17:43 / 26.09.2022
26354
Dog‘istonda namoyishlar, Checheniston tinch. Qodirov safarbarlikni nega bekor qilgandi?

Dog‘istonda bir necha kundan buyon safarbarlikka qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Ayniqsa ayollar bolalari va erlarini urushga yuborishga qarshi bo‘lib, keskin norozilik bildirishmoqda.

Foto: YELENA AFONINA/TAS

Ammo Dog‘istonga diniy e’tiqod, an’analar va madaniy jihatdan eng yaqin bo‘lgan boshqa hudud Chechenistonda vaziyat sokin. Chunki Ramzan Qodirov respublikada safarbarlik bo‘lmasligini aytdi. Urush vaqtida eng faol hududiy rahbar bo‘lgan Qodirov nega hamma hududlardan frontga odam yig‘ilayotganida o‘z respublikasida safarbarlik bo‘lmasligini aytdi?

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyada e’lon qilingan qisman safarbarlik Chechenistonga taalluqli emasligini bildirib, hudud «safarbarlik rejasini 254 foizga bajargani»ni qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika aholisi avvalboshdan «vatanparvarlik ko‘rsatgani uchun» shunday natijaga erishilgan.

Qodirov hech bir chechenistonlikning uyiga chaqiruv qog‘ozi bormasligi, ammo «kim o‘zini erkak va musulmon deb hisoblasa, bu zulmga qarshi turishi lozimligi»ni ta’kidladi. «Checheniston xalqini, xususan, sevimli onalarimizni xotirjam bo‘lishga chaqiraman», dedi Qodirov.

Putin mamlakatda qisman safarbarlik e’lon qilishidan biroz avval aynan Ramzan Qodirov Rossiyada safarbarlik joriy qilinishi lozimligi, hududlar buni kutmay o‘zlari safarbarlik borasida tashabbus ko‘rsatib, ko‘ngilli tarzda frontga odam jo‘natishi darkorligini aytgandi. «Hududlar Rossiyada harbiy holat e’lon qilinishi yoki maxsus harbiy amaliyot (Rossiyada urushni shunday atashadi – tarj.) tugashini kutib o‘tirishi kerak emas. Hech bo‘lmasa ming kishilik ko‘ngillilarni tayyorlab yuborish kerak», degandi Checheniston rahbari.

Namoyishkorlik kayfiyati

Ekspertlar fikricha, Qodirov Chechenistonda safarbarlik bo‘lmasligi haqida aytishiga sabablardan biri - hududdagi onalar namoyishga chiqishga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqalgani bo‘ldi.

20 sentabr kuni internetda ayollar chechen tilida respublikadagi markaziy masjid oldiga chiqib «o‘g‘illari yo‘q bo‘lib ketishiga qarshi» namoyish uyushtirishga chaqirgan audio tarqaldi. Namoyish bo‘lib o‘tgani haqida dalillar yo‘q, lekin mustaqil manbalarning yozishicha, masjid atrofi politsiya tomonidan o‘rab olinib, to‘planishga uringan o‘nlab ayollar qo‘lga olingan ham.

Ramzan Qodirov esa 21 sentabr kuni chiqish qilib, chindan 10-15 chog‘li ayol ko‘chaga chiqqanini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chechen ayollari «namoyishlarning yevropalik tashkilotchilaridan olingan sariq chaqa evaziga» shunday qilgan. Qodirov «bu ayollarning erlari xotinlarini uddalay olmaydigan ahvolda ekan, ularni «maxsus harbiy amaliyot»ga yuborish kerakligi»ni qo‘shimcha qildi.

Qodirov namoyishlar to‘lqinining oldini oldimi?

«Chechenistonda onalar o‘g‘illari safarbarlikka jalb qilinishiga qarshi namoyishga chiqishdi hamki, Qodirov respublikada hech qanday safarbarlik bo‘lmasligi haqida aytib, ularni ortga qaytargan bo‘ldi. Ya’ni namoyishlar besamar ketmagan», deb yozadi o‘z kanalida siyosatchi Abbos Gulyamov.

Qodirovning g‘azabiga yo‘liqqan sudyalar oilasi a’zosi Abubakr Yangulbayev ham o‘z kanalida Qodirov namoyishlar to‘lqinini qaytarish uchun safarbarlikni bekor qilgani haqida yozdi. U «Safarbarlik to‘g‘risidagi» qonunda «rejani ortig‘i bilan bajarish» yoki «kerakli odamlarni to‘plash rejasi» kabi bandlar yo‘qligini eslatgan. Yangulbayevning fikricha, bugungi kunda hatto safarbarlik kategoriyalariga to‘g‘ri kelmaydigan odamni ham urushga olib ketishlari hech gap emas.

Yana bir ismini oshkor qilishni istamagan jamoat tashkiloti xodimi hukumatni tanqid qilganlar keskin qatag‘onga uchrayotganiga qaramay, Qodirov bu galgi namoyishlar to‘lqinini jiddiy xavf sifatida qabul qilgan.

Qodirovning boshqaruvi vaqtida bungacha ham bir marta hukumat roziligisiz jiddiy namoyish bo‘lib o‘tgan. 2018 yil chechenistonliklar Yusuf Temurxonovning o‘ldirilishi ortidan namoyishga chiqqandi. Yusuf 2000-yillarda chechen qizni o‘g‘irlash va o‘ldirishda ayblangan Rossiya armiyasi polkovnigi Yuriy Budanovni o‘ldirgani uchun qamalgan va qamoqxonada jonsiz holda topilgandi.

«O‘shanda Qodirov avvaliga holat yuzasidan munosabat bildirmagan, ammo janozaga juda ko‘p odam to‘planib ketganini ko‘rib, vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolgan va Yusuf Temurxonovni qahramon deb e’lon qilgandi. Hozir ham shunga o‘xshash holat. Qodirov chechen onalarga ularning o‘g‘illarini tortib olmasligini aytmoqda, lekin bu unga ko‘ngilli ko‘rinishida Ukrainaga askar yuborishda davom etishiga xalaqit bermaydi», deydi yuqorida ismini oshkor qilishni istamagan jamoat tashkiloti xodimi.

Dog‘istondagi voqealar Qodirov haq bo‘lganini ko‘rsatdimi?

Rossiyada Putin qisman safarbarlik e’lon qilgach, 30 dan ortiq hududlarda norozilik namoyishlari o‘tkazildi, minglab odamlar qo‘lga olindi, hatto Irkutskda 25 yoshli yigit harbiy komissarni otib qo‘ydi, lekin aynan Dog‘istonda namoyishlar juda keskin tus oldi. Dog‘istonliklar respublikadagi asosiy trassani to‘sib qo‘yishdi, hatto ayollar politsiyaga kuch ishlatib, safarbarlikka qarshi ekanliklarini ko‘rsatishdi.

Dog‘istondagi holat Chechenistonda ham takrorlanishi mumkinligini hech kim istisno eta olmaydi, chunki Rossiyaning bu ikki hududi bir biriga juda o‘xshash. Ikki respublikada ham islom diniga qattiq amal qiladigan musulmonlar yashaydi, odamlari jo‘shqinligi va jismonan kuchliligi bilan ajralib turadi. Shu bois, Moskvada yoki Peterburgda har qanday ko‘p odam to‘planmasin, odatda namoyishlar o‘ta tinch o‘tadi, Dog‘istonda esa doim ham namoyish bo‘lavermaydi, ammo safarbarlik ortidan kuzatilayotgan namoyishlar bu hududda vaziyat jiddiylashganini ko‘rsatmoqda.

Shu jihatdan Ramzan Qodirov huquq faollari aytganidek jiddiy namoyishlar to‘lqinini qaytarib qolgan deyish mumkin.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top