12:16 / 26.12.2022
41260

«Xotinimni Tojikistondan o‘g‘irlab kelganman» - uch «ro‘zg‘or»ni tebratayotgan sobiq jurnalist kosib hikoyasi

«O‘zingizdan qolar gap yo‘q, talaba yigitning o‘ziga yarasha chiqimlari ko‘p bo‘ladi. O‘rni kelsa, qizlarga «jyentelmenlik» qilgisi ham kelib qoladi. Xullas, kursdoshlarim bilan mardikor bozorda turibmiz. Bir kishi kelib kim non yopoladi, deb so‘radi. Shunday qilib, nonvoy meni o‘zi bilan olib ketdi», - deydi jurnalistikada o‘qib, kosiblik qilayotgan qahramonimiz.

Foto: KUN.UZ

Bir yigitga qirq hunar oz, deyishgani bejiz emas. Hayot insonni ne sinovlarga yo‘llamaydi! Erkak kishining zimmasida ro‘zg‘or deb atalmish xurjun turadi. Uni to‘ldirishdan esa g‘orni to‘ldirish osonroq.

Chorsu bozorida kosiblik qiladigan Rustam aka ham qirq hunarning boshini tutganlardan. Mardikor bozorga chiqishdan boshlangan talabalik hayoti nonvoylik, kosiblik, jurnalistlik faoliyati bilan bog‘lanib ketdi.

— O‘zim asli Qashqadaryodanman. Oilada yetti farzand edik. Yoshligimda juda sho‘x bo‘lganman. Menga oyoq kiyim chidamasdi, bir deganda yirtib kelardim. Sakkiz-to‘qqiz yoshlar edim. O‘g‘il bola emasmanmi, shart o‘zim tikib oldim.

Ustaga shogird tushmaganman. Qo‘limga bigiz olib o‘zim tikib ketganman. Shu bo‘ldi-yu, kosiblik ham men uchun bir hunarga aylandi. Ulg‘aygach, qaydasan Toshkent, deb yo‘lga tushdim. Talaba bo‘lganimdan so‘ng ham uydagilarimga og‘irligim tushmasligi payida bo‘lardim.

Bir kun kursdoshlarim bilan mardikor bozorga chiqadigan bo‘ldik. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, yigit kishining chiqimi ko‘p bo‘ladi. O‘rni kelganda qizlarga «jyentelmenlik» qilgisi kelib qoladi.

Shunda, bir kishi kelib kim non yopoladi, deb so‘radi. Bilsak, nonvoy ekan. Nonlarini yoptirgani odam izlab kelibdi. Men qishloqda non yopib ko‘rganman. Lekin sotishga non yopmaganman, o‘rgatsangiz o‘rganib olaman, dedim. Shunday qilib novvoy meni o‘zi bilan olib ketdi.

Qishloqda o‘sgan yigit emasmanmi, bir deganda o‘rganib oldim. Ishim ma’qul bo‘ldi shekilli, novvoy meni uyida olib qoldi. O‘sha oila bilan to‘rt yil birga yashadim. Avvaliga novvoy uchun non yopdim. Yaxshi o‘rganib olgach o‘zim mustaqil bo‘lib non yopa boshladim.

Novvoy 100 so‘mga bir qop un olsa, men unga 150 so‘m berardim. Qilgan foydam o‘zimga qoladi. Ertalab turib non yopib, olti-olti yarimga tayyor qilardim. Sakkizga sotib tugatib o‘qishga yetib borardim.

Ikkinchi kursdan gazetaga ishga kirgan edim. Ish vaqtim bo‘lguncha darslarga qatnashardim-da, men amaliyotga ketdim, deb domladan javob so‘rab ishga kelardim. Ishxonada tez-tez vazifalarimni tugatib, kechki payt bozorga yo‘l olib kosiblik qilardim.

Tunda uyga qaytgach, ertangi kun uchun xamir qorardim. Shu zaylda o‘zimdan orttirib, uyga ham pul jo‘natardim. Hammasiga ulgurardim.

Shunday kunlarning birida bozorda bir qizni ko‘rib qoldim. 18–19 yoshli, shijoati ichiga sig‘maydigan, hech narsadan qaytmaydigan yigit edim. Ko‘rdim-u, shu qizga uylanaman, degan o‘y kechdi xayolimdan. Odam hayotini birga quradigan insonini ko‘rganda o‘zi his qilarkan. U qiz tojikistonlik bo‘lib, Toshkentga bozor aylangani kelgan ekan.

U yog‘ini so‘rasangiz, yangangizni Tojikistondan o‘g‘irlab kelganman! Yo‘q, uyidagilari janjal qilishmagan, sudga ham berishmagan. Qaytaga qizlari tinch yurtga kelin bo‘lganidan xursand bo‘lishgan (kuladi).

Oilamni noldan o‘zim qurganman. Hamma narsaga asta-sekinlik bilan, qanoat bilan erishyapmiz. Uch nafar farzandim bor, ikki o‘g‘il bir qiz. O‘g‘illarimdan biri universitetda o‘qiydi. Topganim kontraktini to‘lashga, ijara puliga va ro‘zg‘orimizga yetadi, shukur. Ba’zida hazillashib kosiblik ortidan uch «oila»ni boqyapman, deyman: kontraktni, ijarani va ro‘zg‘orimizni nazarda tutib.

Ayolim ingliz tili o‘qituvchisi. Men unga ro‘zg‘or — erkak kishining yelkasidagi ish, sening vazifang —farzandlarimizga ta’lim berish, deb aytganman. Uning bolalarimizni tarbiyalashi, ta’lim berishi men uchun yetarli. Pul topishi shart emas. Kerak bo‘lganini birovdan kam qilmasdan o‘zim beraman.

Gazetada, nogironlarga ko‘maklashish jamiyatida ishladim. Faoliyatim jarayonida ko‘p xizmat safariga ketishimga to‘g‘ri kelardi. Odamlarning yuziga ochiq gapirishni va shunday yozishni yaxshi ko‘raman. Maddohlik men uchun emas. Shuning ortidan ba’zi hokimliklar bilan sudlashishgacha borib yetganmiz.

Oxirgi marta xizmat safariga ketayotganimda qizim tug‘ilgandi. Ishonasizmi, uch oylik bo‘lganida qaytib kelganman. Bolam meni tanimagan. O‘zingiz ham bilsangiz kerak, gazetalarda oylik haminqadar. Ham uydan ko‘p vaqt olisda yurishimga to‘g‘ri kelyapti. Har tomonini tosh-taroziga soldim-da, kosiblikni tanladim.

Bolaligimda bu hunarni o‘rganib olganim bejiz emas ekan. Rizqim shu hunar ortidan ekanda. Hali ham jurnalist do‘stlarim bilan ko‘rishib turaman. Mening oldimga ko‘p kelib turishadi. Asosan katta avlod vakillari meni ko‘proq tanishadi.

Bir kuni Milliy universitetning jurnalistika fakultetida ishlaydigan bir domla ish bilan keldi. Oyoq kiyimini ta’mirlagunimcha gapga solib o‘tirdi. Bilasiz, jurnalist ahli kimni ko‘rsa gapga soladi. Domla ham bizning xilimizdan ekan. Bergan savollarini aylantirib, aslida bunday deb savol berganingizda mana bunday javob olardingiz dedim.

Gaplarimni eshitib, shaxsimga qiziqib qoldi. Jurnalistlik bilan shug‘ullanishimni tavsiya qildi. Men uchun kosiblik eng ma’qul ish. Unda kun tartibini ham, kimning oyoq kiyimini ta’mirlashni ham o‘zim hal qilaman. Narxiga kelishsam qilaman, kelishmasam hech kim majburlamaydi.

Lekin shu vaqtgacha hech kimni norozi qilmaganman. Novvoylik emaski, xamirim achib qolsa masallig‘imga kuyadigan. Kuyadigan, yo‘qotadigan va nimadir tikadigan ish emas. Shu sabab ham kasbimni yaxshi ko‘rsam kerak.

Domla to‘rt nafar talabasini oldimga imtihonga jo‘natibdi. Psixologiyadan sinovdan o‘tkazib bering, sizdan o‘tmasa yiqiladi, deb. Qo‘ying, deyishimga qaramay talabalarni jo‘natibdi. Suhbatlashib ko‘rdim, o‘qib uqmaganlar xilidan ekan.

Xullas, hayotimda shunday voqealar ham bo‘lib turadi. Aytsam — tinglagani vaqtingiz yetmaydi. Bir so‘z bilan aytganda men kosibligim bilan xalq ichidaman, desam ham bo‘ladi.

Charos Mannonova suhbatlashdi. 

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top