18:40 / 21.12.2022
5958

«Gaz ittifoqi» tashabbusi g‘oya darajasida qolmoqda - Qozog‘iston TIV

Bu g‘oya hozircha rasmiylashtirilmagan, shuningdek, u bo‘yicha hech qanday tafsilot yoki taklif berilmagan.

Foto: AP

Rossiya taklif qilayotgan «gaz ittifoqi»ni tashkil etish Qozog‘istonga qanday shartlar qo‘yilishiga bog‘liq. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almas Aydarov ma’lum qildi.

«Yevrosiyo integratsiyasi hukumatlararo va davlatlararo kelishuvlar bilan rasmiylashtirilgan hukumatlararo integratsiyadir. Gaz ittifoqini yaratish Rossiya tomoni taklifi bo‘lgan va hozircha u rasmiylashtirilmagan, biz Rossiya tomonidan bu qanday shaklda amalga oshirilishi haqida hozircha hech qanday tafsilot yoki taklif olganimiz yo‘q. Hozircha bu gaz savdosining ayrim jarayonlarini birlashtirish g‘oyasi xolos», — dedi Almas Aydarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hammasi Qozog‘istonga taklif qilinadigan shartlarga bog‘liq bo‘ladi.

«Hozircha gaz masalasida alohida tuzilma, tashkilot yoki davlatlararo ittifoq tuzishga hojat yo‘q. Bu shunchaki gaz ta’minoti va narxlarni tartibga solish bo‘yicha g‘oya edi. Barcha mamlakatlarda gaz taqchilligi bor, shuning uchun Rossiya tomoni shunday taklif bilan chiqdi», — deb tushuntirdi Aydarov.

Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokidagi «gaz ittifoqi» haqida birinchi marta Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan chiqqan.

O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «gaz ittifoqi» haqidagi savolga javoban, gap «allaqanday alyans, ittifoq haqida emas, balki import shartnomasi orqali gaz olish» haqida ekanini aytdi.

Top