07:32 / 20.12.2022
12302

Putin va Lukashenko harbiy hamkorlik tafsilotlarini oshkor qildi

Belarus Rossiyaning S-400 komplekslarini jangovar navbatga qo‘ydi, «Iskander»ni qabul qildi va Rossiya bilan yangi mashg‘ulotlarga tayyorlanmoqda.

Foto: Global Look Press

Belarus Rossiya tomonidan berilgan S-400 uzoq masofali havo mudofaa tizimini jangovar navbatga qo‘ydi, shuningdek, raketalari yadroviy kallakni olib yurishi mumkin bo‘lgan «Iskander» kompleksini oldi. Bu haqda Aleksandr Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 19 dekabr, dushanba kuni Minskda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Fevral oyida u S-400 tizimlari Minsk yaqinida «Kiyevda, Varshavadan tashqarida va hokazolarda nima bo‘layotganini ko‘rish uchun» joylashtirilishi mumkinligini aytgan edi.

Bundan tashqari, Moskva va Minsk muntazam harbiy mashg‘ulotlar amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar va rossiyalik mutaxassislar, xususan, yadroviy kallaklarni tashish uchun qayta jihozlangan Belarus samolyotlari ekipajlarini tayyorlaydi.

Rossiya prezidenti, shuningdek, «umumiy harbiy doktrinani izchil amalga oshirish doirasida» Rossiya-Belarus qo‘shinlarining mintaqaviy guruhi faoliyat yuritayotganini, Belarusda yagona havo mudofaa tizimi yaratilganini, ikki mamlakat harbiy qismlarini harbiy muvofiqlashtirish ishlari olib borilayotganini eslatdi. 

Lukashenko Rossiya bilan hamkorlikni izohlar ekan, ularni Putin bilan «hamkor tajovuzkorlar» deb atadi. «Bilasizmi, biz ikkimiz birgalikda tajovuzkormiz, bu sayyoradagi eng zararli, zaharli odamlarmiz», dedi u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top