08:35 / 20.09.2022
3519

Bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi o‘zgarmoqda

Foto: Kun.uz

DBQning “Bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish yo‘riqnomasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar bojxona qiymatini aniqlash usulidan kelib chiqqan holda deklaratsiya ustunlarini to‘ldirish tartibini, ilova qilingan hujjatlar ro‘yxati va shartlarini belgilaydi. 

Bojxona qiymatini 1-usul bo‘yicha aniqlashda xavf o‘rta yoki yuqori darajasi aniqlangan hollarda, hujjatlar ro‘yxatini taqdim etish talab qilingan bo‘lsa, endilikda bunday xavf aniqlanganda hujjatlar faqatgina e’lon qilingan bojxona qiymati mazkur usul bo‘yicha so‘nggi 90 kalendar kun ichida olib kirilgan bojxona qiymatidan past bo‘lgan taqdirda taqdim etiladi. Ushbu davr bo‘yicha ma’lumot bo‘lmagan taqdirda, taqqoslash uchun 180 kalendar kun ichida olib kirilgan tovarlar narxidan foydalanilishi mumkin.

Ushbu hollarda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: jo‘natuvchi mamlakat bojxona deklaratsiyasi; baholangan tovarlarni yetkazib berishga aloqador uchinchi shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar; baholanayotgan tovarlarni yetkazib berishga aloqador uchinchi shaxslar tomonidan beriladigan to‘lov hisobvaraqlari.
 
Bunday hujjatlarni taqdim etish iloji bo‘lmasa (bojxona deklaratsiyasi bundan mustasno), hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab oluvchi xaridor yoki sotuvchi yozma tushuntirishlari qabul qilinishi mumkin.

Endilikda 1-usul bo‘yicha bojxona qiymatini aniqlashda bitim taraflari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik yo‘qligini tasdiqlash uchun ixtiyoriy ravishda taqdim etilishi mumkin bo‘lgan quyidagi hujjatlar ko‘rsatiladi:

  • O‘zbekiston bojxona hududiga olib kirish uchun sotuvchi bilan bog‘liq bo‘lmagan xaridorlarga sotilganda bir xil yoki o‘xshash tovarlar narxini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • 4- yoki 5-usullar bilan aniqlangan aynan bir xil yoki o‘xshash tovarlar bojxona qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • sotuvchi tomonidan O‘zbekistondan tashqari boshqa mamlakatlarga jo‘natilgan aynan bir xil tovarlar to‘g‘risida ma’lumot.

2- yoki 3-usul bo‘yicha bojxona qiymatini aniqlashda tuzatish kiritish lozim bo‘lgan hollarda, deklaratsiyani amalga oshiruvchi shaxs tovarni O‘zbekiston bojxona hududiga yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etadi. Ushbu hujjatlar tovarlarni yetkazib berish shartlari, transport turi yoki geografik manzilida farq bo‘lganda taqdim etilishi mumkin. 

Misol uchun: EXW va CIP shartlari o‘rtasida tafovut bo‘lsa; transport turi uchun havo transporti va avtotransport o‘rtasida farq bo‘lsa.

Ma’lumotlar bir-biriga to‘g‘ri keladigan yoki miqdoriy jihatdan yaqin bo‘lgan hollarda, bojxona organlari 2- yoki 3-usulni qo‘llash uchun bojxona qiymatini taqdim etganda mazkur hujjatlar taqdim etilmasligi mumkin.

Bojxona qiymatini hisoblash uchun muqobil manbalar sifatida quyidagilardan foydalanish mumkin: rasman chop etilgan ma’lumotnomalar; byulletenlar; birja kotirovkalari; ishlab chiqaruvchilar yoki yetkazib beruvchilar narx-varaqlari, ular assotsiatsiyalari yoki birlashmalari yig‘ma narxlar ma’lumotnomalari; tovar ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyalar, ular rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan dilerlari yoki distribyutorlari ma’lumotlari, narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish davlatlararo axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan mamlakatlar vakolatxonalari ma’lumotlari; baholash faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilgan baholash hisobotlari; ichki bozorni o‘rganish dalolatnomalari; narxlar kon’yunkturasini xolis shakllantiradigan umumiy foydalaniladigan narxlar to‘g‘risida ma’lumotlar boshqa ishonchli manbalari.

Bojxona kodeksiga muvofiq olib kiriladigan tovar bojxona qiymatini aniqlash quyidagi oltita usulni qo‘llash orqali amalga oshiriladi: olib kiriladigan tovarga doir bitim qiymati bo‘yicha – I usul; aynan bir xil tovarga doir bitim qiymati bo‘yicha – II usul; o‘xshash tovarga doir bitim qiymati bo‘yicha – III usul; qiymatlarni chegirib tashlash asosida – IV usul; qiymatlarni qo‘shish asosida – V usul; zaxira usul – VI usul.

Top