17:49 / 19.11.2022
28627
«Bolalarning shaxsiy xizmatchilari, haydovchilari bor» - saudiyaliklarni chempion qilgan o‘zbek yigiti hikoyasi

26 yoshli Yahyo Husanboyevni bir yil oldin Ar-Riyodga taekvondo bo‘yicha trenerlikka taklif qilishadi. U Kun.uzʼga arablarni qanday chempion qilgani, Saudiyadagi hayot va yashashning o‘zi xos jihatlari haqida hikoya qilib berdi.

Foto: Yahyo Husanboyevning shaxsiy arxividan

Bolalikdan sportga qiziqib, sportchi bo‘lishni orzu qilgan Yahyo Husanboyev ma’lum sabablarga ko‘ra, travma olib sportchilikdan ketishga majbur bo‘ladi. Uning murabbiylik hayoti shu yerda boshlanadi. Hozir O‘zbekiston taekvondo federatsiyasida Nazaraliyev tim-klubida murabbiylik qiladi. 

Murabbiylikni qanday boshlagani haqida

– Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani Changtepa mahallasida tug‘ilganman. Yoshlikdan boksga qiziqib, uyda o‘zim mustaqil shug‘ullanib yurardim. Maktabni bitirib, Toshkent shahriga kelganman. 2012 yildan beri taekvondo bilan shug‘ullanib kelaman. 2014-15 yillarda shahar bosqichlarida chempion bo‘lganman.

Foto: Yahyo Husanboyevning shaxsiy arxividan

2017 yilda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirdim. Shu orada travmalar olib, sportchilikni tugatib, trenerlikka o‘tishimga to‘g‘ri kelgan. Trenerlikni boshlaganimdan keyin asosiy maqsadim o‘qishni tugatgunimcha O‘zbekiston chempioni chiqarish edi. O‘qishni tugatmasimdanoq bu orzum amalga oshdi. 1-kursni bitirguncha shogirdlarim orasidan Omina Ergasheva taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.  

4-kursni bitirguncha o‘z ustimizda tinmay ishladik, 10ga yaqin chempion chiqardik. Bunda bizga ustozimiz Nazarali Muhammad Mas’umning qo‘llab-quvvatlovi yordam berdi. 

Foto: Yahyo Husanboyevning shaxsiy arxividan

Saudiyaga ketish

– 2021 yilning iyun oyida Saudiya Arabistoni Ar-Riyod shahrining Ash-Shabob klubi bilan shartnoma qilib ketganmiz. Asosan kichik yosh 7–11 yoshlilarni shug‘ullantirishimiz kerak edi. Chunki ularda oxirgi 5–6 yilning ichida kichik yoshdagilar orasidan chempion bo‘lmagan ekan. Boshida 3 oyga shartnoma qilgandik, lekin borib ishlagandan keyin ish uslubimiz ularga yoqib qolib, 1 yildan ortiqroqqa olib qolishdi.

Boshlanishida Ar-Riyodning o‘zidagi saralashda 2-o‘rinni, keyin yana boshqa musobaqalarda qatnashib ham yaxshi natija ko‘rsatdik. Eng muhimi, asosiy taekvondo bo‘yicha o‘tkaziladigan Saudiya musobaqasida shogirdlarimiz chempion bo‘ldi.

Katta yoshlilar orasida tayyorlagan shogirdlarimiz 6ta musobaqada qatnashib, shularning 4tasida chempionlikka erishdi. 

Foto: Yahyo Husanboyevning shaxsiy arxividan

«Ularga ish uslubimiz yoqdi»

– Ar-Riyodga Abror ismli hamkasbim bilan borgandik. Ikkalamiz birgalashib bolalarni shug‘ullantirardik, ulardan ko‘proq narsa talab qilardik. Arablarga aynan shu narsa, ishlash uslubimiz, talabchanligimiz yoqdi va shu sabab bizni uzoqroq vaqtga olib qolishdi, deb o‘ylayman. Chunki Saudiya Arabistonida bolalarga yengillik ko‘p. Ularning o‘z xizmatkorlari, haydovchilari bor. Shu sabablimi bolalar shug‘ullanishga dangasalik qilishadi. Biz esa ulardan ko‘proq shug‘ullanishini talab qilaverardik.

Boshida bolalar bilan ishlashga qiynaldik, ular mashg‘ulotlarga kelishmasdi, ancha erkaroq edilar. Shu jihatdan yo‘limizga tushirib olishimiz qiyin bo‘ldi. Lekin uddalay oldik, deb o‘ylayman.

Biz O‘zbekistonda ham nafaqat kattaroq yoshdagi, balki kichik bolalarga ham ko‘p talab qo‘yamiz. Chunki ota-onalar bolalarini sportga berib, ham vaqt, ham mablag‘ ajratadi. Biz buni oqlamasak bo‘lmaydi. Shuning uchun ulardan hamma mashg‘ulotlarda qatnashish, ko‘proq shug‘ullanish talab qilinadi. Chunki bola musobaqaga qancha ko‘p borsa, shuncha yuqori natija ko‘rsatadi. 

Foto: Yahyo Husanboyevning shaxsiy arxividan

«Saudiyaliklar juda xotirjam, hech nimaga shoshishmaydi»

– Riyodga yoz oyida borgandik. Saudiyaning issiq ekani haqida ham eshitgandik. Lekin harorat biz kutgandan ham yuqori ekan. Hamma joyda konditsioner yoqilgan turadi. Qishi esa juda qattiq sovuq bo‘ladi. Yog‘ingarchilik bo‘lmasdan faqat quruq sovuq va shamol bo‘ladi.

Kichik do‘konlari kunning issiqligi hisobigami, ishini tushdan keyin boshlasharkan. O‘zbekistonni jannatmakon deb aytishgani sababini Saudiyaga borib bildim. Riyod shahrida e’tiborimni tortgan narsa u yerda umuman ariq ko‘rmadim. Suvlar quduq yoki maxsus mashinalarda bo‘ladi. Suv ozroq muammo.

Odamlari o‘ziga juda to‘q. Arablarning o‘zi oddiy ishda ishlamaydi. Hammasining xizmatchisi bor. Shu bilan birga arablar juda xotirjam, hech nimaga shoshmaydi. Juda mehmondo‘st xalq. O‘ziga yaqin olgan odamiga juda katta ehtirom ko‘rsatadi. Saudiyada qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar, ustozni otasidek ko‘rib e’zozlashadi. 

Foto: Yahyo Husanboyevning shaxsiy arxividan

Arablarning ibodatga munosabati haqida

– Arablarning ibodatga bo‘lgan mehri ham meni hayratlantirdi. Namoz vaqti bo‘lib qolsa, qanday musobaqa davom etayotganidan qat’i nazar, to‘xtatiladi. Bunday holatni bozorda ham ko‘rdim. Ibodat vaqtida savdoni o‘rtasidan to‘xtatib, do‘konini yopib ketishadi.

Sportga juda oddiy qarashadi. Ularda sportga intilish unaqa zo‘r emas. Buning o‘rniga arablar o‘qishga asosiy e’tibor qaratgan. Sportga sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi uchun berishadi.

Yana bir jihatni aytmoqchiman. Saudiyada O‘zbekistondanmiz desak, tanimasliklari mumkin, lekin Buxoriyning yurtidanman desak, darrov tanishadi. Boshqacha hurmat-ehtirom ko‘rsatishadi. 

Foto: Yahyo Husanboyevning shaxsiy arxividan

«Ishingizning ustasi bo‘lsangiz, O‘zbekistonda ham yetarli pul topsa bo‘ladi»

Saudiyada oylik maoshlar yuqori. Bizga ham yomon to‘lashmadi. Lekin kasbingizning ustasi bo‘lsangiz, o‘zingizning yurtingizda ham yetarlicha pul topa olasiz, deb o‘ylayman. Buning davlatga uncha aloqasi yo‘q men uchun.

Ota-onalar bolalari necha yoshdan sportga borishi borasida ham ko‘p so‘rashadi. O‘z tajribamdan kelib chiqib, ayrim tavsiyalarni bermoqchiman. Bola sportni jiddiy qabul qilishni 6–7 yoshdan boshlaydi. Lekin 4–5 yoshdan sportga berilsa, sportni ertaroq tushunib, olib ketishi oson bo‘ladi. To‘g‘ri, bu yoshda bola zo‘r tepmasligi mumkin, lekin kichik yoshdan ko‘rib, murabbiylaridan ko‘proq narsa eshitgani sari saboqlar bolalar miyasida qolib, ularni tezroq amaliyotda qo‘llaydi. 8–9 yoshdan boshlab bola professional shug‘ullanishni boshlaydi.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top