20:13 / 17.11.2022
23045

“Askarning yuragidagi tromb to‘satdan o‘limni keltirib chiqarishi mumkin edi” – Mudofaa vazirligi

Mudofaa vazirligi mutasaddilariga ko‘ra, tekshiruvlardan so‘ng Surxondaryodagi harbiy qismda burchini o‘tayotgan askarning yuragida hilpillab turuvchi tromb aniqlangan. U istalgan vaqtda qon-tomirlarga tiqilib qolgan taqdirda to‘satdan o‘lim holati yuz berishi ehtimoli bo‘lgani sababli askar operatsiya qilinganini ta’kidlashdi.

17 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Mudofaa vazirligi Tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i, tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulahadov Surxondaryoda harbiy xizmatni o‘tayotgan askar o‘limiga doir tafsilotlarni ochiqladi.

Bahodir Abdulahadov, Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i / Foto: AOKA

– Haqiqatda shu askarimiz ixtisoslashtirilgan davolash va tekshirish usullarini amalga oshirish uchun 11 noyabr kuni Termiz harbiy gospitalidan Toshkent shahridagi Markaziy harbiy klinik gospitalga ko‘chirib o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida unda yurakning o‘ng bo‘lmachasida hilpillab turuvchi tromb paydo bo‘lgani aniqlandi. Shu tromb birinchi darajaga chiqdi. Hammamizga ma’lumki, u yurak qon tomirlari, o‘pka qon tomirlariga yoki bosh miya qon tomirlariga tiqilganda to‘satdan o‘lim xavfi yuzaga kelishi mumkin.

Men o‘zim shu askarning kasalligi bo‘yicha mutaxassisman – 18 yillik ish tajribasiga ega anesteziolog-reanimatologman. Bu sohani mukammal bilaman. Bizda ishlaydigan kardiojarroh – yurak-qon tomir jarrohi tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov 4 ta klinikada ishlaydi. Jumladan, Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, shu bilan birga xususiy klinikalarda, jumladan, bizda ham konsultant bo‘lib faoliyat ko‘rsatadilar. Askar yigit xususiy klinikada operatsiya qilinganining sababi shu.

Bemorga mutaxassislarimiz tomonidan tashxis qo‘yilgach, tibbiy tekshiruv natijalarini zudlik bilan ixtisoslashtirilgan jarrohlik operatsiyalari bilan shug‘ullanadigan mutaxassis konsultatsiyasiga yuborganimizda, professor Rustam Yorbekov bu hilpillab turuvchi tromb ko‘chib ketadigan bo‘lsa to‘satdan o‘lim holati yuz berishi mumkin, bemorni qimirlatishga ham ruxsat bermayman. Men hozir rejalashtirilgan jarrohlik amaliyotimni tugatganimdan keyin bu yigitni operatsiya stoliga olib trombini olib tashlaymiz, degan xulosa berdilar.

Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali mutaxassislari bilan hamkorlikda zudlik bilan operatsiyadan oldingi tayyorgarliklar o‘tkazildi. O‘zim har yarim soatda uning ahvolidan xabarlashib turdim. Operatsiya stoliga olingandan keyin ko‘krak qafasini ochganda ko‘krak-qafasini o‘sma qamrab olgani ma’lum bo‘ldi. Bu hosila qachon paydo bo‘lganini aniq aytish qiyin. U harbiy xizmat davomida rivojlanib ketgan bo‘lishi ham mumkin. Operatsiya paytida o‘sma yurak qon-tomirlariga, organizmning yuqori qismlariga o‘sib kirib, chirmashib ketgani ko‘rindi, u olib tashlangandan keyin yurakka yo‘l ochildi va yurakning o‘ng bo‘lmachasida bemorning hayotiga xavf solib turgan tromb olib tashlandi.

Biz o‘zimiz ham bemorimizning hayotini saqlab qolishga judayam xayrixoh edik. Ahvoli yaxshilanganidan so‘ng uni o‘zimizning harbiy tibbiyot muassasamizga olib kelmoqchi edik. O‘sma-hosila olib tashlangandan keyin reanimatsiya bo‘limida bemorni jadal davolash tadbirlari amalga oshirildi. Biroq shunga qaramay operatsiyasining ertasiga ertalab soat sakkiz atroflarida to‘satdan yurak faoliyati to‘xtagan. Bemorga qilingan reanimatsion tadbirlar natija bermagani sababli biologik o‘lim qayd etildi”, deydi Bahodir Abdulahadov.

Mudofaa vaziri matbuot kotibi Otabek Yo‘ldoshev askar o‘limi bo‘yicha hodisa tafsilotlari to‘liq o‘rganilmasdan  turib bir tomonlama axborot tarqatilayotgani armiyaga nisbatan salbiy tasavvur shakllanishiga olib kelayotganini ta’kidladi.

Foto: AOKA

– Ijtimoiy tarmoqlarda askarning o‘limi bo‘yicha har xil ma’lumotlar tarqatilmoqda. Ayrim nashrlar marhumning otasi va amakisidan intervyu olishgan. Shu joyda bitta narsani, jurnalistik surishtiruv o‘tkazayotganda marhumning oilaviy ahvolini, uyidagilarning o‘zaro munosabatlarini ham o‘rganib, keyin bir xulosaga kelishlarini so‘ragan bo‘lardik.

Ayni paytda internetda hodisani to‘liq o‘rganmasdan, bir tomonlama axborot tarqatilayotgani armiyaga nisbatan salbiy tasavvur shakllanishiga olib kelyapti. Hodisa ikki tomonlama o‘rganilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Biz bekorga gospitalga – operatsiya jarayoniga onasini va tog‘asini chaqirtirganimiz yo‘q. Bu oilaning ijtimoiy muammolariga to‘xtalib o‘tmayman. Agar zarur bo‘ladigan bo‘lsa bu bo‘yicha alohida ma’lumot taqdim etishim mumkin.

Foto: AOKA

Bahodir Abdulahadov marhumning tanasidagi jarohatlar operatsiya vaqtida qo‘yilgan drenajlardan qolgan izlar ekani, askar tig‘ urish natijasida o‘lgani haqidagi gumonlar noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.

– Marhumning tanasidagi tig‘ izlari masalasiga to‘xtalsam, yurakdagi jarrohlik amaliyotidan keyin drenajlash bo‘ladi. Ko‘krak qafasini teshib qovurg‘alar orasiga 4-5 ta drenaj qo‘yiladi. Marhumning tanasidagi kichik jarohatlar, ayrimlar aytayotgan tig‘ izlari o‘sha drenajlardan qolgan.

U nimaga qo‘yiladi: agar o‘sha joyda qon ketishi kuzatiladigan bo‘lsa biz buni nazorat qilishimiz kerak. To‘satdan yuz beradigan o‘lim holatlari yoki qon ketishining boshqa asoratlari oldini olish uchun tezroq bunga qarshi chora ko‘rishimiz lozim bo‘ladi.

Askar tig‘ urish natijasida o‘lgan deb ham aytishlari mumkin, bu umuman noto‘g‘ri narsa. Jarayon videoyozuvlarini marhumning yaqinlariga ham berganmiz. Marhumning otasi va onasi qanday munosabatda ekani bizga qorong‘i. Biz askar yigit o‘zi bergan raqamlarga telefon qilganmiz, uning o‘zi chaqirishimizni so‘ragan odamlarni gospitalga taklif qilganmiz. Yigitning o‘zi ham operatsiyadan oldin tog‘asiga telefon qilib gaplashdi. Tog‘asi uni qaramog‘iga olgan ekan, u otasi bilan birga yashamas ekan. Uning xohishiga ko‘ra tog‘asi va onasini chaqirtirganmiz.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoda harbiy xizmat o‘tayotgan askar yurak kasalligi bo‘yicha shoshilinch operatsiya o‘tkazilganidan so‘ng shu yilning 14 noyabr kuni vafot etgan edi.

Mavzuga oid
Top