14:12 / 16.12.2022
13615

IIV mas’ullaridan tizimdagi xodimlar og‘ir mehnat sharoiti va oylik maosh kamligi haqida so‘raldi

Ichki ishlar vazirligi mas’ullari tomonidan navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda tizimga jamoatchilik tomonidan bo‘layotgan doimiy tanqidlar mazmunida xodimlar og‘ir mehnat sharoitlari va oylik maoshlar yetarli emasligi masalasi ham yotishi haqida so‘raldi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz muxbiri savoliga ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov javob berdi.

“Hozirgi paytda ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xodimlarning ijtimoiy himoyasi masalasida o‘tgan safar ham tushuntirish berilgandi. Ya’ni psixologlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, xodimlarning ish faoliyati, ularning sog‘lig‘i, oilaviy masalalari bo‘yicha hozirgi paytda qanday imkoniyatlar yaratilgani haqida.

Endi men bu masala bo‘yicha qaytadan to‘xtalmayman, lekin bir narsani aytishim kerakki, ichki ishlar organlariga tanlov jarayonida boshqa kasb egalariga qo‘yilmaydigan ma’lum talablar qo‘yiladi. Masalan, jismoniy, psixologik layoqatliligi ko‘rib chiqiladi. Undan tashqari xodimning jamiyatda faolligi va boshqa holatlari ko‘rib chiqilgan holda ishga olinadi. Bundan tashqari, ichki ishlar organlarida shunday tartib borki, har yili xodim majburiy tarzda dispanserizatsiyadan o‘tkaziladi. Yil davomida sanatoriy, sihatgoh va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari beriladi. Oylik masalasiga kelsak, ichki ishlar organlari xodimlarining oyligi siz aytganday kam emas. O‘ziga yarasha imkoniyatlar yaratib berilgan. Shuning uchun xodimlar faoliyati bilan bog‘liq barcha holatlar normativ hujjatlar bilan belgilangan va imkoniyat yaratilgan.

Oyliklar borasida bizda tabaqalanish bor. Ishga yangi kelganlar, ularning ish jarayoni, tajribasi va lavozimiga ko‘ra oylik maosh oshib boraveradi. Bundan tashqari til bilish, ilmiy darajaga egaligiga qarab ham qo‘shimcha maosh to‘lanadi. Agarda sizga bu bo‘yicha to‘liq ma’lumot kerak bo‘lsa, qo‘shimcha ma’lumot taqdim etamiz”, – dedi vazirlik axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov.

Top