21:22 / 05.10.2022
4311
“O‘zbekistonga autsorsing buyurtmalarini olib keling” - Shermatov xalqaro kompaniyalardagi o‘zbeklarga murojaat qildi

“Kun.uz’ni xalqaro kompaniyalarda ishlaydigan ko‘p vatandoshlar o‘qiydi. Ularga chetdan buyurtma olib, O‘zbekistonga autsorsingni ko‘paytirib, biznes qilinglar, degan bo‘lardim. Bu o‘zlariga ham, O‘zbekistondagi dasturiy mahsulot yaratuvchilarga ham foyda”, – dedi AKT vaziri Sherzod Shermatov.

Foto: Xalqaro press-klub

5 oktyabr kuni Xalqaro press-klub sessiyasida ishtirok etgan AKT vaziri Sherzod Shermatov xalqaro kompaniyalarda ishlaydigan o‘zbeklarga murojaat qilib, O‘zbekistonga autsorsingni ko‘paytirishni taklif qildi.

“Bizga chet elda qancha ko‘p o‘zbeklar ishlasa, shuncha yaxshi. Amerikaga borganimda San-Fransiskodagi juda ko‘p o‘zbeklar bilan uchrashdim. Apple, Google, Meta'da ishlaydigan o‘zbekistonliklar bor. Ularga ham aytdim, qancha sizlar xalqaro kompaniyalarda ko‘p bo‘lsangiz, ular O‘zbekiston haqida shuncha ko‘proq biladi”, – dedi u.

Vazir Xorazmdagi dasturiy mahsulot ishlab chiquvchilarga Amerikadan buyurtmalar olib beradigan tanishi soatiga 70 dollarlik buyurtmalarni ularga 7 dollarga berishi haqida gapirdi.

“Shu fursatdan foydalanib, fikr kelib qoldi. Kun.uz'ni ko‘p chet eldagi vatandoshlar o‘qiydi. Chetdan buyurtma olib, O‘zbekistonga kelsin. Masalan, ko‘p hindistonliklar katta kompaniyalarga ko‘tarilgan va Hindistonga autsorsingni ko‘paytirgan. Xuddi shunday chetdagi o‘zbeklar bu yerga buyurtmani ko‘paytirsa, o‘ziga foyda.

Ya’ni chetdagi hamyurtlarimiz uchun bu nafaqat O‘zbekistonga yordam berish yoki savob, balki haqiqiy biznes imkoniyatidir. Chetdan buyurtma olish kerak va O‘zbekistondagi hamyurtlariga arzonroq berish, o‘rtada o‘zi foyda qilishi kerak”, – dedi vazir.

Mavzuga oid
Top