19:35 / 27.10.2022
19748

“Qamal qilingan” hovli. Namanganda “snos” muammosi ko‘paymoqda

Namangan shahrida ko‘p qavatli uy quruvchisi va fuqaro o‘rtasida nizo yuzaga kelgan. Quruvchi fuqaroning uyi tagidan poydevor chuqurini qazigan, oqibatda devorlar yorilib, uy yashash uchun xavfli holatga kelib qolgan. Mulkdor endi quruvchidan nafaqat kompensatsiya, balki ma’naviy zarar ham talab qilmoqda.

Namangan shahri Hamroh ko‘chasidagi bir nechta uylar 2018 yilda buzilgan va o‘rniga ko‘p qavatli uy qurilyapti. Lekin bu yerdagi xonadonlardan biri bilan haligacha kelishuvga erishilmagan.

Natijada xonadonga jiddiy zarar yetgan: uy devoriga taqab, poydevor chuquri qazilgan, oqibatda devorlar va shiftlar yorilib, uy yashash uchun xavfli holatga kelib qolgan.

“Qaynimnikida to‘y edi. Uyda hech kim yo‘q edi. Kelsak, devorlarimizni buzib tashlabdi. Eshiklar katta ochiq. O‘sha paytda viloyat hokimi shahar hokimi edi. Shavkatjon Abdurazzoqovga murojaat qildim. U kishi menga uyni baholatishimni aytdi. 316 millionga baholandi. Biroq quruvchi tomonidan o‘sha paytda bu pullar to‘lab berilmadi”, – deydi mulkdor Sarvar Yusupova.

U quruvchi tomonidan bosim bo‘layotganini aytdi: xonadon gaz va boshqa kommunikatsiya tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan. Mulkdorning so‘zlariga ko‘ra, 4 yil davomida faqat bir marta rasman 400 million so‘m miqdorida pul taklif qilingan.

Sarvar Yusupova

“Yaqinda sud bo‘ldi. Sudda quruvchining vakili o‘z og‘zi bilan 165 ming AQSh dollariga baraka qilaylik deb aytdi. Xo‘jayinim aytdiki, sen qachonki pulni oldimga qo‘yasan, shunda baraka qilaman, sizlarga ishonmayman, dedi. Keyingi sudda esa quruvchining vakili men unaqa pulni berolmayman dedi”, – deya qo‘shimcha qildi murojaatchi.

Qurilishni amalga oshirayotgan “White house building” MChJ rahbari va yagona ta’sischisi Abdulaziz Sobitov murojaatchining so‘zlarini rad etdi. U bir necha marta xonadonlar taklif qilgani, uyga yetkazilgan zararga ham uning aloqasi yo‘qligini da’vo qildi.

Abdulaziz Sobitov

“Buzish ishlaridan keyin, qurilishni asosan 2020 yildan boshlaganmiz. O‘sha paytda kelishishga harakat qilganmiz. Ammo iloji bo‘lmagan. 3-4 marta takliflar berilgan, buning videoli asoslari ham bor. O‘zlari hovli topishganida ham hal bo‘layotganida rad etishdi. Maqsadlari nima ekanini bilmayman. Biz qurayotgan ko‘p qavatli uydagi hamma xonadonlarni sotib, tushgan pullarni ularga bersak ham, ular so‘rayotgan pulga yetmaydi”, – dedi tadbirkor.

Viloyat qurilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Muzaffar Ortiqov ham holatga izoh berib, nizoga sud qarori bilan yechim topilishini aytdi.

Fuqaro tomonidan tegishli tashkilotlarga 30 dan ortiq murojaat yo‘llangan. Murojaatlarning aksariyatida quruvchi tomonidan uning uyiga zarar yetkazgani va “snos” uchun kompensatsiya to‘lashi kerakligi qayd etilgan.

Fuqaro uyi va unga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun 165 ming AQSh dollari so‘ramoqda. Quruvchi esa bozor sharoitidan kelib chiqib baholatilsa, to‘lov qilishga rozi ekanini aytyapti.

Oxirgi vaqtlarda Namanganda qurilishlar ko‘payishi oqibatida, “snos” muammosi yuzasidan tahririyatimizga murojaatlar ortib bormoqda. Kun.uz muammolarni o‘rganishda davom etadi.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top