13:33 / 16.12.2022
6130

Lion yaqinidagi yong‘inda kamida 10 kishi halok bo‘ldi

Fransiyaning Vo-an-Velen shahridagi turar joy binosida sodir bo‘lgan yong‘in bilan 170 kishi kurashdi. Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda. Kamida 10 kishi, jumladan, voyaga yetmagan shaxslar halok bo‘lgan.

Foto: AFP

16 dekabr, jumaga o‘tar kechasi Fransiyaning Vo-an-Velen shahridagi turar joy binosida yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada kamida 10 kishi, jumladan, 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 5 nafar bola halok bo‘ldi. Yana 4 kishi og‘ir tan jarohati oldi, 10 kishi, jumladan, ikki o‘t o‘chiruvchi yengil tan jarohati oldi, deya xabar beradi Overn-Ron-Alp mintaqasi prefekturasi. 

Lion chekkasidagi voqea joyiga o‘nlab o‘t o‘chirish mashinalari jalb qilingan. Yong‘inga qarshi kurashda ixtisoslashtirilgan xizmatlarning 170 nafar xodimi ishtirok etdi.

Yong‘in turar joy binosining birinchi qavatida sodir bo‘lgan, keyinroq to‘rtinchi qavatga o‘tgan, dedi BFMTV telekanaliga o‘t o‘chirish xizmati vakili. Tutun aholini evakuatsiya qilishni qiyinlashtirdi. Hozirgi vaqtga kelib yong‘in o‘chirilgan.

Rasmiylar binodagi yong‘inga nima sabab bo‘lganini hozircha bilmayapti, deb xabar qildi Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen. Tergov ochiladi, deya ta’kidladi Ichki ishlar vazirligi rahbari. U respublika prezidenti Emmanuel Makron bilan aloqada ekanligini qo‘shimcha qildi. 

Top