18:25 / 28.12.2022
43391

Qudbiyev o‘zini o‘zi band qilganlarga kassa-apparat o‘rnatish talabi qo‘yilganiga izoh berdi

Kun.uz o‘zini o‘zi band qiluvchilar kassa-apparat o‘rnatishi mumkinligiga oid yangi tartib joriy qilingani haqida yozgandi. Biroq qonunchilikka muvofiq o‘zini o‘zi band qilganlar barcha soliqlardan ozod qilingan. Ular qaysi mantiqqa ko‘ra kassa apparat qo‘llashi kerak? Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev bu borada izoh berdi.

Foto: KUN.UZ

Mantiqsiz o‘zgarish 

Vazirlar Mahkamasining 806-sonli qaroriga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat-kassa texnikasi va bank plastik kartochkalari orqali hisob-kitoblar bo‘yicha to‘lov terminallaridan foydalanadi hamda tijorat banklarida hisob varaqlari ochishi mumkinligi belgilandi

Soliq qonunchiligiga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qiluvchilar soliqdan to‘liq ozod qilingan. Mehnat staji uchun esa ixtiyoriy ravishda 1 yilda bir marta ijtimoiy soliq – 300 ming so‘m to‘lash kifoya. Ammo bu toifa fuqarolar qancha daromad oladigan bo‘lsa ham, soliqqa tortilmasligi belgilab qo‘yilgan. Qonunchilik bo‘yicha kassa apparat, to‘lov terminallarini tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘llash majburiy. 

Jazolash metodlaridan birimi?

Kun.uz bilan suhbatda soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov bu haqda shunday degan edi. 

«Kassa apparatlarini qo‘llashdan maqsad soliqdan qochishning oldini olish va soliq bazasini aniqlash. Endi o‘zini o‘zi band qiluvchi soliq to‘lamaslik imtiyozi bo‘lib turib, kassa apparatini qo‘llashi kerak. Agar qo‘llamasa, unga 5 million so‘m jarima bor, qo‘llasa, har oy kassa apparatining 100 ming so‘mlik to‘lovini amalga oshirishi kerak. Bundan maqsad – jarimalar sistemasini yaratish. Menda bunday faktlar bor: sartaroshga 5 mln so‘m jarima to‘latishgan».

Soliq qo‘mitasi raisi nima deydi?

Bu tartib borasida Kun.uz muxbirining savoliga DSQ raisi Sherzod Qudbiyev izoh berdi. Uning aytishicha, soliq organi xodimlari sartaroshning ustidan iste’molchilar «Soliq hamkor»ga chek bermagani haqida murojaat qoldirgani uchun tekshirishga borgan bo‘lishi mumkin.  

 «Bu masala yangi emas. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga onlayn nazorat kassa mashinasini o‘rnatish haqida Soliq qo‘mitasining topshirig‘i, rejasi, talabi yoki maxsus yig‘ilishi qilinmagan. Yaqin o‘rtada bunga vaqtimiz ham yetmaydi. Bunda sal mantiq bo‘lmaydi – o‘zini o‘zi band qilganlar soliq to‘lamaydi, ularga kuch ketkazib aylanmasini olganimiz bilan ulardan soliq undira olmaymiz.

Joylardagi fuqarodan chek bermaslik holati yuzasidan murojaatlar qilingan bo‘lishi mumkin. Soliq hamkorga murojaat bo‘lsa, u o‘rganishsiz qolmasligi kerak, chunki boshqa fuqaroning ham huquqi bor-da. Murojaatni soliq organi xodimlari borib o‘rgangan bo‘lishi mumkin», dedi u.

Ammo soliq to‘lashdan ozod qilganlarga majburiy kassa apparat qo‘llash tartibini «mantiqsiz» deb atagan rais, so‘zining davomida yangi o‘zgarish «to‘g‘ri» ekaniga urg‘u berdi. 

«Lekin o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro chek bermasa ham bo‘laveradi degani emas. Chek berishi kerak, chekiga soliq to‘lamasligi boshqa narsa. Soliqdan ozod degani chek bermasligi kerak deganimas, bu qonunchilikda yo‘q. Ammo uning aylanmasi soliqqa tortilmaydi», dedi Qudbiyev.

Top