14:14 / 09.12.2022
50419
IIB ikki jurnalistning ota-onasidan farzandlarining internetda yozganlari bo‘yicha izoh talab qildi

Ichki ishlar xodimlari Toshkentda yashaydigan ikki jurnalistning ijtimoiy tarmoqdagi mulohazalari yuzasidan ularning viloyatda yashaydigan onalarini so‘roq qildi. Voqea shov-shuv bo‘lgach, vazirlik mas’ul xodimlarga tanbeh berilganini bildirdi.

Foto: Kun.uz

Jurnalist Inobat Ahadova Facebook'dagi postlari uchun onasi 8 dekabr kuni Narpay tumani IIBga chaqirilganini ma’lum qildi.

“Kecha bir holat bo‘ldi. Xonada o‘tirsam, qishloqdan telefon jiringladi. Olsam, oyimning xavotirli ovozi. Tinchmisan, ahvoling yaxshimi, ishing tinchmi deb so‘rab ketdi. Yaxshi hammasi, nima gap desam, ota-onamni tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi (pasport stol)ga chaqirishgani aytdi. Salomatligi sabab dadam bora olmagan, onam borib kelibdi.

Qisqasi, oyimning aytishicha, IIB xodimi (o‘zini tanishtirmabdi, onam ham shoshganidan so‘rash esdan chiqqan) oyim bilan feysbukdagi postlarim bo‘yicha gaplashibdi. Nega bunday yozdi, bu postida nega bunaqa degan, nimaga unaqa kabi savollar. Ota-onam – yoshi katta insonlar, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatmaydi. Tabiiyki, oyim aynan qaysi postimni nazarda tutishganini unchalik tushunmagan. Faqat sal-pal eslagani ancha vaqt avvalgi postlar, soqol, diniy mavzudagi fikrlar bo‘lgan (qizig‘i, bu mavzular haqida umuman yozmayman ham). Suhbat so‘nggida telefon raqamimni olishgan, xavotirga hojat yo‘qligi ham aytilgan”, deb yozadi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Jurnalist yozgan postlari uchun nega o‘zi emas, balki ota-onasi IIBga suhbatga chaqirilgani, bundan qanday maqsad ko‘zlanganini savol ostiga olgan.

“Bu ish orqali ota-onam va menga ruhiy bosim qilmoqchi bo‘lishdimi? Telefon raqamimni olishgan, lekin bir kun o‘tsa-da ulardan hech kim telefon qilmadi, vaziyatni izohlamadi.

Aytmoqchi bo‘lgan gapim: men hozir 27 yoshdaman, o‘z harakati, gapi uchun o‘zi javob berishi kerak bo‘lgan, muomala layoqatiga ega fuqaroman. Yoshi ulug‘, men uchun salomatligi hamma narsadan qadrli bo‘lgan ota-onamni boshqa ovora qilmanglar, biror narsani aniqlashtirmoqchi bo‘lsangiz, o‘zimdan so‘rang.

Feysbukka kelsak, u yerda men shaxsiy fikrlarimni konstitutsiyada kafolatlangan fikrlash, so‘z erkinligi huquqimdan foydalanib yozaman. Birovning erkinligi, sha’niga daxl qilmagan holda, albatta”, deya ta’kidlaydi Inobat Ahadova.

Shunga o‘xshash holat bugun, 9 dekabr kuni Gazeta.uz muxbiri Shohrux Haydarov bilan ham ro‘y bergan.

“Ertalabdan uydan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, bu gal begona raqamdan faqat. Ko‘tarsam, ichki ishlardanman, uyingga keldim, qayerdasan, qachon kelasan, gaplashib olishimiz kerak, dedi bir notashish erkak. Tinchlikmi, kim bu o‘zi desam, IIB tezkor qidiruv bo‘limidanman, Facebook'da bir izoh qoldiribsan, shunga, deya javob qaytardi.

Ana boshlandi buyog‘i. Bechora onam bu narsalarni u qadar tushunmaydi, qon bosimi ko‘tarilib ketibdi. Otam xavfsirab alohida telefon qildilar takror. Xullas, kap-katta yigit kishining uydagilarini tinchini buzishdi, salomatligini xavfga qo‘yishdi!

Kulgilisi, IIO xodimi bo‘la turib, qayerda o‘qishimni bilmas ekan, vaholanki profilimda ham yozib qo‘yganman katta qilib. Toshkentda yashaydi, shu yerga chaqir ishing bo‘lsa... Umuman, qayerda yozilgan izoh uchun alohida chaqirtirish borligi?!” deb yozadi jurnalist tarmoqdagi sahifasida.

Haydarovga ko‘ra, IIB xodimi aynan qaysi izoh haqida gap ketayotganini aytmagan, faqat kimning postiga yozilgan izoh ekanini ochiqlagan. Jurnalist aynan qaysi izoh haqida so‘z borayotganini eslaganini yozadi, biroq buni ochiqlamaydi.

“Do‘stlarim, yaqinlarim siyosatga, birovning hayotiga xavf soladigan, izoh yozmasligim, tasdiqlanmagan ma’lumot tarqatmasligimni yaxshi bilishadi”, deb yozgan u.

Bu ikki holat faollarning e’tiborini o‘zi qaratmasdan qolmadi. Jamoatchilik jurnalistlarning ota-onasi farzandlarining ijtimoiy tarmoqdagi fikri uchun ta’qibga uchraganini qoraladi.

“Bu nima – anglashilmovchilikmi, o‘zboshimchalikmi, atay qilingan ishmi, voyaga yetgan insonning so‘zlari uchun onasidan so‘roq so‘rash qaysi mantiq va qonunga ko‘ra amalga oshirilgan – shu kabi savollarga javob kerak”, deb yozgan bloger Shahnoza Soatova.

“Toshkentdagi jurnalist-blogerlarga Konstitutsiya kuni munosabati bilan sovg‘a (yo‘q, gap “Konstitutsiyaning 30 yilligi” ko‘krak nishoni haqida emas): ularning Feysbukdagi yozgan postlari/kommentlari sabab ularning viloyatlarda yashaydigan ota-onalari IIBga chaqirilgan yoki IIO xodimlari kelib, ularning ota-onalarini so‘roq qilgan. Yurtim, ado bo‘lmas jinniliklaring bor...” deb yozadi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov yuqoridagi ikkita holat bir-biriga bog‘liq emasligi, hududiy IIB rahbarlarining “shaxsiy tashabbusi” bo‘lganini aytmoqda.

“Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Narpay tumani hamda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar IIB rahbariyatining shaxsiy tashabbuslari bilan jamoatchilik faollari tomonidan jamiyatdagi turli hodisalarga hamda vaqtinchalik qiyinchiliklarga xolis yondashishlari so‘rab, I.Ahatova va Sh.Haydarovning yaqinlari bilan suhbat uyushtirilgan”, deyiladi G‘iyosovning Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotda.

Vazirning matbuot kotibi ijtimoiy tarmoqlardagi fikri uchun jurnalistlarning yaqinlarini suhbatga chaqirgan xodimlarga tanbeh berilganini bildirdi.

“Hurmatli jurnalistlar va jamoatchilik faollari, yuqoridagi holat o‘rganildi va mas’ullarga tanbeh berildi, kelajakda ichki ishlar organlari xodimlarining jamoatchilik nazorati bilan bog‘liq faoliyatingiz bo‘yicha so‘rovlar yoki takliflar kelib tushganda ichki ishlar organlarining axborot xizmatlariga bog‘lanishingizni so‘raymiz”, deb yozgan Shohrux G‘iyosov.

Qo‘shimcha qilish lozim, 6 dekabr kuni samarqandlik bloger Farrux Samarqandiy ham Facebook'dagi postlariga yozgan izohlari uchun ikki kishi hech qanday chaqiruv qog‘ozisiz IIBga chaqirilib, ular bilan suhbat o‘tkazilgani haqida yozgandi.

“Maqsad shu o‘zi. Qo‘rqitish”, deya IIB xodimlarining bu harakatlarini izohlagandi bloger.

Top