13:00 / 31.10.2022
10350

"Zakovat-Gambit" shaxmat turnirining 600 mln so‘m egalari aniqlandi

Toshkentda havaskor va professional shaxmatchilarni bir joyga jamlagan navbatdagi "Zakovat-Gambit" turniri o‘tkazildi. Unda yoshi va reytingidan qat’i nazar barcha O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ikkinchi marta o‘tkazilgan musobaqa uch bosqichda tashkil etildi. www.chess.com platformasida bo‘lib o‘tgan saralash bosqichida 1569 nafar shaxmatchi qatnashdi va ular orasidan saralab olingan 83 nafar ishtirokchi esa yarimfinal hamda finalda o‘ynadi.

"Zakovat-Gambit" o‘yinlaridan surat / Foto: Zakovat
"Zakovat-Gambit" o‘yinlaridan surat / Foto: Zakovat
"Zakovat-Gambit" o‘yinlaridan surat / Foto: Zakovat

Xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minovaning aytishicha, bu kabi musobaqalar birinchi navbatda shaxmat sport turi ommalashishiga xizmat qiladi.

“Chunki uzoq-uzoq qishloqlardagi musobaqada qatnashish imkoniyati bo‘lmagan odamlar ham hech bo‘lmasa, onlayn tarzda o‘zini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Onlayn bahslarda yaxshi ishtirok etganlar viloyatlardan kelib ham final o‘yinlarida bo‘lishdi.

Ba’zilarini umuman bilmaymiz, tanimaymiz ham. Umuman notanish bo‘lgan shaxmatchilar ham shu yergacha kelishdi. Yaxshi qobiliyat egalari kashf etilmoqda.

Bundan tashqari, musobaqaning mukofot jamg‘armasi har bir guruhga teng taqsimlangani va uning sezilarli darajada qiymatli ekani o‘sib kelayotgan yosh shaxmatchilarimizga qaysidir ma’noda moliyaviy ko‘mak bo‘lmoqda”, – dedi Nafisa Mo‘minova.

Nafisa Mo‘minova, xalqaro grossmeyster / Foto: Kun.uz

Turnir ishtirokchilari reytingiga qarab, 5 ta guruhga bo‘lingan. Bunda B, C, D, E guruhidagilar 9 ta turda shveysarcha tizimda bahslashgan bo‘lsa, A guruhidagi professional shaxmatchilar davra suhbati tarzida navbat bilan o‘zaro oq va qora donalarda o‘ynashdi. Ishtirokchilar orasida avgust oyida Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-shaxmat olimpiadasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan professional shaxmatchi Jahongir Vohidov ham ishtirok etdi.

Jahongir Vohidov xalqaro grossmeyster Harika Dronavalli bilan o‘ynamoqda / Foto: Zakovat

Uning ta’kidlashicha, “Zakovat-Gambit” shaxmat turniri o‘ziga xos musobaqalardan hisoblanadi.

“Chunki bu musobaqada ham professional, ham havaskor shaxmatchilar tajribali grossmeysterlar bilan kurasha oladi. Shuning uchun ham buni dunyoda yagona turnir desak bo‘ladi. Bu esa, albatta, yangi shaxmatchilarni kashf qilishdagi maktab hisoblanadi.

O‘tgan yilgi musobaqa ham juda qizg‘in tarzda kechgan edi. Ko‘plab kuchli shaxmatchilar kelib, yoshlar bilan bittadan seans o‘ynab, tajribalarini oshirishga ko‘maklashgandi. Bu harakatlar yangi avlod shaxmatchilariga mahoratli dars bo‘ladi. Umid qilamizki, yangi shaxmatchilar O‘zbekiston nomini jahonga tanitgan vaqtida “Zakovat-Gambit” orqali chempion bo‘lishganini ta’kidlab o‘tishadi”,– deya qayd etadi Jahongir Vohidov.

Jahongir Vohidov, Professional shaxmatchi, Foto: Zakovat

Bu yilgi turnir uchun ham dunyoga mashhur grossmeysterlar taklif qilindi. Jumladan, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempioni, 2000-2002 yillarda FIDE jahon vitse-chempioni bo‘lgan Aleksey Shirov, ikkinchisi esa 20 yoshlilar o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan, qolaversa, Hindiston va Osiyo miqyosida o‘tkazilgan turnirlarda g‘olib bo‘lgan Harika Dronavalli “Zakovat-Gambit” turnirida ishtirok etishdi.

Aleksey Shirov va Harika Dronavalli o‘zaro bahslashmoqda / Foto: Zakovat

“Musobaqa professional tarzda tashkil etildi. Qatnashuvchilarning reytingi bu yerda rol o‘ynamaydi, lekin o‘yiniga juda diqqat-eʼtiborli bo‘lgan shunday bolalarni ko‘rdim: ba’zi o‘yinlarda yutqazganlari uchun ko‘z yoshlarini ham tiya olishmadi. Bu esa juda yaxshi shaxmat atmosferasi paydo bo‘lganidan darakdir.

Bu kabi turnirlar o‘smir hamda yoshlarning yaxshigina rivojlanishiga xizmat qiladi va men bundan xursandman. Umuman olganda, uyimga qaytayotganda bu yerdan faqat yaxshi taassurot olganimni eslayman”,– dedi Harika Dronavalli.

Harika Dronavalli, Xalqaro grossmeyster / Foto: Zakovat

O‘yinlar o‘z yakuniga yetgach, tadbirning badiiy qismi, konsert dasturi hamda taqdirlash marosimi boshlandi. Unda turnir tashkilotchilari so‘zga chiqib, O‘zbekiston yoshlarining shaxmat sport turi borasidagi yutuqlarini ta’kidlab, kelgusida bundan ham kattaroq natijalar qayd etilishiga umid bildirishdi.

Shundan so‘ng birin-ketin turnirning g‘olib hamda sovrindorlari taqdirlana boshlashdi. Dastlab eng yosh va yoshi ulug‘ shaxmatchilarga 10 mln so‘mdan mukofot puli topshirildi.

Eng yosh ishtirokchi nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan 8 yoshli Oriyat Obidjonovga 10 mln so‘m berilmoqda / Foto: Zakovat
Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi nominatsiyasi bo‘yicha 10 mln so‘m mukofot 64 yoshli Razet Ziyaddinovga nasib etdi / Foto: Zakovat

Keyin esa guruhlar kesimida 3 ta o‘rin sohiblari e’lon qilindi.

A guruh finalining g‘oliblari:

1-o‘rin - Javohir Sindorov;

2-o‘rin - Jahongir Vohidov;

3-o‘rin - Muhiddin Madaminov.

Qoidaga ko‘ra, xorijiy mehmonlar – Harika Dronavalli va Aleksey Shirovlarning turnirdagi natijalari hisobga olinmasligi sababli yuqoridagi ishtirokchilar A guruhi sovrindorlari bo‘ldi.

B guruhida quyidagi ishtirokchilar g‘olib bo‘ldi:

1-o‘rin - Xumoyun Begmurodov;

2-o‘rin - Oleg Artyomenko;

3-o‘rin - Daler Vohidov.

C guruhi g‘oliblari:

1-o‘rin - Afruza Hamdamova;

2-o‘rin - Asrorjon Omonov;

3-o‘rin - Miraziz Qo‘ziyev.

D guruhi finalining g‘oliblari:

1-o‘rin - Islombek Sindorov;

2-o‘rin - Temur Shernazarov;

3-o‘rin - Akbarali Abduhakimov.

E guruhi finalining g‘oliblari:

1-o‘rin - Madinabonu Xalilova;

2-o‘rin - Abdumajid Botiraliyev;

3-o‘rin - Abdumalik Xalilov.

Belgilanganidek, g‘oliblar quyidagi miqdorda mukofotlanadi:

1-o‘rin - 50 million so‘m;

2-o‘rin - 30 million so‘m;

3-o‘rin - 20 million so‘m.

Bundan tashqari, tadbir so‘ngida eng faol 4 nafar qizlar ham 20 mln so‘m qiymatida pul mukofoti bilan taqdirlanishdi.

Joriy yildagi turnir g‘oliblariga 600 mln so‘m tarqatilgan. 2021 yilda bo‘lib o‘tgan “Zakovat-Gambit” turnirining mukofot jamg‘armasi 610 million so‘mni tashkil etgandi. Tashkilotchilar bu yilgi turnirning A guruhi qatnashchilari orasida ayollar va qizlar bo‘lmagani, shu sababli bu guruhda eng faol ayol nominatsiyasi g‘olibi bo‘lmagani uchun 2021 va 2022 yilgi musobaqalarning mukofot jamg‘armasida farq yuzaga kelganini bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, shaxmat bo‘yicha jahon chempionlari Vishvanatan Anand, Rustam Qosimjonov, shaxmat qirolichasi Yudit Polgar, 2016 yilda o‘yin seansidagi partiyalar soni bo‘yicha shaxmat jahon rekordini o‘rnatgan (48 o‘yin) Timur Gareyev, 2018 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionati ikkinchi o‘rin sovrindori hamda 2019 yilda jahonning eng yaxshi 30 shaxmatchisi qatoridan joy olgan Gulruxbegim Tohirjonova 2021 yilgi turnirning faxriy mehmonlari bo‘lishgandi.

Ilk turnir yakunlariga ko‘ra, o‘z guruhlarida 1-o‘rinni olganlarga 50 mln, 2-o‘rin egalariga 30 mln va 3-o‘rindan joy olganlarga 20 mln so‘mdan pul mukofotlari berilgandi. Shuningdek, qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda ajoyib ishtirok etgan 4 nafar qizning har biri 20 mln so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlangandi.

Top