09:45 / 25.10.2022
18906
Rossiyalik propagandachi ukrainalik bolalarni tiriklayin yoqish kerakligi haqida aytdi. Zaxarova uni «fantastik iste’dod sohibi» degandi

Rossiyadagi Kreml propagandasiga ixtisoslashgan asosiy telekanallardan biri bo‘lmish Russia Today telekanalida mojaroli chiqish kuzatildi. Telekanalning rus tilidagi tahririyati rahbari Anton Krasovskiy efir vaqtida Ukrainadagi Rossiyaga qarshi kayfiyatdagi rus bolalarni cho‘ktirib yoki yoqib yuborish kerak ekanini aytdi.

Foto: Vladimir Gerdo / TASS

RT telekanali rahbari Margarita Simonyan 24 oktyabr kuni o‘z kanalida Krasovskiyning so‘zlarini jirkanch deb atab, uni ishdan bo‘shatganini aytdi.

«Anton balki buni o‘zi bilmagan holda og‘zidan chiqib ketgani bilan izohlar, u chindan bolalarni cho‘ktirib yuborish kerak deb o‘ylashiga ishonish qiyin. Hozir u bilan kelishuvni bekor qilamiz, chunki bunday gaplar aytilishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», dedi Rossiya bosh propagandachilaridan bo‘lmish Simonyan.

«Bu bizning usul»

Anton Krasovskiy bolalarni cho‘ktirib yuborish va yoqish kerakligi haqida 20 oktyabr kuni efirga ketgan «Antonimlar» ko‘rsatuvida aytgandi. O‘sha kuni ko‘rsatuv mehmoni yozuvchi Sergey Lukyanenko bo‘lgan va u ham targ‘ibotchi-jurnalistning so‘zlaridan hayratda qolgan. Yozuvchi efir davomida 1980 yil Ukrainaga borgani, u yerda bolalar «Ukraina moskvaliklar tomonidan bosib olingani»ni aytgani haqida eslagandi.

Yozuvchi o‘sha bolalar sof ruscha gaplashadigan rus bolalar bo‘lganini aytganida Krosovskiy shunday javob bergan: «O‘sha bolalarni Tisada (daryo) cho‘ktirish kerak edi. Pliva kacha (ukrainlar motamda kuylaydigan qo‘shiq) aytiladigan joyda cho‘ktirish kerak. Ha, o‘sha bolalarni aynan cho‘ktirib yuborish kerak! Bu sizning uslubingiz emas, shuning uchun siz intelligensiz, fantastik yozuvchisiz. Bu bizning uslub. Moskvaliklar bosib olgan dedimi, darhol daryoga cho‘ktirish kerak», degandi Kreml va urushning faol targ‘ibotchisi bo‘lgan Krasovskiy.

Yozuvchi esa propagandachi-jurnalistning so‘zlaridan hayratga tushib qadimgi Rusda bolalarni jazolash uchun tayoqdan foydalanishganini aytadi. Krasovskiy esa bolalarni yoqib yuborish ham mumkinligini qo‘shimcha qiladi. «Ularda archadan qilingan kulbalar bo‘ladi, o‘sha kulbasiga qamash va yoqib yuborish kerak», deydi jurnalist.

Anton Krasovskiy bu ko‘rsatuvdan keyin o‘zining Telegram-kanalida yozuvchi Sergey Lukyanenko bilan ajoyib efir o‘tkazgani haqida post yozdi, ammo ko‘p o‘tmay uni o‘chirib yubordi.

Krasovskiy xo‘jayini Margarita Simonyan uni ishdan haydagani haqida post yozgach, undan va boshqalardan kechirim so‘rab chiqdi: «Men chindanam juda uyalyapman, bolalar haqida chegaradan chiqib gapirganim uchun. Bunaqasi bo‘lib turadi: efirga chiqasan va aljirab qolasan. Umid qilaman, meni kechirasizlar», deb yozdi u.

Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikinning aytishicha, propagandachi jurnalistning efirda aytgan gaplari o‘rganib chiqiladi. Bu ish bilan Moskva Tergov boshqarmasi rahbari Andrey Strijov shug‘ullanadigan bo‘ldi.

Ukrainaning talabi

Ukraina tomoni Anton Krasovskiyning so‘zlaridan keyin Russia Today telekanalini butun dunyoda taqiqlash kerakligini talab qildi. «Bu kanalni taqiqlamaganlar o‘sha lavhani takroran tomosha qilishi kerak. Odamlarni qirishga chaqirish so‘z erkinligiga kirmaydi, agar bu kanalni taqiqlamagan bo‘lsangiz, ko‘rib qo‘ying kimlar tomonida ekaningizni», dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba.

Ukraina TIV rahbarining chiqishlari dunyoning ko‘plab nashrlarda e’lon qilindi. Shundan so‘ng, ko‘pchilik Russia Today bosh muharriri Margarita Simonyanga murojaat qilib, undan izoh so‘radi. U esa yuqoridagi postini qoldirib, Krasovskiyni ishdan haydagini aytdi.

Mariya Zaxarova jurnalistni qo‘llab-quvvatladimi?

Anton Krasovskiyning 20 oktyabrda aytgan so‘zlari shu kunlarda juda keng muhokama qilinmoqda. Internetda Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova Krasovskiyni himoya qilgani aytilgan video tarqaldi. Urushning Rossiyadagi bosh targ‘ibotchisi Vladimir Solovyovning teleefirida chiqish qilgan Zaxarova jurnalist Anton Krasovskiy fantastik darajada iste’dodli odam ekani, unga qarshi axborot urushi ketayotganini aytadi.

Aslida esa Zaxarova bu so‘zlarni Krasovskiyning so‘zlariga javoban aytmagan. Propagandachi Solovyovning mualliflik ko‘rsatuvida Zaxarova bu so‘zlarni Krasovskiyning ukrainalik bolalarni tiriklayin yoqib yuborish kerakligini aytganidan bir yarim oy avval gapirgan. Zaxarovaning o‘zi ham bu so‘zlarni ancha avval aytgani, videodan esa axborot urushi doirasida foydalanishayotganini iddao qildi.

Ma’lumot uchun, Rossiya davlat budjetidan moliyalashtiriluvchi Russia Today telekanali Kremlning va ayni damda urushning asosiy targ‘ibotchilaridan biri hisoblanadi. Telekanal dunyoning qator davlatlarida bir nechta tilda faoliyat yuritadi. Uning bosh muharriri Beslan terakti vaqtida tomoshabinlarga garovga olinganlar sonini bir necha barobar kamaytirib aytgani bilan tanilgan Margarita Simonyan hisoblanadi.

Anton Krasovskiy Russia Today telekanaliga 2019 yilda ishga kiradi. Avvaliga telekanallar uchun hujjatli filmlar tayyorlagan propagandachi, keyinroq YouTube'dagi maxsus ruscha ko‘rsatuv prodyuseriga aylanadi. Keyinroq esa telekanalning ruscha tahririyati rahbari bo‘ladi.

«Meduza» manbalari Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Russia Today telekanali aynan Krasovskiyning aytganlari asosida boshqarilayotganini ma’lum qilgan. Urush boshlanganidan 4 kun o‘tib Krasovskiy Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi e’lon qilingan birinchi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgandi.

Mavzuga oid
Top