17:59 / 30.12.2022
36850
Ishmetov va Toshqulov Prezident administratsiyasiga ishga o‘tkazildi

Moliya vaziri Temur Ishmetov prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov esa prezident maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Prezidentning tegishli farmoni bilan Timur Ishmetov prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Moliya vaziri lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Abduqodir Toshqulov prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimidan ozod qilindi.

Abduqodir Toshqulov Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimida 2021 yil yanvar oyidan buyon, Temur Ishmetov esa Moliya vaziri lavozimida 2020 yil fevral oyidan buyon ishlab kelayotgandi.

Oldinroq Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga shu paytga qadar Xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Baxtiyor Saidov tayinlangandi. 

Top