08:27 / 13.11.2022
38446

Parij aeroportida 18 yil yashagan eronlik vafot etdi. Uning tarixi haqida «Terminal» filmi suratga olingandi

Parijdagi Sharl-de-Goll aeroportida eronlik Mihron Karimiy Nosiriy olamdan o‘tdi, u bu yerda 18 yil yashagandi.

Aeroport vakili AFP agentligiga xabar qilishicha, Nosiriy shanba kuni kunning birinchi yarmida so‘nggi kunlarini o‘tkazgan 2F terminalida o‘z ajali bilan vafot etgan.

1945 yilda Eronning Huziston viloyatida tug‘ilgan Nosiriy 1988 yilda avvalroq jo‘nab ketgan onasini izlab Yevropaga uchgan. Ammo u migratsion to‘siqqa uchragan. Uni zarur hujjatlar yo‘qligi tufayli Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Germaniya qabul qilmaydi, shundan so‘ng Nosiriy aeroportda qolishga majbur bo‘ladi. Unda Fransiyaga kirish huquqi ham yo‘q edi.

U 2F terminalidagi bir necha kreslolarga o‘rnashib, atrofini buyumlari bilan o‘rab oladi. U kunlarini o‘z hayotini bloknotga qayd etib borish hamda gazeta va jurnallarni varaqlash bilan o‘tkazadi.

Nosiriyning hayoti jahon nashrlari va Hollivud rejissyori Stiven Spilbergning e’tiborini tortadi, rejissyor bu motivlar asosida Tom Henks va Ketrin Zeta-Jons ishtirok etgan «Terminal» filmini suratga oladi.

Film premerasidan keyin Nosiriydan juda ko‘plab intervyular olishadi. Qaysidir pallada u o‘zini «ser Alfred» deb ham ataydi va kuniga olti martadan intervyu beradi.

Nosiriyga 1999 yilda Fransiyada qochqin maqomi berilganiga qaramay, u aeroportda 2006 yilga qadar yashaydi. 2006 yilda uni kasallik xuruj qilishi tufayli shifoxonaga yotqizishadi. Shundan keyin u filmdan kelib tushgan pullariga hostelda yashaydi.

Bir necha kun muqaddam Nosiriy 2F terminaliga qaytgandi va shu yerda vafot etdi.

Aeroport vakili uning yonidan bir necha ming yevro naqd pul chiqqanini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid
Top