19:08 / 19.12.2022
27112

Qodirov va Abduqodirov bahsi: O‘zbekiston milliy manfaatlarga zid tuzilgan gaz shartnomalarini bekor qilishi mumkinmi?

“Milliy tiklanish” partiyasi tashkillashtirgan davra suhbatida iqtisodchi Abdulla Abduqodirov va partiya raisi Alisher Qodirov O‘zbekistonning birinchi ma’muriyati davrida gaz qazib olish, uni import va eksport qilish bo‘yicha Rossiya bilan milliy manfaatlarga zid qilib tuzilgan xalqaro shartnomalarni bekor qilish mumkin yo mumkin emasligi borasida bahsga kirishdi.

Tadbir davomida Abdulla Abduqodirov dastlab O‘zbekistonda elektr energiyasi uchun ta’riflarni oshirish borasida berilayotgan takliflarga o‘z munosabatini bildirdi.

Unga ko‘ra, bugungi kunda soha oldida narxlarni oshirishdan avval qilinadigan “ming bitta” ish bor va bularni qilmay turib narx oshirish hech qanday natija bermaydi.

“Iqtisodchi Otabek Bakirov elektr energiyasi uchun ta’riflarni (narxlarni) oshirish masalasini ko‘taribdi. Hozir Alisher Qodirov ham shu masalani ko‘targani uchun o‘z fikrimni bildirib ketsam.

Men iqtisodchi sifatida bunga butunlay qarshiman. Chunki sohaning ichiga kirsangiz, ming bitta hal qilinmagan masalalar bor. Avval shularni hal qilib, keyin ta’riflar masalasini ko‘tarish kerak.

Masalan, bizda hozir elektr energiyasi gazni yoqish orqali olinadi. Lekin 1990 yillarning boshida sovet ittifoqi “uch-uch-uch” nomli tizim qilgandiki, unga ko‘ra, elektr energiyasi uchdan bir holatda mazut yoqish, uchdan birida gaz va yana uchdan birida ko‘mir yoqish orqali olinardi.

Lekin Valeriy Atayev ismli vazirimiz hammasini gazlashtirishga o‘tkazgan. Mazut ham, ko‘mir ham o‘sha paytlarda bir tiyin edi. Qolaversa, o‘zimizda chiqardi. Hozir butunlay gazga o‘tirganmiz. Hozirgi muammolar o‘shanda boshlangan.

Xo‘p, bugun aholiga nima uchun fundamental savol bermaymiz. Nima uchun odamlarga ikki xil energiya berishimiz kerak, bir xil energiya bersak bo‘lardi-ku. Masalan, elektr bilan ovqat pishirsa ham bo‘ladi, uy isitsa ham bo‘ladi. Yevropaning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, Fransiyada odamlarga faqat elektr energiyasi beriladi. Germaniyada ham xuddi shunday, elektr beriladi, gaz berilmaydi. Nima uchun biz hamma joyga hamma energiyani yetkazib berishimiz kerak. Bu energitlar uchun fundamental masala.

Ikkinchidan, xo‘p, gaz sohasi asosiy soha deyilgan bo‘lsa, unda qanday muammolar bor?

Birinchidan, avvalroq O‘zbekiston xaritasiga qarashganda asosiy investorlarga xaritadagi shu butun maydonlarni bo‘lib berishgan. Bo‘lib berilayotganda ularga investor bo‘lganing uchun asosiy pulingni geologiya-razvedkaga tashlaysan degan shart ham qo‘yilgan. Keyin shu yerdan gazni qazib olishing va uni olib chiqib ketishing mumkin, deyilgan.

Bu ularga geologiya-razvedkaga sarflagan pulni kompensatsiya qilish uchun aytilgan. Lekin “investorlar” nima qildi? Bir so‘mlik xarajatini bizga o‘n so‘m deya ko‘rsatdi. Masalan, burg‘ilash uskunasi butun infrastrukturasi bilan 2-2,5 mln dollar turadi. Ular bizga xuddi shu infrastrukturani 6-7 mln dollar deya ko‘rsatdi. Demak, ular O‘zbekistondan 6-7 mln dollarlik gazni olib chiqib ketaverdi.

Ikkinchidan, sohada ba’zi bir kompaniyalar gazni import va eksport qilishi mumkin, ba’zilari esa yo‘q. Qaysi bir kompaniya suyultirilgan gazni erkin sotishi mumkin, qaysi biri yo‘q. Ya’ni bozorda kompaniyalarga berilgan sharoitlar bir xil emas.

Agar o‘sha kompaniyalarga 20 foiz gazingni davlat belgilagan narxda sotasan, qolgan 80 foizi bo‘yicha ixtiyor o‘zingda, deyilsa, elektr energiyasi uchun 300 so‘m narx ham biz uchun yetib ortadi. Shunchaki, buning ichiga kirish kerak”, – dedi tahlilchi.

U shuningdek, O‘zbekistonda gaz qolmadi, importdan boshqa choramiz yo‘q, deya so‘nggi vaqtlarda tez-tez aytilayotgan fikrlar yuzasidan ham o‘z munosabatini bildirdi.

“Gazimiz qolmaganmish, bo‘lmagan gap, gaz tiqilib yotibdi. Faqat mehnat qilish kerak.

Men yuqorida ruslarning nima qilganini aytdim. Ular qilingan ishni o‘n barobar yuqori narxda ko‘rsatib va yana 90 ga 10 nisbatda gazimizni olib chiqib ketyapti. 10 foiz O‘zbekistonga, 90 foiz eksportga.

Hozir shuni o‘zgartiraylik, 20ga 80 foiz nisbatda qilaylik, desak, shunga ham qarshilik bor. O‘zimizning gazimizni o‘zimiz sotib olishimiz haqida gap ketyapti, tekinga berishga emas.

Putinning shu kunlarda aytayotgan gapini qarang. O‘zbekistonga “Uch tomonlama ittifoq” doirasida gaz beraylik, deyapti. Bu degani u o‘zimizning gazni o‘zimizga olishga ruxsat beradi, degani. Yana ko‘p emas, yuqorida aytganim, 90 ga 10 ni 80 ga 20 qilib beradi. Ularning asosiy maqsadi O‘zbekiston orqali Turkmanistonga o‘tayotgan trubalarga kirib olish.

Bu nimaga olib keladi? Shunga olib keladiki, o‘n yil davomida mahalliy imkoniyatlarni qancha ko‘paytirsak ham eksport qilolmaymiz, imkoniyatlarimizni oshirolmaymiz, chunki trubalarimiz ularda bo‘ladi, mahalliy imkoniyatni ular ushlab turgan bo‘ladi. Shuningdek, biz ishlab chiqargan bilan uni qayerga joylaymiz?

Shuning uchun aytmoqchimanki, bugungi 300 so‘mlik narx shundog‘am yetarli. Birgina misol «Uz-Kor Gas Chemical» nomli kompaniya bor, 16.67 dollardan gaz sotib oladi. Endi o‘ylang, 16.67 qayoqda-yu, 300 so‘m qayerda? Ikki barobar kam. O‘zi gazning tannarxini olsak, uning 1000 metr kubi 5-10 dollar bo‘ladi.  Bugungi kunda esa biz o‘zimizda ishlab chiqarilgan gazni ishlab chiqaruvchidan 40-60 dollardan sotib olyapmiz. Lekin bugungi import narxi bundan ancha qimmat – 180 dollarga yaqinni tashkil qiladi.

Budjet xarajatlarining o‘sgani kimga foyda, kimga zarar?

Xo‘p, ertaga narxni oshirdik ham deylik, qanchaga oshiramiz? 10 foiz oshirasiz, 15 foiz oshirasiz, qani yigirmaga oshirib ko‘ring-chi, nima bo‘larkin? Oshirdik ham deylik, tasavvur qilyapsizmi, bu o‘rtadagi narxni qoplaydimi? Sharoitni o‘zgartirish kerak. Narx bu oxirgi masala.

Shuningdek, bu sohada katta monopolistlar ham o‘tiribdi. Shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish kerak.

Qiziq, o‘zi gaz yetmayapti, unda nega qurding  “GTL” degan zavodni? Bu zavod 4,9 mlrdga qurildi va yiliga 3,5 mlrd gaz sarflanadi.  Lekin uning ishlab chiqargan mahsuloti narxi 4,5 barobar qimmat.

Bu kompaniya o‘zimizning gazimizni qayta ishlab, import narxidan 5-6 barobar qimmatga mahsulot chiqaryapti. Xo‘sh, kimga kerak edi bir necha barobar qimmatga tushgan, tushayotgan bu korxona?

Demak, bu sohada siyosatimiz butunlay noto‘g‘ri. Eng achinarlisi, bu bo‘yicha hamma shartnomalar xalqdan yashirilgan. Qarang, vazirlikning irodasini bukish oson, xalqning irodasini bukib bo‘lmaydi.

Bizda vazirlik kelishuvlarni xalqqa e’lon qilmagandan keyin va xalq unga fikr bildirmagandan keyin vazirlikdagi istalgan odamning chakagini bitta telefon bilan o‘chirish, istalgan hujjatga qo‘l qo‘ydirish mumkin.

Shuning uchun ham kelishuvlar, hujjatlar xalqqa e’lon qilinishi kerak.

Biz 2017-18 yillarda chet eldan “Boston Consulting Group” audit kompaniyasini olib kelib, holatimizni o‘rganib chiqqanmiz. Kompaniya sohadagi barcha shartnomalarni bittama-bitta ko‘rib chiqib, tahlil qilib, muammolarimizni aytgan.

Ammo biz ular o‘sha o‘rganishlardan keyin nimani taklif qilgan bo‘lsa, teppa-teng teskarisiga ishladik. Bunga qanday chidash mumkin?

Biz ularni taklif qildik, pul berib o‘rganish o‘tkazdik, lekin ular bergan tavsiyalarning butunlay teskarisini qildik. Demak, bizga ta’sir qilayotgan tashqi kuchlar bor. Bu ishlar tashqi kuchlar ta’sirida bo‘ldi”, – dedi Abdulla Abduqodirov.

Tahlilchi so‘zlarida davom etarkan, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov unga O‘zbekistonning gaz sotish bo‘yicha imzolagan shartnomasi bu xalqaro shartnoma, bugun uni bekor qilish uchun konfliktga kira olamizmi, deya savol bilan yuzlandi.

“Kira olamiz. Germaniya, Italiya kabi rivojlangan demokratik mamlakatlar bugungi kunda “Gazprom”ning ikkita yerosti gaz omborlarini milliylashtirdi.

Biz shu masalani qo‘yib, ularga kompensatsiya taklif qilishimiz va ular bizning ixtiyorimizda qoladi deyishimiz mumkin”, – dedi Abduqodirov unga javoban.

Ammo deputat kompensatsiya yechim bo‘lmasligi, O‘zbekiston o‘n marta kompensatsiya qilib bersa ham ruslar bunga rozi bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

“Shuning uchun ham biz quyosh panellari, iste’molchiga gaz yetkazib berishdagi o‘zgarishlar uchun sohaga biznes kirib kelishi kerak, deyapmiz. Bu masala tagida muammo siyosiy, juda katta qorishma bo‘lib yotibdi. Siz to‘g‘ri aytyapsiz, juda katta qorishmalar dedi”, – u.

Abdulla Abduqodirov partiya raisi so‘zlariga javoban “tushunib turibman, lekin xalqimizning bu sharoitda yashashiga ham yo‘l qo‘yolmaymiz. Bu muammolarni hal qilmasak, biznes ham kirib kelmaydi”, – deya javob berdi.

Shuningdek, “nega biz bu sohada dunyodagi taniqli kompaniyalar bilan emas, hech kim bilmaydigan, qalang‘i, qasang‘ilar bilan ishlab yuripmiz?! Hamma gap shunda”, – deya qo‘shimcha qildi iqtisodchi.

Deputat va iqtisodchi bahsi davom etarkan, unga siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov ham qo‘shildi va O‘zbekistonning milliy manfaatlarga qarshi o‘laroq tuzilgan shartnomalarni bekor qilishga bo‘lgan harakatlari juda katta risklar olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

“Buning oqibatlarini to‘laqonli modellashtirish imkonsiz”, dedi siyosatshunos.

Top