22:47 / 13.10.2022
43734

Erini o‘ldirib xorijga qochgan, 19 yil qidiruvda bo‘lgan ayolga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida eriga pichoq urib o‘ldirgan ayolga sud hukmi o‘qildi. 2003 yili turmush o‘rtog‘ining umriga zomin bo‘lgan ayol qo‘shni davlatga qochib ketadi. Joriy yilning 11 iyul kuni Qozog‘iston politsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan operatsiyada Chimkentda qo‘lga olingan ayol 19 yil davomida qidiruvda bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 1962 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi Toshkent viloyatining Qibray tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Ayol va uning 1949 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i o‘rtasida janjal kelib chiqadi. Sudlanuvchi 2003 yil 2 aprel kuni soat 08:30 larda Yunusobod tumanidagi o‘zi vaqtincha yashayotgan xonadonda turmush o‘rtog‘ining chap ko‘krak qismiga pichoq sanchib olgan hamda voqea joyidan yashiringan. Erkak olgan jarohati va qon yo‘qotish natijasida voqea joyida vafot etgan.

Ro‘y bergan hodisa bo‘yicha 2003 yilda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyatchi o‘tgan davr mobaynida tergov organlaridan yashirinib yurgani uchun jazo muqarrarligini ta’minlashning imkoni bo‘lmagan.

Shu yilning 11 iyun kuni Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan Qozog‘iston politsiyasi bilan birgalikda ayolni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus tadbir tashkil etiladi. Natijada o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgani uchun 19 yildan beri qidiruvda bo‘lgan ayol Chimkentda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinadi.

13 oktyabr kuni Toshkent shahar JIB Yunusobod sudida sudlanuvchiga sud hukmi o‘qildi. Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi “chap ko‘krak sohasi sanchib kesilgan yarasi yurak jarohatlanishi bilan o‘tkir tashqi va ichki qon ketishidan yuzaga kelganligi” aniqlangan. Sudlanuvchi sud majlisida e’lon qilingan ayblovga qisman iqror bo‘ldi.

Sudlanuvchi. Foto: Kun.uz

“Ertalab erim ko‘chadan mast holatda uyga kirib keldi. Uxlab yotgan xonamga kirib, hech qanday sababsiz axloqsiz so‘zlar bilan haqoratlab, bir necha marta duch kelgan tana a’zolarimga tepib, urib-do‘pposladi. Ichishiga, ya’ni “bosh og‘rig‘i”ga aroq topib berishimni aytib, oshxonaga sudrab olib chiqdi.

Qizim otasini tinchlantirish maqsadida o‘rtadan ketmasdan tik holatda turgandi. Bu holatni ko‘rib, erim juda mast holatda qizimni va meni o‘ldirib qo‘ymasin degan maqsadda, o‘zim bilmagan holatda, qandaydir harakatlarim bilan erimning qo‘lidagi pichoqni tortib oldim. O‘zim bilmagan holatda pichoqni erimga sanchdim. Juda qo‘rqib ketdim”, deydi u.

Abdulla Muhiddinov, JIB Yunusobod tuman sudi sudyasi. Foto: Kun.uz

Sud ayolni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi, JKning 57-moddasini qo‘llab, uni 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Sudlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining 2003-2014 yillardagi amnistiya to‘g‘risidagi aktlarining tegishli bandi qo‘llanib, tayinlangan jazo muddatlari qisqartirildi.

Sud jarayonidan lavha. Foto: Kun.uz

Sudlanuvchiga nisbatan tayinlangan jazo to‘liq o‘tab bo‘lingani sababli, unga nisbatan qo‘llangan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” ehtiyot chorasiga o‘zgartirilib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Jabrlanuvchining qonuniy vakilining sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligi inobatga olindi.

Mavzuga oid
Top