18:26 / 24.11.2022
19095

Toshkentning biqinidagi 30 yildan beri asfalt ko‘rmagan ko‘chalar. Hokimlik 1 so‘m ham ajrata olmasligini aytdi

Kun.uz Yuqori Chirchiqdagi ko‘lmaklarga to‘la uchta ko‘chada yashovchilarning dardiga quloq tutdi. Bu ko‘chalar davlat dasturiga kiritilmagani uchun hokim o‘rinbosari odamlarga “Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ishni tavsiya qildi va hokimlik 1 so‘m ham ajratolmasligini aytdi. Keyingi yildan kuchga kiradigan tartib hokimliklarga tayyor bahona bo‘lganga o‘xshaydi.

O‘zbekiston qanchalik kambag‘allik davlatligini ko‘rish uchun Toshkentdan bir qadam tashqariga chiqish kifoya. Poytaxtga chegaradosh Yuqori Chirchiq tumanidagi Yoshlik va Tinchlik mahallalari hududiga kiruvchi O‘zbekiston, Oqibat va Baxt ko‘chalarida odamga o‘xshab yurib bo‘lmaydi – odamlar yozda changga, qishda loyga botadi.

Kuzdan bahorgacha yomg‘ir sabab ichki yo‘llar katta ko‘lmaklarga to‘lib qoladi. Taksichilar ko‘pincha bu ko‘chalarga kirishni xohlamaydi – mashinangiz bo‘lmasa, katta yo‘ldan uyingizgacha loy kechib borishga majbursiz.

O‘nlab yillardan beri asfaltlanmagan bu ko‘chalar qachon epaqaga kelishi mutlaqo noma’lum. Tuman hokimligi bu ko‘chalar davlat dasturiga kiritilmaganini ro‘kach qilib, odamlarga “Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ib, yutib chiqishga chaqiryapti.

O‘zbekiston ko‘chasidan Oqibat ko‘chasiga kiraverishdagi yo‘llar / Foto: Kun.uz

Yoshlik va Tinchlik mahallalari ilgari bir hudud bo‘lib, Iyk-ota deb nomlangan. Hududning bir qismi Toshkent shahri Bektemir tumaniga o‘tkazilgach, hozirda hudud ikkiga bo‘lingan.

Biz gaplashgan mahalla odamlari bu yerga ko‘chib kelganlaridan beri shu ahvol ekani, murojaat qilmagan joylari qolmagani, ko‘proq yomg‘ir yog‘ganida hovlilarigacha suv kirishi, buning uchun alohida chuqurlar qazishganini aytishdi. Odamlarning arz-dodini videolavhamizda tomosha qiling, biz maqolada tuman hokimligining iddaosiga e’tibor qaratamiz.

O‘zbekiston ko‘chasidan Oqibat ko‘chasiga kiraverishdagi yo‘llar / Foto: Kun.uz

Yuqori Chirchiq tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Xudoyberganovning aytishicha, Yoshlik va Tinchlik mahallalaridagi ichki yo‘llarning ayrimlarini asfaltlash masalasi shu yil oktyabr oyida qabul qilingan prezident qaroriga kiritilgan.

“Do‘stlik ko‘chasi 500 metr, Yaxshi niyat ko‘chasi 300 metr, Oydin ko‘chasi 500, Jo‘shqin ko‘chasi 300 metr asfaltlashtiriladi Ichki yo‘llar uchun 900 mln so‘m ajratilgan, buning uchun loyiha smeta hujjatlari ham tayyorlangan. Loyiha shu yil so‘nggiga qadar amalga oshirilishi kerak.

Tinchlik mahallasidan Bo‘ston ko‘chasigacha 800 metr, Saxiy ko‘chasi 1000 metr, umuman jami 3 510 metr uzunlikdagi ko‘chalar davlat dasturiga kiritilgan. Loyiha "Shaffof qurilish" ilovasiga qo‘yildi, 5 kun ichida quruvchisi aniq bo‘lganidan keyin, yo‘llarini ta’mirlab beramiz, hech qanday muammo yo‘q”, – dedi Shuhrat Xudoyberganov.

Hokim o‘rinbosarining aytishicha, bu ikki mahallaning barcha ko‘chalari emas, balki shu ro‘yxatda berilganlarigini ta’mirlanadi yoki qayta quriladi. Qolganlari – aynan biz borgan O‘zbekiston, Oqibat yoki Baxt ko‘chalari esa dasturga kiritilmagan.

Shuhrat Xudoyberganov bu ko‘chalarda yashovchi fuqarolar “Tashabbusli budjet” orqali ko‘p ovoz yig‘ib, o‘z ko‘chalarini ta’mirlatishlari mumkinligini aytdi. Bu degani, agar aholi yetarlicha ovoz yig‘ib, boshqa mahallalarni ortda qoldirmasa, bir nechta ko‘chalarning holati mana shunday abgorligicha qolaveradi.

“Davlat dasturi asosida ko‘p ko‘chalar qilingan. Iyk otada ta’mirlagan ko‘chalarimizning ko‘pi Toshkent shahriga o‘tib ketdi. O‘sha yonidagi ko‘chalarni ham qilganmiz, Birlik mahallasidagi. Endi, davlatning ham, hokimiyatning ham puli birdan hamma narsaga yetmaydi-yu. Bosqichma-bosqich bo‘layotgandi. Lekin hozir hokimiyat tarafidan mana shu obodonlashtirish, ichki yo‘llar, ichimlik suvi yoki qandaydir rekonstruksiya, maktab ta’miri va qurilish ishlariga hokimiyat tarafidan 1 so‘m ham pul ajrata olmaymiz. Hozir davlat dasturi umuman o‘zgarib ketdi. Hozir faqat mana shu “Tashabbusli budjet” bilan yo‘lmi, ichimlik suvimi, maktab rekonstruksiyasimi – ovoz to‘playdigan bo‘lsa, ochiq budjet loyihasi asosida amalga oshiriladi”, – dedi hokim o‘rinbosari.

Shu nuqtada bir jihatga e’tibor qaratish kerak.

Haqiqatan ham, 2023 yildan boshlab “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari “Tashabbusli budjet”ga qo‘shib yuborilyapti. Bu bilan “Tashabbusli budjet”ga ajratiladigan pul miqdori 3,5 barobarga oshirilib, mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladigan bo‘ldi.

Bu yangilikni hokimliklar o‘zlaricha talqin qilayotgan ko‘rinadi. 1 yanvardan boshlab, tuman-shaharlar va viloyatlar budjetidagi qo‘shimcha mablag‘larning kamida 30 foizi fuqarolar tashabbuslari asosida yo‘naltiriladi. Lekin bu degani qolgan 70 foizni mahalla yo‘llari yoki boshqa infratuzilma loyihalariga ishlatib bo‘lmaydi, degani emas-ku?

Budjet daromadlarining rejadan oshirib bajarilgan qismi, ya’ni hududlarning o‘zida qolayotgan 70 foiz pulni qayerga sarflashni hokimlar va ularga qaram kengashlar hal qiladi. Ular bu pullarni tadbir o‘tkazish, gul ekish, hokimlikni ta’mirlash yoki yangi xizmat mashinasi olish uchun sarflashi mumkin-u, dasturga kirmay qolgan mahallalarga sarflashi mumkin emasmi?

Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz muxbiri

Top