14:29 / 24.09.2022
40633

Polsha prezidentining o‘limiga sabab bo‘lgan halokat: yuzga yaqin mansabdor o‘tirgan samolyot nega qulab tushgandi?

2010 yil 10 aprel kuni Polsha poytaxti Varshavadan Rossiyaga parvoz qilayotgan Tu-154 samolyoti Smolenskdagi aerodrom yaqinida halokatga uchraydi. Oqibatda 8 nafar ekipaj a’zosi va 88 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlar orasida Polsha prezidenti Lex Kachinski, uning rafiqasi, yuqori lavozimdagi mutasaddilar va harbiylar bor edi.

Foto: zpravy.aktualne.cz

1940 yilda Smolensk shahri yaqinidagi Katinsk o‘rmonida sovetlar tomonidan 20 mingdan oshiq polyak harbiy asirlari qatl etiladi va ommaviy qabrlarga ko‘mib yuboriladi.

SSSR tarqab ketgandan so‘ng Rossiya polyak harbiylarining ommaviy qatl etilishi bilan bog‘liq hujjatlarni oshkor qiladi. Shundan so‘ng Katinsk o‘rmonidagi polyak harbiylari ko‘mib yuborilgan joyda qabriston tashkil etildi va yodgorlik o‘rnatildi.

Har yili mart-aprel oylarida bu qabristonga o‘z yaqinlarini yod etish uchun ko‘plab polshaliklar kelib-ketishadi. 2010 yilda Polsha prezidenti Lex Kachinski Katinskda qatliom bo‘lgan polyak harbiylarini yod etish uchun kelganda u o‘tirgan Tu-154 Smolensk yaqinidagi aerodrom yaqinida halokatga uchraydi. Oqibatda Polsha prezidenti bilan birga samolyotda bo‘lgan barcha halok bo‘ladi.

Foto: zpravy.aktualne.cz

Katinsk qatliomi

1939 yil 23 avgust kuni Moskvada fashistlar Germaniyasi va SSSR o‘rtasida Sharqiy Yevropada joylashgan bir qator davlatlarni birga bosib olish va o‘zaro taqsimlash haqida sovet-german shartnomasi imzolanadi.

1939 yil 1 sentabr kuni Gitler Germaniyasi, 17 sentabr kuni sovet qo‘shinlari Polshaga bostirib kiradi va sanoqli kunlarda bu davlat bosib olinadi. Shundan so‘ng bir necha oy ichida Germaniya va SSSR tomonidan Chexoslovakiya, Ruminiya, Vengriya kabi davlatlar bosib olinadi.

SSSR o‘zi egallagan hududlarda asir tushgan harbiylarni avvaliga qamoqxonalarga joylaydi. Keyin barcha harbiy asirlar NKVD qoshida tashkil etilgan «troyka» qarorlari bilan otib tashlanadi.

Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 1940 yilning bahorida bir necha o‘n ming nafar chex, slovak, rumin, venger harbiylari bilan birgalikda 21 857 nafar polyak harbiy asirlari NKVD xodimlari tomonidan qatliom qilingan. Ularning asosiy qismi Smolensk viloyatida joylashgan Katinsk o‘rmonida otilgan va ommaviy qabrlarga ko‘mib yuborilgan.

1940 yil 3 mart kuni NKVD boshlig‘i Beriya Butunittifoq kompartiya markaziy qo‘mitasiga harbiy asirlarni qatl etish taklifini beradi.

1940 yil mart oyi boshlarida siyosiy byuro tomonidan Beriyaning harbiy asirlarni otib tashlash haqidagi taklifi ko‘rib chiqiladi va qatliomga ruxsat beriladi.

Shundan so‘ng NKVD xodimlari mart-aprel oylarida bir necha o‘ng ming harbiy asirlarni qatl etib, ko‘zdan pana bo‘lgan o‘rmonlardagi ommaviy qabrlarga ko‘mib tashlashadi. Asirlarning aksariyati Katinsk o‘rmonida otilgani uchun tarixda bu ish «Katinsk qatliomi» nomi bilan qoldi.

Urushdan so‘ng Polshada zo‘rlik bilan kommunistik tuzum o‘rnatiladi. O‘sha paytda Katinsk o‘rmonida sodir etilgan qatliomni eslashning mutlaqo iloji yo‘q edi. 1989 yilda Polshada kommunistik partiya gegemonligi tugatiladi. Tuzum o‘zgargach, tarix kitoblari boshqatdan yozila boshlaydi.

Sovetlarga sadoqat bilan xizmat ko‘rsatgan polyaklarning aksariyati vatan xoini sifatida ta’riflanadi va 1939 yilda Germaniya hamda SSSR armiyasiga qarshi jang qilganlar milliy qahramonlar darajasiga ko‘tariladi. Shu jumladan, Katinsk o‘rmonlarida qatl etilgan harbiylar ham.

1992 yilda Rossiya Katinsk qatliomiga tegishli barcha hujjatlarni oshkor qiladi. Ammo qatliom uchun javobgarlikni tan olmaydi.

Shundan so‘ng Katinsk o‘rmonlarida qatl etilgan harbiylarning shaxsini aniqlash bo‘yicha ishlar boshlab yuboriladi. Bundan tashqari, Katinsk o‘rmonidagi ommaviy qabristonga yodgorlik o‘rnatiladi va har yili mart-aprel oylarida ko‘plab polyaklar bu yerga yaqinlarini yod etish maqsadida kela boshlaydi.

Katinsk o‘rmoniga o‘rnatilgan monument / Foto: rostov.kp.ru

Polsha prezidenti o‘tirgan samolyotning halokatga uchrashi

2010 yilda Katinsk qatliomiga 70 yil bo‘lishi munosabati bilan Polsha hukumati Katinsk o‘rmonidagi qabristonga ko‘milgan polyak harbiylarini yod etish uchun maxsus tadbirlar o‘tkazishni rejalashtiradi.

Rejaga ko‘ra Smolenskka avval Polsha bosh vaziri Donald Tusk boshchiligidagi hukumat a’zolari, turli vazirlar va ularning o‘rinbosarlaridan iborat delegatsiya kelib ketadi.

O‘shanda Donald Tuskni Rossiya bosh vaziri Vladimir Putin kutib oladi va 2010 yil 7 aprel kuni qatliom qilingan polyak harbiylarini yod etish marosimida birga qatnashadi.

Oradan uch kun o‘tib, 2010 yil 10 aprel kuni Polsha prezidenti Lex Kachinski va uning rafiqasi, mamlakat armiyasi qo‘mondonlari, taniqli polyak siyosatchilari va diniy arboblardan iborat 88 kishilik delegatsiya Polsha hukumatiga qarashli Tu-154 samolyoti bilan Rossiyaga qarab parvoz qiladi.

Lex Kachinski rafiqasi bilan / Foto: regnum.ru

Tu-154 samolyoti 1990 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, halokatgacha polyaklarga 20 yil xizmat qilgandi. Samolyot jami 5 004 soat parvoz qilib, 3 823 ta uchish-qo‘nishni amalga oshirgan, 2009 yilda Rossiyaning Samara shahrida ko‘rikdan o‘tkazilgan va ta’mirdan chiqarilgandi.

Samolyotni tajribali ekipaj boshqargan va halokatdan uch kun oldin Polsha bosh vaziri Donald Tusk boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi ham Slolenskga shu samolyotda kelib ketgandi.

Varshavadan mahalliy vaqt bilan soat 05:27 da parvoz qilgan samolyot Belarus osmoni bo‘ylab uchadi va soat 06:41 da Smolensk yaqiniga yetib keladi.

O‘sha paytda Smolenskda havo juda qalin bulut bilan qoplangan, shahar tepasida ko‘ruvchanlik bor-yo‘g‘i 50 metr, aeroportda esa 300 metr bo‘lgan.

Aeroport dispetcheri ko‘ruvchanlik juda past bo‘lgani uchun Tu-154 uchuvchilariga Minsk yoki Vitebskdagi zaxira aerodromiga qo‘nishni taklif qiladi. Ammo uchuvchilar taklifni rad etishadi.

Vitebsk va Smolenskning orasi 120 kilometrdan oshiqroqni, Minsk va Smolensk orasi esa 300 kilometrni tashkil etadi. Tu-154 ortga qaytsa Minskga yarim soatda, Vitebskga 10 minutda yetib borardi. Ammo negadir uchuvchilar har ikkala taklifni ham rad etishadi.

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli Tu-154 Smolensk aeroportiga qo‘na olmay, shahar tepasida aylana boshlaydi. Samolyotda yoqilg‘i kam qolganda dispetcherlar Tu-154 Minsk yoki Vitebskga yetib borolmasligini aytib, uchuvchilarga Smolensk yaqinidagi bo‘sh aerodromga qo‘nishni taklif etishadi.

Uchuvchilar bu taklifni qabul qilishadi. Ammo Smolensk yaqinidagi aerodromga qo‘nishga urinish muvaffaqiyatsiz chiqadi. Tu-154 aerodrom yaqinidagi o‘rmonga qulab tushadi va yona boshlaydi.

Foto: lenta.ru

Halokat sodir bo‘lgandan so‘ng 20 daqiqa o‘tib hodisa joyiga o‘t o‘chiruvchilar yetib kelishadi. Olovni o‘chirishda uchta samolyot, 124 ta turli texnika va jami 800 nafar xodim qatnashadi. Olov o‘chirilgandan so‘ng samolyot bortida bo‘lgan barcha halok bo‘lgani oydinlashadi.

Halokat sabablari

2010 yil 10 aprel kuni halokat sabablarini o‘rganish uchun qo‘shma komissiya tashkil etiladi. Komissiyaning xulosasiga ko‘ra Tu-154 halokatiga noqulay ob-havo sabab bo‘lgani aytiladi. Ammo boshqa taxminlar ham bildirilgan.

Jumladan, ayrimlar halokatga Lex Kachinski uchuvchilarga bosim o‘tkazgani sabab bo‘lgan deyishadi va 2008 yilda Rossiya Gruziyaga bostirib kirgan paytda sodir bo‘lgan voqeani misol qilib keltirishadi.

2008 yil 8 avgust Rossiya Gruziyaga bostirib kiradi va 3 kun davom etgan urushda gruzinlar yengiladi. 12 avgust kuni Lex Kachinski, Litva prezidenti Valdas Adamkus, Estoniya prezidenti Toomas Xendrik Ilves, Ukraina prezidenti Viktor Yushenko va Latviya bosh vaziri Ivar Godmanis Mixail Saakashvili bilan birdamliklarini bildirish uchun Polsha prezidentining samolyoti bilan Gruziyaga otlanishadi.

Foto: twitter.com

Rejaga ko‘ra samolyot Ozarboyjonga qo‘nishi va davlat rahbarlari Tbilisigacha boshqa transportda ketishlari kerak edi. Ammo Lex Kachinski uchuvchiga samolyotni Ozarboyjonga emas, Tbilisi aeroportiga qo‘ndirishni buyuradi.

Uchuvchi samolyot bortida bo‘lgan prezidentlar hayotini xavf ostiga qo‘yishni xohlamaydi va Kachinskining buyrug‘ini bajarishdan bosh tortadi. Samolyot Ozarboyjonning Ganja shahridagi aeroportga qo‘nadi, davlat rahbarlari Tbilisigacha avtomobillarda ketishadi.

Ana shu voqeadan so‘ng Lex Kachinski o‘zi uchayotgan samolyotning uchuvchilariga doimo bosim o‘tkazib kelgani haqida gap-so‘zlar tarqaladi.

Jumladan, keyinchalik samolyotning qora qutisidagi ovozlar eshitib ko‘rilganda Samolyot osmonda aylanib turganda uchuvchilar kabinasiga delegatsiya tarkibida bo‘lgan ikki kishi kirgani ma’lum bo‘ladi.

Ular uchuvchilarga Tu-154 ni Smolensk aeroportiga qo‘ndirishni buyuradi, ular ko‘rish darajasi juda pastligini aytib, buyruqni bajarishdan bosh tortishadi.

Yana bir guruh mutaxassislar (asosan ruslar) Tu-154 halokatiga noqulay ob-havo sabab bo‘lgan deyishadi. O‘sha kuni Smolensk shahri osmoni qalin bulutli, shaharni esa tuman qoplagan edi. Ana shunday sharoitda mo‘ljalni to‘g‘ri ololmagan uchuvchilar aerodrom yaqinidagi o‘rmonga o‘tib ketgan deyishadi.

Asosan polshaliklardan iborat mutaxassislar samolyot Rossiya harbiy havo kuchlari tomonidan urib tushirilgan degan versiyani ham bildirishgan.

Ular samolyot aerodrom tepasida juda pastlab uchgan va shunchaki qulab tushganda halokat ko‘lami buncha katta bo‘lmasdi va yo‘lovchilarning bir qismi tirik qolardi deyishadi.

Halokat yuz bergan joyga o‘sha paytda Rossiya bosh vaziri bo‘lgan Vladimir Putin ham kelgan edi. / Foto: vladtime.ru

Ularga ko‘ra, SSSR tarqagandan so‘ng Polsha Rossiya bilan doimo sovuq munosabatda bo‘lib kelgan. Shu sababli Polsha prezidenti, yuqori lavozimli harbiylar bitta samolyotda ketayotganda ularni yo‘q qilish uchun juda qulay vaziyat yuzaga kelgan va bundan Rossiya unumli foydalanib qolgan.

Davlat rahbarlari boshqa bir davlatga rasmiy tashrif bilan borsa, uning parvoz vaqtidagi xavfsizligi ta’minlanadi. Lex Kachinski boshliq delegatsiya esa Smolenskka norasmiy ravishda kelayotgan edi.

Bu holatda mezbon mamlakat xavfsizlikni yuqori darajada ta’minlab qo‘yishga majbur bo‘lmaydi. Hodisada Rossiyani ayblayotgan polyaklar ruslar shundan foydalanib qolgan degan ayblovlarni ham ilgari surishgan.

Tu-154 halokatini Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi mutaxassislari ham o‘rganadi. Ularning hisobotida ham halokatga noqulay ob-havo sabab bo‘lgani keltiriladi. Ammo Lex Kachinskining egizagi, taniqli polyak siyosatchisi Yaroslav Kachinski Polsha-Rossiya qo‘shma komissiyasi xulosasini ham, Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi hisobotini ham tan olmasligini ma’lum qiladi.

Egizak siyosatchilar - Lex Kachinski va Yaroslav Kachinski / Foto: newstatesman.com

Hodisa polshalik mutaxassislar tomonidan ham bir necha marta o‘rganilgan. Ular tomonidan e’lon qilingan xulosalarda ham halokatga noqulay ob-havo sabab qilib ko‘rsatilgan. Ammo bunday xulosalar bir necha bor bekor qilingan va hodisa sabablari qaytadan o‘rganilgan.

Yaroslav Kachinski va boshqalar halokatda Smolensk aerodromidagi dispetcherlarni ayblashgan. Ular rossiyalik harbiy dispetcherlar Polsha prezidenti o‘tirgan samolyotga noto‘g‘ri yo‘nalish bergan deb hisoblashlarini bildirishgan.

2015 yilda Polsha harbiy prokuraturasi Smolenskdagi aerodromda parvozlarni boshqarishga mas’ul bo‘lgan ikki nafar rossiyalik harbiy zobitga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atadi.

2017 yilda Smolensk aerodromida ishlaydigan ikki nafar harbiy dispetcherga ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida xabar beriladi. Varshavada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Polsha Bosh prokurori Smolensk aerodromidagi harbiy dispetcherlar samolyotni ataylab halokatga yo‘llaganini aytadi.

Smolenskda qulab tushgan Tu-154 / Foto: liveinternet.ru

Keyinchalik, Tu-154 2009 yilda Samaradagi korxonada Rossiya xavfsizlik xizmati xodimlari nazorati ostida ta’mirlangan paytida unga portlovchi modda o‘rnatilgani va samolyot qulab tushishdan avval havoda portlab ketgani haqidagi gaplar ham o‘rtaga chiqadi.

Rossiya tomoni o‘sha paytda barcha ayblovlarni rad etgan va halokatga noqulay ob-havo sharoitida uchuvchilar xatoga yo‘l qo‘ygani sabab bo‘lganini aytib keladi. Hodisadan keyin Polsha-Rossiya munosabatlari ancha sovib ketadi.

Halok bo‘lgan yuqori lavozimli shaxslar

  • Lex Kachinkski – Polsha prezidenti
  • Mariya Kachinskaya – Polsha prezidenti rafiqasi
  • Vladislav Stasyak – Polsha prezidenti administratsiyasi rahbari
  • Anjyey Kremer – Polsha tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari
  • Slavomir Skshipek – Polsha milliy banki raisi
  • Anjyey Blasik – Polsha harbiy havo kuchlari bosh qo‘mondoni
  • Tadeush Buk – Polsha quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni
  • Frantishek Gongor – Polsha armiyasi bosh shtabi qo‘mondoni
  • Anjyey Karveta – Polsha harbiy dengiz kuchlari qo‘mondoni
  • Stanislav Komorovski – Polsha Mudofaa vaziri o‘rinbosari
  • Vlodzimej Potasinski – Polsha armiyasidagi maxsus qo‘shinlar qo‘mondoni
  • Aleksandr Shiplo – Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari
Lex Kachinski, uning rafiqasi va halokatda vafot etgan yuqori lavozimli mutasaddilar / Foto: fb.ru

Bundan tashqari, delegatsiya tarkibida ko‘plab armiya qo‘mondonlari, Polsha parlamenti deputatlari, jamoat arboblari va turli nodavlat tashkilotlar rahbarlari, shuningdek diniy arboblar bo‘lishgan.

O‘liklarni talash (Kafando‘zlik)

Halokat sodir bo‘lganidan bir necha kun o‘tib Polsha ichki xavfsizlik agentligiga Smolenskda halok bo‘lgan Anjyey Pshevoznikning xotini erining kartasidan kimdir foydalanayotgani haqida xabar beradi.

Birinchi tranzaksiya halokatning ertasi kuni amalga oshirilib, noma’lum shaxs bir necha kun davomida kartadan 60 ming rubl miqdorda pul yechib oladi. (O‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 2 ming dollardan oshardi – muallif izohi.)

Shundan so‘ng Polsha tomoni Rossiya huquqni himoya qilish organlariga murojaat qiladi. 2010 yil 6 iyun kuni Polsha hukumati matbuot kotibi Rossiyada Smolenskda sodir bo‘lgan halokatda vafot etganlarning kartalari va pullarini o‘marishda gumonlab uch nafar OMON xodimini qo‘lga olganini ma’lum qiladi.

Foto: lenta.ru

O‘sha kuni Rossiya IIV matbuot xizmati bu xabarni inkor etadi. Ikki kundan keyin Rossiya armiyasiga muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan 4 nafar askarga o‘g‘rilik uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Ular halokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan harbiylardan bo‘lishgan.

Rossiya tergov qo‘mitasi matbuot xizmati jinoyat ishi ochilgan harbiylarning yonidan Smolenskda halok bo‘lgan polyaklarga tegishli bank kartalari topilganini ma’lum qiladi.

Bundan tashqari, samolyotda bo‘lganlarning tilla va boshqa qimmatbaho buyumlari yo‘qolgani haqida xabarlar beriladi.

Lex Kachinskini xotirlab

2010 yil 11 aprel kuni Lex Kachinskining jasadi Varshavaga olib ketiladi. Polshada motam kunlari e’lon qilinadi. Bir necha kundan keyin u dafn etiladi. Qolganlarning jasadi ham 24 aprelgacha Polshaga jo‘natiladi.

Polsha prezidenti vafoti munosabati bilan dunyoning qariyb barcha davlatlari hamdardlik bildirishadi. Shu jumladan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ham Polsha hukumatiga hamdardlik maktubi yuboradi.

2010 yil 18 aprel kuni Lex Kachinski va uning rafiqasi dafn etiladi va marosimda Yevropadagi aksar davlat va hukumatlar rahbarlari qatnashadi.

Vladimir Putin Lex Kachinskining dafn marosimida

Keyinchalik Polshada o‘nlab shaharlarda, shuningdek, Ukrainada Odessa, Xmelnitskiy, Jitomir, Gruziyada Tbilisi va Kutaisida, Moldaviya poytaxti Kishinyovda, Litva poytaxti Vilnyusdagi ko‘chalarga Lex Kachinski nomi beriladi.

Bundan tashqari, halokat haqida bir nechta badiiy va hujjatli film ishlanadi. Ulardan birini rossiyalik rejissyor, yana birini National Geographic suratga oladi.

Yangi prezident

Lex Kachinski vafot etgan 10 aprel sanasidan boshlab konstitutsiyaga muvofiq uning o‘rnini Polsha parlamenti spikeri Bronislav Komarovski egallaydi.

O‘sha yili 20 iyun navbatdan tashqari prezidentlik saylovini o‘tkazish kuni etib belgilanadi. Unda bir qator nomzodlar qatori Komarovski va Yaroslav Kachinski ham o‘z nomzodini qo‘yadi va ikkalasi eng ko‘p ovoz olib, ikkinchi turga o‘tadi.

Ikkinchi turda Komarovski 53 foiz, Yaroslav Kachinski 47 foiz ovoz oladi va Komarovski Polshaning navbatdagi prezidenti etib tayinlanadi.

Bronislav Komarovski / Foto: cnn.com

Ayni damda Polshaga 2015 yildan buyon prezidentlik qilib kelayotgan Anjyey Duda rahbarlik qilmoqda. U 2020 yilda o‘tkazilgan saylovda ham g‘alaba qozonib, ikkinchi muddatga prezident etib saylandi.

73 yoshli Yaroslav Kachinski esa 2020 yildan buyon Polsha vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari hamda Mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mita raisi lavozimlarida ishlamoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top