15:56 / 24.12.2022
13411

“Bu insoniyatga nisbatan jinoyat” - Afg‘onistonda ayollarga universitetda o‘qish taqiqlandi

Afg‘onistonda 20 dekabrdan ayollarga oliy ta’lim olish taqiqlangach, ko‘chalarda namoyishlar uyushtirildi. Tibbiyot yo‘nalishi talaba yigitlari ayollarga birdamlik sifatida imtihonlarni boykot qildi.  

Afg‘onistondagi ayollar ta’lim olish imkoniyatidan bosqichma-bosqich mahrum qilinmoqda.   

“Tolibon” harakati 20 dekabr kuni afg‘on ayollariga universitetlarda o‘qish taqiqlanganini ma’lum qildi. Ta’lim vazirligi bayonotiga ko‘ra, ayollarning universitetlarga kirishiga cheklov zudlik bilan va muddatsiz kuchga kiradi.   

O‘tgan yili “Tolibon” qizlar o‘rta maktablarning katta sinflarida o‘qishini taqiqlagan edi.

Uch oy oldin Afg‘oniston oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi, o‘qishga kirganlar orasida minglab yosh ayollar ham bor edi. Biroq ular o‘rganishi mumkin bo‘lgan fanlar va kasblar chegaralangandi: veterinariya, muhandislik, iqtisod va qishloq xo‘jaligi ayollar uchun taqiqlandi, jurnalistikaga esa qattiq cheklovlar qo‘yildi.   

21 dekabr kuni poytaxt Kobulda ba’zi ayollar norozilik namoyishlari o‘tkazdi.   

“Bugun biz qizlar universitetlarining yopilishiga qarshi bo‘lib, Kobul ko‘chalariga chiqyapmiz”, dedi Afg‘oniston ayollari birdamlik guruhi a’zolari.   

Biroq kichik namoyishlar rasmiylar tomonidan tezda bostirildi.

“Tolibon” bu bilan o‘zgarmaganini yana bir bor isbotladi. Ular ayollarning ta’lim va ijtimoiy hayotda ishtirokini cheklashdek qattiq taqiqlarni joriy qildi. Xalqaro jamoatchilik bunga jiddiy e’tibor berishi kerak”, deydi afg‘onistonlik talaba qizlardan biri.    

Nangarhar universitetining tibbiyot yo‘nalishi talaba yigitlari toliblarning bu qaroridan noroziligini ifodalab, ayollarga birdamlik sifatida imtihonlarni boykot qildi. Ular “Tolibon”dan afg‘on ayollarini universitetga qaytarishni talab qilib, imtihonlardan chiqib ketishgan.  

Afg‘on yozuvchisi va inson huquqlari faoli Shafiqa Khpalvak qizlarga ta’limni taqiqlashni insoniyatga nisbatan jinoyat deb atadi. U xalqaro jamoatchilik va islom davlatlaridan bu ekstremizmga qarshi kurashishda afg‘on ayollariga yordam berishni so‘ragan.

Afg‘on ayollari “Tolibon”ning bu qarori vaqtincha ekani haqida yangrayotgan so‘zlarga ishonishmayapti. Chunki qizlarga o‘rta ta’lim taqiqlanib, maktablar qizlar uchun qayta ochilishi haqidagi va’dalar hali ham amalga oshmadi. 

Toliblarning Afg‘onistonda 1996-2001 yillardagi hukmronligi davrida ham qizlar faqatgina 8 yoshgacha maktabga borishiga ruxsat berilgandi. Ammo bu huquq ham to‘liq kafolatlanmagandi.  

UNICEF hisobotlariga ko‘ra, afg‘on bolalarining atigi 4-5 foizi boshlang‘ich maktabda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Natijada, 2000 yilga kelib afg‘on ayollarining faqat 12,6 foizi o‘qish va yozishni bilgan.   

O‘tgan yili “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng universitetlarda erkaklar va ayollar alohida o‘qitila boshlandi. Shu bilan birga, ayollarni faqat boshqa ayollar yoki keksa yoshdagi erkaklargina o‘qitishi mumkin edi. 

Noyabr oyida Kobuldagi ayollarga shahar parklariga, basseyn va sport zallariga kirish taqiqlab qo‘yildi. Ushbu qoidalar butun mamlakatga tatbiq etilishi kutilmoqda.

Madina Ochilova tayyorladi.
Montaj ustasi Muhiddin Qurbonov

Top