13:20 / 02.01.2023
16612

«Yangi dorilarni o‘zimiz aprobatsiya qilishni to‘xtatishimiz zarur» – Behzod Hoshimov

AQShda istiqomat qiluvchi, Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov rivojlangan davlatlarda tasdiqdan o‘tgan dorilarni ishlatishga to‘g‘ridan to‘g‘ri ruxsat berilishi, boshqa har qanday doriga rivojlangan davlatlarda tasdiqdan o‘tish talabi qo‘yilishi lozimligini taklif qildi. Sababi O‘zbekistonda qimmat laboratoriyalar va texnologiyalar yo‘q.

Foto: Kun.uz

Iqtisodchi Behzod Hoshimov huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevga bergan intervyusida sifatsiz dorilar mamlakatga kirmasligi uchun nimalar qilish zarurligi haqida fikr bildirdi.

Behzod Hoshimov — O‘zbekistonlik iqtisodchi va jamoat faoli. «Iqtisodchi kundaligi» blogi, YouTube’dagi Hoshimov’s Economics (Hoshimov Iqtisodiyoti) videoblogi muallifi. U Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms Robinsonning «Mamlakatlar tanazzuli sabablari: Qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari» kitobining o‘zbekcha tarjimasiga muharrilik qilgan. «Yuksalish» umummilliy harakati o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra? O‘zbekiston blogerlar va inflyuyenserlarining 30 talik ro‘yxatidan joy olgan. Behzod Hoshimov Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati, Amerika Iqtisodchilar Assotsiyatsiyasi va AQShdagi Strategik menejment jamiyati a’zosi. AQSh Patent va Tovar belgilari idorasidan iqtisodiy model patenti sohibi va Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasi (IEO) hakamlar hay’ati a’zosi. U ayni vaqtda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet masalalari qo‘mitasi huzuridagi ekspertlar kengashi va «Mikrokreditbank» kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.

«Bolalar o‘lgandan keyin («Dok-1 Maks» dorisi sabab vafot etgan bolalar haqida) nima uchun biz bunday holatdamiz deb o‘ylashdan ham oldin, nima uchun biz bunday xunuk muvozanatdamiz, deb o‘ylashimiz kerak. Xorijiy OAVning yozishicha, bundan oldin Gambiyada 69 bola vafot etgan ekan. Nima uchun biz Gambiya kabi mamlakatlardek ayanchli bir joyga kelib qoldikki, farzandlarimiz sifatli bo‘lmagan dori-darmon mahsulotlarini iste’mol qilyapti?

Javob qanaqa? O‘zbekistonda import qilinadigan va mamlakatda ishlab chiqariladigan dorilarni tekshirish organlari bor. Ba’zilari uchun O‘zstandart, ba’zilari uchun esa Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi. Ularning 2 ta maqsadi bor: birinchisi xavfsizlik, keyingisi samaradorlikni aniqlash. Bularni tekshirish uchun juda qimmat laboratoriyalar kerak bo‘ladi. Dorilarning fizik va kimyoviy tarkibi, fizik va kimyoviy xususiyatlari tekshirilishi kerak. So‘ng eksperimental tarzda dorilarni ishlatib ko‘rib, so‘nggina ishtalishga ruxsat berish kerak. Bu jarayonlarda har bir doriga taxminan 10 ming dollar miqdorida pul ketadi», dedi iqtisodchi.

Behzod Hoshimovning qayd etishicha, birinchi xato – unchalik boy bo‘lmay turib shunday mas’uliyatli vazifani byurokratlarga topshirib qo‘yishda bo‘lgan.

Masalan, AQShda bu jarayonlar bilan shug‘ullanadigan alohida tashkilot – Food and drug administration’ning budjeti O‘zbekiston budjetidan kattaroq. Lekin O‘zbekistonga u tasdiqlagan dorilar olib kirilishi uchun ham mas’ul idoralar boshidan tekshirish olib boradi. Vaholanki, ularda millionlab dollarlik laboratoriyalar mavjud, bitta doriga yuz ming dollar sarflay oladi.

«Bizga o‘xshagan kambag‘al davlatlar – masalan, Ukraina, Gruziyada ixtiyoriy rivojlangan mamlakatda sertifikat olgan dorilarni qayta tekshirib o‘tirmaslik haqida qonun chiqqan. Men ham shuning tarafdoriman. Chunki dori va oziq-ovqat chet elda ishlab chiqarilib tasdiqdan o‘tgach, uning yana O‘zbekistondagi tasdiqdan o‘tish jarayoni esa faqat poraxo‘rlik.

O‘zimizda ishlab chiqarilgan yoki g‘arbiy mamlakatlarda tasdiqlanmagan dorilarni esa faqat o‘zimiz tekshiramiz. Bu yerda haqiqatga tayanib ish ko‘rilishi lozim», dedi Behzod Hoshimov.

Hoshimovning taklifiga ko‘ra, birinchidan, qimmat laboratoriyalar, olimlar va texnologiyalar yo‘qligi va bunga sharoit ham yo‘qligini hisobga olib, yangi dorilarni o‘zimiz aprobatsiya qilmasligimiz zarur.

Ikkinchidan, o‘zbekistonlik yoki chet ellik dori ishlab chiqaruvchining dorisi rivojlangan davlatda tasdiqdan o‘tmagan bo‘lsa, uni ishlatishga ruxsat bermaslik zarur.

«Chunki bizning saralab berish imkonimiz yo‘q va buni tan olishimiz kerak», deydi iqtisodchi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda «Dok-1 Maks» siropidan zaharlanib 19 bola vafot etdi.

Top