23:58 / 24.11.2022
12448

Xitoyda pandemiya boshlanganidan beri COVID-19 bilan kasallanganlar soni rekord darajaga yetdi

Xitoy qariyb uch yil oldin boshlangan pandemiya davrida COVID-19 bilan kasallanganlarning kunlik soni rekord darajaga yetganini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

23 noyabr kuni koronavirus aniqlangan bemorlarning soni 31 444 nafarni tashkil qilgan. Ulardan 3 927 nafarida kasallik belgilari namoyon bo‘lgan, 27 517 nafarida kuzatilmagan.

Shuningdek, bir o‘lim qayd etilgan. Pandemiya boshlanganidan beri ularning soni 5232 taga yetgan.

Poytaxt Pekinda chorshanba kuni 509 ta yangi COVID-19 holati aniqlangan.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Xitoyning muntazam karantindan chiqa olmayotgani sabablaridan biri bu Xitoy vaksinalari samaradorligining pastligi bo‘lishi mumkin.

Xitoy Kommunistik partiyasining Siyosiy byurosi koronavirus tarqalishiga qarshi 20 ta chora-tadbirlar dasturini qabul qilishiga qaramay, kasallikni jilovlab bo‘lmayapti. Xitoy koronavirusga qarshi jiddiy kurash doirasida shahar va qishloqlar, yirik sanoat hududlari, zavod va fabrikalar, supermarket va parklarni karantinga yopish amaliyotidan foydalanmoqda. Bu esa ijtimoiy tajanglikni kuchaytirib, mamlakat iqtisodiyotiga zarba bermoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top