15:45 / 14.12.2022
44564
Do‘rmondagi maxsus qo‘riqlanuvchi uylardan birida o‘g‘rilik sodir etildi. Uy Tanzila Norboyevaga tegishli bo‘lishi mumkin

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maxsus qo‘riqlanuvchi uylardan biridan 12 500 dollar pul o‘g‘irlandi. Kun.uz manbalariga ko‘ra, uy Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaga tegishli bo‘lishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Kun.uz ixtiyoriga Mirzo Ulug‘bek tuman sudining o‘g‘rilik jinoyatida gumon qilinayotgan fuqaroga qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi ajrimi nusxasi kelib tushdi.

Undan ko‘rinishicha, 2022 yil 2 dekabr kuni soat 23:45da Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida sudya M.Kukiyev, Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori yordamchisi F.Yunusov va gumonlanuvchi D.T. hamda uning advokati ishtirokida Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3 qismi “v” bandi (ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

Ajrimda yozilishicha, gumonlanuvchi D.T. M.U. bilan birgalikda Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan, maxsus qo‘riqlovga olingan Do‘rmon kompleksi 22-uyda maxsus enagalik vazifasini bajarib kelib, 2 noyabrdan 6 noyabrgacha navbatchilik vaqtlarida uyning mehmonxonasida joylashgan javonning pastki qismida bo‘lgan chinni idish ichida uy bekasi K.N. tomonidan solib qo‘yilgan 12 ming 500 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini yashirin ravishda talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.

D.T. bu jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida 26 noyabr kuni jalb etilgan. Prokuror o‘z iltimosnomasida unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzida ehtiyot chorasini so‘ragan, sud iltimosni qanoatlantirgan.

Bu jinoyat ishi haqida bugun, 14 dekabrda inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ham o‘z Facebook sahifasida post qoldirdi. Uning yozishicha, bu ishdagi jabrlanuvchi – Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning qizi. Kun.uz'ning voqeadan xabardor manbasi ham buni tasdiqladi.

Biz bu ma’lumotga rasmiy munosabat so‘rab, Senat matbuot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovga bog‘landik. U voqea shaxsiy ma’lumotlar bilan bog‘liqligini inobatga olib, izoh bera olmasligini bildirdi.

Top