21:20 / 08.10.2022
19566

Millat vijdoni: tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati belaruslik huquqbon Ales Belyatskiy haqida

Belyatskiy ko‘p yillar mobaynida Lukashenko rejimiga qarshi kurashgan, siyosiy mahbuslar huquqlarini himoya qilib kelgan. Hozir esa shuning uchun qamoqxona o‘tiribdi. Kecha butun dunyoga mashhur bo‘lgan insonning umr yo‘li qanday o‘tgani haqida hikoya qilamiz.

7 oktyabr kuni Nobel qo‘mitasi tinchlik bo‘yicha laureatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga Rossiyaning «Memorial» huquqni himoya qiluvchi tashkiloti, Ukrainaning «Fuqarolar erkinligi markazi», shuningdek belaruslik huquq himoyachisi, «Vesna» huquqni himoya qilish markazi raisi Ales Belyatskiy loyiq ko‘rildi. Ales Belyatskiy uchun bu Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga oltinchi nominatsiya va ilk g‘alabadir.

2021 yilning iyulidan Belyatskiy qamoqxonada — xuddi shunday ayblov bilan u 2011 yildan 2014 yilgacha ham muddat o‘tagan. Belarusning «Zerkalo» nashri huquq himoyachisining hayoti haqida maqola e’lon qildi.

Muzey direktoridan huquq himoyachisilikkacha

Ales Belyatskiy yoshligidan Belarus milliy harakatiga a’zo bo‘lgan.

U 1962 yilda hozirgi Kareliya hududida tavallud topgan. U uch yoshga kirganida ota-onasi o‘z vatani Belarusga qaytishgan. Shoiyel universitetining tarix-filologiya fakultetini tugatib, Belyatskiy armiyaga borib kelgan va Minskda aspiranturaga topshirgan. O‘shanda u «Tuteyshiya» yosh adabiyotchilar birodarligining ta’sischisi va yetakchilaridan biri bo‘ldi. Bu tashkilot sharofati bilan Belarus adabiyotiga keyinchalik klassik adiblarga aylangan ko‘plab ijodkorlar kirib kelgan: shoir Anatoliy Sisdan tortib nasrnavis Andrey Fedorenkogacha.

Maksim Bogdanovich nomidagi Minsk adabiyot muzeyi ochilishi. Chapdan uchinchi Belyatskiy.
Foto: arxiv TUT.BY

Belyatskiyning adabiyotga qiziqishi shu bilan nihoyalanmagan. 1989 yilda aspiranturani bitirib u Maksim Bogdanovich nomidagi Minsk adabiyot muzeyi direktori lavozimiga saylangan. Bu lavozimda u 1998 yilgacha ishlagan. Mamlakatdagi eng yaxshi muassasaga aylangan muzey aynan uning qo‘l ostiga tashrifchilar uchun eshiklarini lang ochgan, Belarusda, hatto Rossiyada (Yaroslavlda) uning filiallari ish boshlagan. Belyatskiy yaxshi tashkilotchi sifatida tanildi, bu sifati kelgusida o‘z rolini o‘ynadi.

1996 yilda uning qo‘l ostidagi xodimlarning bir qismi hibsga olingan siyosiy faollar va ularning qarindoshlariga ko‘mak ko‘rsata boshladi: mamlakatda tinch namoyishlarni zo‘ravonlik bilan bostirish boshlangan edi. Belyatskiy rahbarlik qilgan huquqni himoya qilish tashkilotini tuzish g‘oyasi shunda paydo bo‘ldi. U muzey bilan xayrlashdi, yangi tashkiloti — «Vesna» uning asosiy faoliyat maskani bo‘ldi.

Buning ham o‘z mantig‘i bor edi. Madaniyat tobora davlat nazorati ostiga olinayotgan edi, shu sababli bo‘lajak Nobel laureati samarali ishlay olmay qolgandi. Mamlakatda qatag‘onlar kuchaytirildi — huquq himoyachilariga ehtiyoj bor edi. Belyatskiy esa allaqachon siyosatga qiziqmay qo‘ygan edi. 1988 yildayoq uni ajdodlarni xotirlash kuniga bag‘ishlangan mitingdagi ishtiroki uchun ma’muriy javobgarlikka tortishgan edi. U Belarus xalq fronti asoschilaridan biri edi va tashkilotning tashkiliy qo‘mitasiga kirardi.

1991 yildan 1996 yilgacha Ales muqobil asosda Minsk shahar kengashi deputatligiga saylangandi. Belyatskiy GKChP davlat to‘ntarishiga qo‘rqmay qarshi chiqqan edi. Aynan u majlislar zaliga oq-qizil-oq milliy bayroqni ko‘tarib kirgandi, so‘ngra bu bayroq Minsk shahar kengashi uzra hilpiray boshladi — bu voqealar parlament bayroqni davlat bayrog‘i etib tasdiqlagandan avval ro‘y bergandi.

1990-yillar oxiri 2000-yillar boshida Belyatskiy Belarus milliy fronti raisi o‘rinbosari, 1990-yillar faollaridan estafetani qabul qilib olgan yangi muxolifat yetakchilaridan biri edi. So‘ngra u siyosatdan chetlanib, aynan huquq himoyasi faoliyatiga o‘z diqqatini jamladi.

Hukumat uning ishini o‘zicha baholadi. «Vesna» ko‘plab qonunbuzilishlar bilan o‘tkazilgan 2001 yilgi prezidentlik saylovlarida faol kuzatuvchilik qildi. Ikki yil o‘tgach, 2003 yilda markazni davlat ro‘yxatidan mahrum qilishdi. Shu statusda Belyatskiy jamoasi qariyb 20 yil ishladi.

Ilk qamalishi

2011 yilning avgustida Belyatskiyni hibsga olishdi. Litva va Polsha hukumati ikkitomonlama huquqiy yordam to‘g‘risidagi bitimlar doirasida rasmiy Minskka uning xorijdagi hisobraqamlari haqida axborot bergan. Shular asosida huquq himoyachisini soliq to‘lamaslikda ayblashgan. Belyatskiyning mol-mulki musodara qilinib, to‘rt yarim yilga kuchaytirilgan rejimdagi koloniyada jazo o‘tashga hukm qilingan. Shuningdek, ayblanuvchi davlatga zararlarni qoplash uchun tovon sifatida 90 ming AQSh dollari ham to‘lashi kerak bo‘lgan. Bu summa odamlarning xayriyalari bilan to‘plangan.

Ales Belyatskiy. Foto: TUT.BY

Belyatskiy o‘z aybini tan olmagan. U xorijiy hisobraqamdagi pullar huquqlari toptalgan belaruslarga yordam berish uchun ishlatilganini tushuntirgan. Uning xorijda hisobraqam ochishiga sabab «Vesna»ga Belarusni ro‘yxatga olishni rad etib kelishgan.

Panjara ortida bo‘lajak Nobel laureati juda og‘ir sharoitlarda kun kechirgan. Bugungi kunda o‘zi ham qamoqqa tashlangan huquq himoyachisi Valentin Stefanovichning BelaPANga hikoya qilib berishicha, Bobruyskdagi №2-koloniyada 7 oy bo‘lgan Belyatskiyga yetti marta jazo tayinlangan. Ulardan biri ruxsat etilmagan vaqtda uxlagani uchun berilgan. Aslida u meditatsiya bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan.

Koloniyada huquq himoyachisi qadoqlovchi bo‘lib ishlagan. Oyiga 11 ming eski belarus rubli (1 dollardan sal ziyodroq) pul ishlagan. Sharoitning neqadarligi haqida TUT.BY savoliga javob berar ekan, Belyatskiy qandaydir jismoniy tazyiqlar bo‘lmagan esa-da, ruhiy bosim doim bilinib turganini gapirgan.

«Sen yuz kishidan ko‘proq odam jam bo‘lgan otryadda bo‘lasan. 15 kishi istiqomat qiladigan seksiyada yashaysan. Sen bilan hech kim aloqa qilmaydi. Seni uch metr naridan chetlab o‘tishadi, chunki biror inson sen bilan salomlashsa, ob-havo yoki futbol haqida gap ochsa ertaga u otryadda bo‘lmaydi. Mening Bobruysk zonasida paydo bo‘lishim, otryadni «Narodnaya volya» gazetasiga obuna bo‘lganlardan tozalashdan boshlangan. Shu tariqa 4 kishini darhol boshqa otryadga o‘tkazishgan. Bu vakuum holati so‘nggi soniyagacha davom etdi. Bu vaqt ichida bir necha o‘n kishi boshqa otryadlarga o‘tkazildi. Odamlar meni deb jarima izolyatoriga ham tushishdi. Bu ruhan insonni ezib qo‘ydi. Sen o‘zingni boshqalar orasida his qilasan, lekin boshqalar sendan cho‘chib turishadi», — degan Belyatskiy.

4 oy muqaddam

Belyatskiyga hattoki joni uzilgan otasi bilan vidolashishga ham ruxsat berishmagan. Pervomaysk rayon sudi uch marta shunday ruxsat haqida ajrim chiqargan — IIV jazoni ijro etish departamenti uch marta uni rad etgan. Ales vafot etgan otasini faqat o‘likxonada ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan.

Huquq himoyachisining nomzodi avval ham Nobel mukofotiga ilgari surilgan — 2006, 2007, 2012, 2013 va 2014 yillarda. 2012 yilda nufuzli siyosatchilar va jamoatchilik arboblari so‘nggi daqiqalargacha mukofot belarusga yo‘l oladi, deb o‘ylashgan. Ehtimol, bu mukofot Belyatskiyga qamoqxonani ertaroq tark etishga yordam bergan bo‘lardi. Lekin bunday bo‘lmadi, u oxirgi daqiqalargacha qamoqda o‘tirdi, garchi 2011 yilning avgustida uni ozod qilish uchun Belarusning 600 dan ziyod fuqarolari va xorijiy arboblar so‘rovnoma kiritishgan bo‘lishsa-da.

Belyatskiy 2014 yilning iyunida amnistiya tufayli ozodlikka chiqdi. Bobruyskdagi №2-koloniyada panjara ortida o‘tirgan 1052 kunda u ikki kitob yozgan. Ulardan biri adabiyotshunoslik maqolalari to‘plami bo‘lsa, ikkinchisi «Asvechaniya belarushchinay» essesi bo‘lib, unda u «qamoqxona adabiyoti» terminini joriy etgan. O‘sha 2014 yilda bu kitobni Belarus hududiga olib kirish taqiqlandi: undan Belarus davlat manfaatlariga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotlar topilgan.

Ikkinchi bor panjara ortiga va yangi ayblovlar

«Uch yil loy va balchiq ichida o‘tirgandekman, endi chiqib yuvinib olishim kerak», — degan Belyatskiy ozod qilinishidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Lekin shunda ham mamlakatni aslo tark etmasligini qat’iy ta’kidlagan:

«Men hech joyga ketmoqchi emasman, shu yerda o‘zimni juda qulay his qilaman. Men hattoki zonada o‘zimni yetarlicha qulay his qildim, chunki atrofimda o‘z odamlarim bor edi. Bu men uchun muhim. Balkim picha qarib qolgandirman, lekin men uchun belarus jamiyati, muhiti juda kerak. Qanday bo‘lsa, shundayligicha. G‘arbga chiqqaningda, sen o‘zingni begona muhitda his qilasan», — degan Belyatskiy.

Ales Belyatskiy, Valentin Stefanovich, Vladimir Labkovich. «Vesna» HM kollaji

Belyatskiy hanuzgacha bu prinsiplariga sodiq qolmoqda. 2010-yillarda u bir nechta nufuzli mukofot laureati bo‘ldi. Ularning orasida Lex Valensa, Vatslava Havel, AQSh Davlat departamenti mukofotlari bor. U xorijda qulay sharoitlarda yashashi mumkin edi, biroq Belarusni tark etmadi. 2010-yillarning ikkinchi yarmidagi nisbatan tinch sharoitda ham, 2020 yildan keyingi buhronlarda ham.

Ommaviy tinch namoyishlar chog‘ida Belyatskiy Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zosi bo‘ldi. 2021 yilning 14 iyulida uni va yana o‘nlab huquq himoyachilarini hibsga olishdi.

U bir yil davomida tergov izolyatorida ushlab turildi, yana soliq to‘lamaganlik ayblovi bilan. Aftidan, ish butunlay to‘kilib tushgan, chunki 2022 yilning sentabrida yangi ayblov qo‘yildi. «Vesna» xodimlari bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yirik summadagi pulni kontrabanda qilish, shuningdek, jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan guruhli harakatlarni moliyalashtirishda ayblana boshlandi. Garchi ayblov qayta ko‘rib chiqilganiga qaramasdan, davlat da’vosi xuddi o‘sha soliq to‘lamaganlik ishidagi singari qolmoqda — 90 ming AQSh dollari. Ayblash uchun qo‘yilgan eng qat’iy jazo muddati esa 12 yilga ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi.

Mavzuga oid
Top