1 maydan O‘zbekistonda utilizatsiya yig‘imining oshirilgan stavkalari kuchga kiradi. Natijada, misol uchun, bojxona qiymati 22 800 dollar bo‘lgan Changan Deepal S07 avtomobilini olib kirish narxi 3600 dollardan 6200 dollargacha oshadi. Ikki xil dvigatelga ega, lekin faqat elektrda yuradigan bu toifa modellar rasman hibrid toifaga o‘tkazilishi bilan, Deepal C07ning bojxona xarajatlari 9600 dollardan oshib ketadi.
O‘zbekistonga kelgan xorijlikning e’tiborini tortadigan jihatlardan biri – yo‘llardagi mashinalarning aksariyati bitta brendga tegishli ekani. Bundan 4 yil oldin mashhur vloger, Nas Daily sahifasi muallifi Nusair Yosin Toshkentga kelib, bu yerdagi deyarli hamma mashinalar Chevrolet ekanidan hayron qolgandi.
“Do‘stlar! Men shunday yurtdamanki, bu yerda deyarli hamma mashinalar – Chevrolet! Behazil! 27 yildan beri hukumat faqat bitta mashina turi sotilishiga ruxsat bergan. Ular Chevrolet’ni tanlashgan. Mana, monopoliya qanaqa bo‘ladi”, degandi u.
Oradan ancha vaqt o‘tdi. Bu davr mobaynida dunyo avtomobilsozlik sanoatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, Toyota va Mercedes'ga o‘xshagan mashhur kompaniyalar ham an’anaviy benzinda harakatlanadigan avtomobillar o‘rniga elektromobil va gibrid mashinalar ishlab chiqarishga asosiy urg‘uni qaratyapti. Bu borada xitoyliklar modellar soni bo‘yicha ham, ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish tezligi bo‘yicha hammadan bir bosh ustunlikka erishdi.
Umuman olganda, global bozorlarda raqobat va xilma-xillik tobora ortib boryapti. Ammo O‘zbekistonda yana yangi monopollashuv alomatlari tobora ko‘proq ko‘rina boshlayapti.
Monopoliya nima?
Monopoliya – bitta sotuvchi yoki o‘zaro kelishib ishlaydigan bir nechta sotuvchilar guruhining bozor ustidan hukmronlik qilishi. Lekin monopoliyaning yuzaga kelishini hamisha ham o‘ta salbiy holat deb baholab bo‘lmaydi. Ya’ni monopoliyaning ham monopoliyadan farqi bor.
Masalan, mamlakatdagi qaysidir bir kompaniyaning bozordagi ulushi 70 foiz bo‘lsa, lekin u bu ulushni halol qo‘lga kiritgan bo‘lsa va bozorga kirishga hech qanday cheklovlar bo‘lmasa, uni ayblay olmaymiz. AQShdagi Microsoft yoki Google'ni misol qilib olish mumkin – ular ochiq raqobat sharoitida paydo bo‘lishgan. Hozirgi mavqeyini suiiste’mol qilmasligini esa monopoliyaga qarshi organ nazorat qiladi.














