22:57 / 07.10.2022
17529

Navoiy viloyati XTB mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ular 822 ta kompyuterni qariyb 600 mln so‘m qimmat narxda xarid qilgan.

Navoiy viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari 822 dona kompyuter jamlanmasini 585,2 mln so‘mga qimmat narxda xarid qilib, budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Navoiy viloyati hokimligining tegishli farmoyishi asosida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasiga mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 2,6 mlrd so‘mlik jami 822 dona kompyuter jamlanmasi sotib olingan. Lekin shartnomada ushbu kompyuterlarning protsessorlariga o‘rnatilgan tezkor xotira sig‘imi “DDR4” deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ta’minotchi tashkilotlar “DDR3” sig‘imli tezkor xotira o‘rnatilgan kompyuter jamlanmalarini yetkazib bergan.  

Agentlik xodimlari tomonidan holat hududga chiqib o‘rganilgan. Aniqlanishicha, Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 716-sonli qaroriga asosan Navoiy viloyatidagi 78 ta maktabga 7,6 mlrd so‘mga kompyuter sotib olish ko‘zda tutilgan va ularga aniq texnik talablar qo‘yilgan.

Xalq ta’limi boshqarmasiga “C.C” MChJ va “M.B” MChJdan qiymati 2,6 mlrd so‘mlik 822 dona kompyuter jamlanmasi sotib olingan. Shundan, 1,1 mlrd so‘mlik kompyuterlar tender savdolari orqali hamda 1,4 mlrd so‘mlik kompyuterlar komissiya tartibida eng yaxshi taklif sifatida baholanib, xarid qilingan.

Kompyuter jamlanmalari bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Navoiy viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan xarid qilingan 822 dona kompyuter jamlanmasi 585,2 mln so‘mga qimmat narxda xarid qilinib, budjet mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi hamda “C.C.” MChJ va “M.B.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Top