16:41 / 21.12.2022
7554

Ukraina: «Rossiyaliklar internatlardan bolalarni farzandlikka olish uchun faol ravishda o‘g‘irlamoqda»

Rossiya kuchlari Xerson viloyatining Nova Kaxovka va Oleshek psixiatriya shifoxonalaridan bemorlarni annexia qilingan Qrimdagi Arabat hududida joylashgan Strelkovoye qishlog‘iga olib ketishdi, deb xabar berdi Ukraina Milliy qarshilik markazi. 

Foto: AP

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlar rossiyaliklar tortib olib, psixiatrik shifoxonaga aylantirgan «Geolog» dam olish markazida saqlanmoqda

«Xodimlarning aksariyati Rossiya Federatsiyasidan olib kelingan, ammo bemorlarga g‘amxo‘rlik qilishga rozi bo‘lgan mahalliy aholi ham bor», deyiladi xabarda. 

Ukraina Milliy qarshilik markazi bunday harakatlar mustaqil qarshilik ko‘rsata olmaydigan odamlarni o‘g‘irlash ekanligini, aslida ular garovga olinganligini ta’kidladi.

«Rossiyaliklar internatlardan bolalarni keyingi «farzandlikka olish» uchun ham faol ravishda o‘g‘irlamoqda. Biroq, Xalqaro jinoiy sudning Rim ustaviga ko‘ra, bolalarni bir etnik guruhdan boshqasiga majburan o‘tkazish genotsid belgisidir. Bolalar ataylab Rossiyaning chekka hududlariga olib ketilgan», - deya ta’kidladi Milliy qarshilik markazi. 

Bundan oldin Yevroparlament Golodomorni Ukraina xalqining genotsidi sifatida tan olgandi. 15 dekabr kuni parlamentning 507 nafar deputati tegishli rezolyutsiya uchun, 12 nafari esa qarshi ovoz berdi.

Xuddi shunday qaror allaqachon bir qator davlatlar tomonidan qabul qilingan. 30 noyabr kuni Germaniya Bundestagi tegishli rezolyutsiya uchun ovoz berdi. «Golodomor totalitar tizimlarning mizantropik jinoyatlari ro‘yxatiga kiradi, buning natijasida 20-asrning birinchi yarmida Yevropada millionlab odamlar halok bo‘ldi. Nafaqat g‘alla hududlari, balki butun Ukraina ochlikdan aziyat chekdi. Bugungi kun nuqtayi nazaridan, bu tarixiy va siyosiy rejada genotsid sifatida belgilanishi kerak», deya ma’lum qildi Berlin. 

SSSRda Iosif Stalin hukmronligi davrida amalga oshirilgan qishloq xo‘jaligini majburiy kollektivlashtirish natijasida 1932-33 yillarda mamlakatda ommaviy ocharchilik yuzaga keldi, millionlab odamlar uning qurboni bo‘ldi. Ukraina nuqtayi nazaridan, bu falokat Sovet Ittifoqi rahbariyati tomonidan ataylab qo‘zg‘atilgan.

Golodomor uzoq vaqtdan beri Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi asosiy bahs mavzusi bo‘lib kelgan. Moskva Kiyevning yirik ocharchilik qurboni faqat ukrainaliklar bo‘lgan degan fikrini rad etib, Markaziy Osiyo va Rossiyadagi millionlab odamlar ham ocharchilikdan jabr ko‘rganini da’vo qiladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top