10:24 / 30.10.2022
9232

Foto: Nukusda jangovar bo‘linmalarni cho‘lda joylashtirish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazildi

Foto: Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan cho‘l hududlarida jangovar harakatlarni olib borish, qo‘shinlarning notanish hududlarda joylashuvi hamda har tomonlama ta’minotini tashkil etish masalalariga qaratilgan ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.

Mashg‘ulot Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida cho‘l sharoitida jangovar harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishning o‘ziga xos tomonlarini tadqiq etish maqsadida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya bilan boshlandi. Unda mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Qodir Tursunov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhod Shermatov, vazirlik hamda harbiy okruglarning mas’ul ofitserlari, Qurolli kuchlar kuch tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

Cho‘llarning tabiiy-iqlim sharoiti odamning yashashi va faoliyati uchun unchalik qulay bo‘lmagan hudud sanaladi. Ammo ko‘plab zamonaviy urushlar bugungi kunda cho‘l hududlarida olib borilayotgani sabab qo‘shinlarning sahroda harakat qilishi va jang olib borishining o‘ziga xosliklarini tadqiq etishni taqozo etadi.

Dunyo bo‘ylab har yili 12 million gektar, 1 daqiqada esa 23 gektar yer cho‘llanadi. Ayni vaqtda yer yuzining qariyb 75 foizi cho‘llanib qolgan. Cho‘llangan suvli hududlarning 87 foizi oxirgi 300 yil ichida shunday holga kelgan. Oxirgi hisobotlarga qaraganda, O‘zbekiston hududining 70 foizidan ko‘proq qismi cho‘ldan iborat.

O‘simlik dunyosining kamligi, shamol va to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlarini to‘suvchi to‘siqlarning yo‘qligi, suv topish imkoniyati mavjud emasligi ham cho‘l sharoitida jangovar harakatlarni olib borishda qo‘shinlarga qo‘shimcha noqulayliklar yaratishi mumkin.

Ilmiy-amaliy konferensiya ishida cho‘l sharoitida mudofaa jangini olib borishda bo‘linmalarni tayyorlashning o‘ziga xosliklari, shaxsiy tarkibning psixologik zo‘riqishlarini yechish, cho‘lda harakatlanish va jang olib borish uchun texnikalarni tayyorlash, moddiy-texnik ta’minotni tashkil etish, maxsus qo‘shinlarni qo‘llash hamda aloqani tashkil etish, artilleriya imkoniyatidan foydalanish hamda jangovar tayyorgarlikning boshqa masalalari xususida mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.

Dunyo bo‘ylab cho‘l hududlarida o‘tkazilgan jangovar operatsiyalar va ularning natijalari chuqur tahlil etilib, tadqiqot natijalari atroflicha muhokama etildi. Cho‘l sharoitida mudofaa jangini tashkil etish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalar berildi.

Ko‘rgazmali mashg‘ulotning ikkinchi qismi «Nukus» umumqo‘shin poligonida davom etdi. U yerda tashkil etilgan o‘quv nuqtalarida ishtirokchilar cho‘l sharoitida tabiiy va sun’iy vositalardan foydalangan holda muhandislik talablari asosida keng maydonda jihozlangan motoo‘qchi batalonlarining jamlanish hududi bilan yaqindan tanishdi.

Shaxsiy tarkib va texnikalarni joylashtirish, barcha turdagi ta’minot masalalarini yo‘lga qo‘yish, o‘q-dori va qurollarni saqlash, hududga mos ravishda niqoblanishni tashkil etish, oziq-ovqat zaxirasini yaratish, dala sharoitida ovqat tayyorlash hamda boshqa masalalarni qamrab olgan hudud bo‘linma doimiy joylashgan joyidan uzoqda, notanish hududda bemalol joylashishi va faoliyatini davom ettirishi mumkinligini ko‘rgazmali tarzda namoyish etdi.

Nisbatan tekis relefga ega bo‘lgan cho‘llar qo‘shinlarning har xil yo‘llardan harakatlanishiga sharoit yaratishi bilan harbiy operatsiyalarni o‘tkazishda keng miqyosda manyovr qilish va qayta guruhlanishga imkon bera oladi. Boshqa tomondan qaraganda esa cho‘l qumli past-balandliklar hamda bo‘shashgan qo‘m va to‘proq zarralarining ko‘pligi sabab o‘tuvchanligi past hududlardan iborat bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, jangovar va harbiy texnikalar harakatini cheklab, o‘tuvchanlikning pasayishiga olib keladi.

Cho‘l hududida barpo etilgan vaqtinchalik harbiy gospitalda yarador va jarohatlanganlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalardan unumli foydalanish, dala sharoitida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati ko‘rsatildi.

Ishtirokchilar dala sharoitida ovqat tayyorlash, non pishirish zavodining imkoniyatlari, kiyim-kechak ustaxonasi, omborxonalar jihozlanishi, texnik ta’minotni tashkil etish masalalari, shikast yetgan texnikalarni ta’mirlash hamda safga qaytarish, bir vaqtning o‘zida dala sharoitida 20 ta texnikaga ommaviy yoqilg‘i qo‘yish hududining faoliyati bilan tanishtirildi.

Cho‘lda mudofaa jangini tashkil etishda hududga mos niqoblanishni tashkil etish hamda jangovar texnika va shaxsiy tarkib uchun handaklarni tosh, g‘isht, qo‘m va boshqa mahalliy predmetlar yordamida jihozlash bo‘yicha o‘quv joylari ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, mudofaa vaziri o‘rinbosari rahbarligida Qoraqalpog‘istonda joylashgan kuch tuzilmalari mansabdor shaxslari bilan xizmat yig‘ilishi o‘tkazilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha hududdagi vaziyat to‘g‘risida hisobotlar eshitildi.

Top