17:59 / 29.09.2022
1705
Andrey Safronyuk: “Global Innovation Index ma’lumotlarini Orient Group korxonalari statistikasi tasdiqlaydi”
Foto: Orient Group matbuot hizmati

29 sentabr kuni Global Innovation Index 2022 reytingi e’lon qilindi, unga ko‘ra O‘zbekiston birdaniga 4 pog‘onaga ko‘tarilib, 132 davlat orasida 82-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, bir qator asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha respublika jahonning kuchli o‘ntaligiga kirdi. Bu, birinchi navbatda, iqtisodiy rivojlanishga taalluqlidir: yalpi kapital shakllanishi bo‘yicha O‘zbekiston jahon reytingida 6-o‘rinni, mehnat unumdorligining o‘sishi bo‘yicha esa 7-o‘rinni egalladi.

“Biz, biznes vakillari uchun nafaqat mutlaq ko‘rsatkichlarda iqtisodiy o‘sish, balki eng nufuzli xalqaro reytinglarda mavjud bo‘lgan sifat ko‘rsatkichlari ham juda muhim. Global Innovation Index Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon banki ma’lumotlariga asoslanadi, ya’ni u investorlar uchun haqiqiy mezon bo‘lib xizmat qiladi. “Orient Group” bir qancha yirik sanoat korxonalarini o‘z ichiga oladi, o‘sha mehnat unumdorligi biz uchun asosiy ko‘rsatkich bo‘lib, bu yerda taraqqiyot haqiqatdan ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu O‘zbekiston uchun trendga aylanib borayotganini bilish yoqimli”, — deya voqeani sharhladi Orient Group Management bosh direktori Andrey Safronyuk.

O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, 2026 yilga borib O‘zbekiston Global Innovation Index bo‘yicha 56 yetakchi davlatdan biriga aylanishi kerak.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibroxim Abdurahmonov: “2022 yilgi hisobot “Innovatsion rivojlanish kelajagi” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu biz uchun alohida ahamiyatga ega, chunki respublikada amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgartirishlar jamiyatni kelajakda rivojlantirishga qaratilgan. Bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston nafaqat makromintaqa, balki jahon miqyosida ham yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi. Misol tariqasida fan va muhandislik yo‘nalishlaridagi bitiruvchilar sonining dinamikasini keltirish mumkin, biz hayratlanarli tarzda dunyoda oltinchi bo‘ldik. Bunday misollar ko‘p va biz ularning yanada ko‘p bo‘lishini ta’minlashga harakat qilishni rejalashtirmoqdamiz”.

Global Innovation Index AQShning Kornel universiteti, Fransiyaning INSEAD biznes maktabi va Jahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan tadqiqotdir. U 81 ko‘rsatkichdan iborat bo‘lib, iqtisodiy rivojlanishning turli darajalarida joylashgan mamlakatlarning innovatsion rivojlanishini tavsiflaydi. Reyting Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2019 yilning 19 dekabrida qabul qilingan Barqaror rivojlanish uchun fan va texnologiyalar bo‘yicha rezolyutsiyada qayd etilgan. 

Orient Group matbuot hizmatiⓉ

Mavzuga oid
Top