10:51 / 23.09.2022
38995

Ramzan Qodirov: Chechenistonda safarbarlik bo‘lmaydi

Checheniston rahbarining ta’kidlashicha, respublika odamlarni urushga jo‘natish rejasini «oshirib bajargan» va shuning uchun unda safarbarlik amalga oshirilmaydi.

Foto: AP

Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovning aytishicha, respublikada safarbarlik amalga oshirilmaydi, chunki Checheniston urush paytida «rejani ortig‘i bilan bajardi». Bu haqda 22 sentabr, payshanba kuni «Grozniy» ChGTRK telekanalida ko‘rsatilgan syujyetga tayanib, «Kavkaz.Realii» xabar berdi.

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush davrida 20 ming chechen jangovar harakatlarda qatnashdi, shuning uchun respublika allaqachon «rejani 254 foizga ortig‘i bilan bajargan». Qodirov qanday reja haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada kerak bo‘lsa urushga ham keta oladigan «minglab ko‘ngillilar zaxirasi» mavjud. «Aholi bunday muammolar paydo bo‘lishi mumkinligiga hatto o‘ylamagan ham edi, ammo biz allaqachon hamma narsani hal qilib qo‘yganmiz», dedi Qodirov va «Checheniston Respublikasi aholisini xotirjam bo‘lishga» chaqirdi. 

«Grozniy» ChGTRK telekanalida namoyish etilgan syujyetda Qodirov bir kun avval Grozniyda urushga qarshi miting o‘tkazmoqchi bo‘lgan 40 ga yaqin ayolning qarindoshlari allaqachon safarbar qilinganini va Ukrainaga jo‘natilganini aytdi, deb yozadi «Kavkaz.Realii». Bu haqda avvalroq 1ADAT muxolifat harakati vakili Ibrohim Yangulboyev xabar bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ayollarning qarindoshlari go‘yoki ko‘ngilli sifatida ro‘yxatdan o‘tganliklari haqidagi hujjatlarga imzo chekishga majbur bo‘lgan.  

  • 15 sentabr kuni Qodirov Rossiya mintaqalari rahbarlarini Kreml ko‘rsatmalarini kutmaslikka va Ukrainadagi urushga ming nafardan ko‘ngillini jo‘natib, «o‘zini o‘zi safarbar qilish»ga chaqirdi.
  • Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 sentabr kuni mamlakatda «qisman safarbarlik» boshlanganini e’lon qildi. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shinlarga 300 mingga yaqin odamni chaqirish rejalashtirilgan. Rossiyaning ko‘plab shaharlarida safarbarlik e’lon qilinganidan keyin norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, mamlakatdan uchib ketish uchun aviachiptalarga talab keskin oshgan.
Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top