09:39 / 26.11.2022
9444

Kambag‘al davlatlarga tovon, yo‘qotilgan imkoniyat va yangi majburiyatlar - COP27 yakunlari

Iqlim bo‘yicha dunyoning eng yirik konferensiyasi COP27 nihoyasiga yetdi. Iqlimshunoslar sammitdagi yakuniy qarorlardan noroziliklarini yozishyapti. Ularga ko‘ra, bu yil ham rivojlangan davlatlar majburiyatlardan qochgan.

Fotokollaj: Kun.uz

27 yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan BMTning iqlim bo‘yicha yig‘ilishi – COP27 bu yil 6–18 noyabr kunlari Misrning Sharm al-Shayx shahrida o‘tkazildi.

Sammitdan asosiy kutimlar rivojlanayotgan davlatlar uchun tovon puli to‘lashni tezlashtirish, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Hindiston, Braziliya, Indoneziya va Janubiy Afrikadan issiqxona gazini kamaytirish bo‘yicha aniq reja talab qilish edi.

Xo‘sh, bu yilgi yig‘ilish maqsadiga erishdimi, undan iqlimshunoslarning ko‘ngli to‘ldimi?

Sammitning asosiy yutug‘i

COP27 katta tortishuv va bahslarga boy o‘tdi. 48 soatlik muzokaralardan keyin va nihoyat rivojlangan davlatlar iqlim o‘zgarishi natijasida kambag‘al davlatlar boshiga kelgan ofatlar uchun tovon to‘laydigan bo‘ldi. Bu “Yo‘qotishlar va zararlar uchun jamg‘arma” deb nomlanib, iqlimshunoslar uni “tarixiy bitim” deb atashgan. Chunki iqlim o‘zgarishi salbiy ta’siridan rivojlanayotgan davlatlar 30 yildan beri aziyat chekib kelyapti. Qolaversa, rivojlangan davlatlar tovon puli to‘lashdan o‘zini olib qochib yurgandi.

Iqlim o‘zgarishi o‘ta jiddiy xavf soladigan hududlar rahbarlari sammit boshida qat’iy nutqlar qilib, tovon puli undirish maqsadidan voz kechmasliklarini aytishgandi. Chunki iqlim o‘zgarishi har yili sanoqsiz qurbonlarga sabab bo‘lyapti. Jumladan, 2022 yil yozida toshqinlar sabab Pokistonda 1700 odam vafot etgan, zarar esa 40 milliard dollarga tushgan. Iqlimshunoslarning aytishicha, aynan shu raqamlar sammitda rivojlangan davlatlarni sergaklantirishga sabab bo‘lgan.

Qo‘ldan boy berilgan imkoniyat

Tovon puli masalasi sammitning eng katta yutug‘i bo‘ldi. Biroq bu sammit maqsadiga erishganini anglatmaydi. Nega? Chunki Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yangi Zelandiya kabi rivojlangan mamlakatlar iqlimni eng ifloslaydigan mahsulotdan – ko‘mirdan foydalanishni qisqartirish masalasini e’tiborsiz qoldirdi.

Yakuniy kelishuvda ham davlatlar qazib olinadigan yonilg‘ilardan foydalanishni kamaytirish majburiyatini qabul qilmadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bunga to‘sqinlik qilgan asosiy kuch G20 davlatlari bo‘lgan. Uning o‘rniga bu yil sammit matnida “ifloslanish darajasini pasaytirish va qayta tiklanadigan energiya” degan punkt qo‘shilgan. Buni iqlimshunoslar “bu yil ham boy berilgan imkoniyat” deb atashmoqda.

Iqlim yetakchisi yana AQShmi?

Avvalo COP27 doirasida Qo‘shma Shtatlar iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy yordam bermaydigan bo‘ldi. Bu noroziliklarni keltirib chiqargan bo‘lsa ham, Amerika hukumatining iqlim o‘zgarishiga qarshi qabul qilgan qarori iqlimshunoslar uchun yaxshi yangilik bo‘ldi.

Unda AQSh 2030 yilgacha issiqxona gazlarini 40 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. Shuningdek, elektr energiyasi, transport va sanoat kabi yirik tarmoqlarda yashil energiyani ommalashtirish ham ko‘zda tutilgan. Buning bir misoli endi AQShda elektr avtomobil sotib olganlar uchun taxminan 7500 dollar miqdoridagi soliq imtiyoziga ega bo‘lishadi.

Jahon resurslari institutining AQShdagi rahbari Den Lashof buni “iqlim ofatlarini kamaytirish yo‘lida AQSh bosgan eng katta qadam” deb atagan.

Lekin baribir AQShda iqlim uchun 2ta yomon yangilik bor. Birinchisi Bayden energetika inqiroziga qarshi 15 million barrel neftni zaxiradan bozorga chiqarib, neft va gazni burg‘ilash uchun yangi ijaralarni tasdiqlagan. Ikkinchisi esa Pelosining Tayvanga kutilmagan tashrifi sabab Xitoy iqlim bo‘yicha AQSh bilan hamkorlik qilishni to‘xtatib qo‘ygan. Bu yaxshi xabar emas. Chunki COP26'da kelishilgan bu hamkorlikka erishish oson bo‘lmagandi.

Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqidagi ahvol

COP26'da Buyuk Britaniya iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha katta va’dalar berib, xalqaro iqlim yetakchisiga aylangandi. Lekin COP27'da Britaniya haqida bunday deb bo‘lmaydi.

Climate Action Tracker'ning rejalar tahliliga ko‘ra, Buyuk Britaniya bu yil iqlimni yaxshilash ambitsiyalarini ko‘paytirmagan. Global energetika inqirozi Buyuk Britaniyani Shimoliy dengizda yangi neft va gaz qazib olishni tugatish va ko‘mir bilan ishlaydigan stansiyalarni yopish bo‘yicha majburiyatlarini orqaga surgan.

Bundan tashqari, Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak sammit boshlanmasidan oldin, muhim ishlari sabab Misrga borolmasligini ma’lum qilgandi. Bu esa COP27 qatnashchilarini norozi qildi.

Tahlilchilar Yevropa Ittifoqi bu yil iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda tarixiy choralar ko‘rganini aytmoqda. Lekin Rossiyaning Ukrainaga bosqini energiya manbalariga ta’sir qilib, YeIning iqlim rejasini buzib yuborgan. Yevropada so‘nggi 6 oyda iqlim chiqindilari 2 foizga oshgan.

Climate Action Tracker hozirda Yevropa Ittifoqining iqlim siyosatini “yetarli emas” deb baholagan. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi BMTga yangi iqlimiy rejalar taqdim etmagan.

Hindiston, Braziliya va Avstraliya

Hindiston 2022 yilgi iqlim rejalarini e’lon qilgan kam sonli davlatlardan biri bo‘ldi. U 2030 yilgacha ko‘mirdan foydalanishni 45 foizga qisqartirib, 50 foiz tiklanadigan energiya manbalariga o‘tmoqchi. Shunday bo‘lishiga qaramay, mamlakatda 100ta ko‘mir koni qayta ochilishi reja qilingan. Shu sabab ham Climate Action Tracker Hindistonning iqlimiy va’dalarini ahamiyatli emas deb topgan.

Braziliya esa bu yilgi sammitda o‘ta muhim va’dalar bilan ishtirok etdi. Mamlakatning oldingi prezidenti Bolsanaro sayyoraning o‘pkasi hisoblangan Amazon o‘rmonlarini kesib tashlash siyosatini olib borar va bu iqlimshunoslarning doimiy e’tiroziga sabab bo‘lib kelardi. 2021 yilning o‘zida mamlakatdagi o‘rmonlar 48 foizgacha qisqarib ketgandi. Yangi prezident Luiz Inacio Lula da Silva esa o‘rmonlar endi kesilmasligiga va’da berdi va bu iqlim faollari olqishiga sabab bo‘ldi.

Avstraliya sammitda 2030 yilgacha issiqxona gazlarini 43 foizga qisqartirishga va’da berdi. Bu raqam oldin 26 foiz edi. Mamlakat dunyoda eng ko‘p ko‘mir ishlab chiqaruvchilar beshligidan biri hisoblandi. Shu sabab mamlakat iqlim majburiyatini bajarishi muhim. Lekin bu va’da bajarilmaslik ehtimoli yo‘q emas. Chunki Avstraliya o‘tgan yili o‘rmonlarni umuman kesmaslik va’dasini bergan bo‘lsa ham, mamlakatning sharqiy qismidagi daraxtlarning yarmi kesib yuborilgan.

Xitoyning jiddiy rejalari

Hozirgi global iqlim o‘zgarishi tarixida Xitoy asosiy rol o‘ynamaydi. Lekin ayni damda Xitoy tez rivojlanish strategiyasi sabab iqlimga xavf soladigan asosiy davlatlardan bo‘lib turibdi. Chunki dunyodagi ko‘mirning yarmi Xitoyda yonadi.

Mamlakat rahbarlari so‘nggi yillarda bu mas’uliyatni his qilishni boshlaganini ko‘rish mumkin. Bu mamlakatning iqlimiy rejalari qat’iylashganida ham sezilgan. Xitoy qayta tiklanadigan energiyaning ham eng yirik sarmoyadori hisoblanadi. Va Xitoyda yangi ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarning to‘rtdan bir qismi elektrda yuradigan transportlardir.

Xitoy iqlimga qarshi kurash bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan rejalarini ham e’lon qilgan. Si Jinping esa 2030 yilgacha Xitoyda 70 milliard daraxt ekishga va’da bergan edi. Bu rejalar qanchalik bajarilishini esa vaqt ko‘rsatadi.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mavzuga oid
Top