00:01 / 09.12.2022
8630
«Orion» kosmik kemasi Oyni aylanib o‘tdi va Yerga yo‘l oldi

Artemis 1 missiyasi doirasida amalga oshirilgan parvoz natijalari kelajakda odamlarni Oyga yetkazishi lozim.

Foto: NASA

NASA tomonidan uchirilgan «Orion» kosmik kemasi Oyni aylanib o‘tdi va gravitatsiya kuchidan foydalanib, Yer sari yo‘l oldi. Bu Artemis 1 missiyasi nihoyasiga yetayotganini anglatadi.

Ekipajsiz kapsula o‘zining eng yaqin nuqtasida Oy yuzasidan 130 km masofada uchib o‘tdi va turli manyovrlarni sinab ko‘rdi. Ushbu manyovrlardan odamlarni kelajakda Oyga yuborish jarayonida foydalaniladi.

Kapsula Oyning orqa tomoniga o‘tganida, u bilan aloqa 30 daqiqaga uzilib qoldi. Shundan so‘ng, Kapsula asosiy dvigatellari uch daqiqadan ko‘proq vaqt davomida ishga tushirilib, uni Yerga yo‘naltirdi.

Endi Orion 11 dekabr kuni San-Diyego yaqinidagi Tinch okeaniga qo‘nishi kutilmoqda.

Artemis missiyasi rahbari Mayk Sarafin so‘zlariga ko‘ra, Orion Yerga qaytguncha 1,4 million mildan ortiq masofani bosib o‘tadi.

Missiyaning keyingi bosqichi Artemis II deb nomlanadi va unda odamlar ekipaji Oyga parvoz qilib, uni aylanib o‘tadi, biroq qo‘nmaydi.

Artemis III missiyasi doirasida erkak va ayol astronavtlar Oy yuzasiga qo‘nadi. Bu 2025 yildan keyin amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid
Top