdi – Timur Ishmetov

Timur Ishmetov / Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Moliya vaziri Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, “Tashabbusli budjet” jarayonining o‘tgan uch mavsumida bildirilgan 100 mingdan ortiq takliflar asosida aholining eng dolzarb muammolarini o‘rganishga yordam beradigan “ochiq ma’lumotlar bazasi” shakllantirilgan.

Moliya vaziri Timur Ishmetovning o‘z Twitter sahifasida yozishicha, “Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumida 9201ta mahalla (jamiga nisbatan 98 foiz) fuqarolaridan 61 mingdan ortiq loyihalar taklif qilingan. Jarayonda 7 milliondan ortiq ovozlar berilgan. Shundan, 4,3 million ovoz to‘plagan 1418 loyiha g‘olib bo‘lgan.

“Uch mavsum davomida bildirilgan 100 mingdan ortiq takliflar aholining eng dolzarb muammolarini o‘rganishga yordam beradigan “ochiq ma’lumotlar bazasi”ni shakllantirmoqda. 

Davlat rahbarining “aholi bilan bamaslahat qilinadigan loyihalar ko‘lamini kengaytirish” bilan bog‘liq topshiriqlariga asosan “Tashabbusli budjet” faqatgina takomillashtirib boriladi”, deya qo‘shimcha qilgan Ishmetov.

Ma’lumot uchun, “Tashabbusli budjet” jarayonining ikkinchi mavsumidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 1 trillion 62 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Top