13:57 / 15.12.2022
21799
«Hech kimga tahdid qilish niyatim bo‘lmagan» – elektr va gazdan shikoyat qilganlarga IIBning kameralarini eslatgan deputat
Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Yaqinda namanganlik deputat Muzaffar Jamoliddinovning Facebookʼdagi sahifasiga joylagan posti ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Unda deputat “shamda o‘tirsang ham uyingda o‘tir, IIBning kamerasida emas”, – deya elektr va gazdan shikoyat qilganlarga qamoqni eslatgandi. Deputat OAVga bergan intervyusida bu post tahdid qilish uchun yozilmaganini ma’lum qildi.

Namangan tumani xalq deputatlari Kengashi kotibiyati rahbari, deputat Muzaffar Jamoliddinov “shov-shuv”larga sabab bo‘lgan postini o‘chirib, uning o‘rniga yana bir post ham joylagan. Unda jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan posti noto‘g‘ri qo‘yilganini aytib, o‘chirib yuborgan.

“Ko‘pchilik fikrlarimni ochiqdan ochiq tahdid sifatida qabul qilibdi. Bunga vakolatli shaxs, ya’ni jazolovchi organ odami bo‘lmasam, qanday qilib kimnidir qo‘rqitishim mumkin? Deputat o‘zi asli xalq vakili bo‘lsa”,– deydi u “Daryo” saytiga bergan intervyusida.

“Hayotda elektr va gaz tanqisligidan tashqari, boshqa tashvishlar ham borligini nazarda tutib post qo‘ygandim”

“Bundan 5 yil avval, 2017 yili 10 oy davomida qamoq ehtiyot chorasida saqlanganman. Sud tugaganidan so‘ng ozodlikka chiqqanman va keyinchalik sudlanganlik holati olib tashlangan. Shundan kelib chiqib, hayotda elektr va gaz tanqisligidan tashqari boshqa tashvishlar ham borligi, ularning oldida bu muammolar u qadar ahamiyatli emasligini nazarda tutib, post qo‘ygandim. Lekin barcha ham meni tanimasligi, o‘tmishimdan xabardor emasligi, boshqacha tushunishlari mumkinligini o‘ylab ko‘rmagan ekanman.

Postni kechki payt joylagandim, charchagan ekanman, ko‘zim ilinibdi. Oradan ikki-uch soat o‘tib qarasam, postning ostida 1,5 mingdan ortiq izoh turibdi. Ularning aksariyati o‘ta salbiy edi. To‘g‘risi, buni o‘zim ham kutmagandim — shuncha odam meni kuzatishi, fikrimga munosabat bildirishini. Shundan so‘ng bu postni o‘chirib tashladim va keyinroq asl maqsadim bayon qilingan ikkinchi postni joyladim. Lekin unga deyarli hech kim e’tibor bermadi, tushunishni ham istamadi. Birgina “Daryo” nashrida ushbu izoh chop etildi, buning uchun tahririyatdan minnatdorman”, – deydi deputat.

Shuningdek, Muzaffar Jamoliddinov suhbatda hech kimga maddohlik qilishga ehtiyoji yo‘qligini, bu ishlardan keyin xulosa chiqarganini ta’kidlab, uzr so‘ragan.

“Asosiy xulosa shuki: nafaqat deputat, balki har qanday inson chiqishlariga, ijtimoiy tarmoqlarda joylayotgan postlariga e’tiborliroq bo‘lishi kerak ekan. Shaxsiy hayotidagi muammolarni xalq tashvishi bilan aralashtirmasligi va bu orqali ommaning g‘azab-nafratini qo‘zg‘atmasligi kerak ekan. So‘zlarimni noto‘g‘ri tushungan barchadan buning uchun yana bir bor uzr so‘rayman.

Boshimdan o‘tkazganlarim men uchun katta saboq bo‘ldi. O‘zim qo‘ygan post ortidan yuzaga kelgan talqin va tanqidlarni muhokama qilib o‘tirmasdan, deputatlik vakolatimni muddatidan avval tugatish haqida ariza berdim. Endi uni ko‘rib chiqish kengashga havola”.

Eslatib o‘tamiz, holat bo‘yicha ko‘plab jamoatchilik faollari qatorida Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ham fikr bildirgan edi.

Top