09:29 / 05.01.2023
3944

Twitter siyosiy reklamalarga taqiqni bekor qildi

Siyosiy reklamaga qo‘yilgan taqiqning bekor qilinishi uning «muhim mavzularning jamoatchilik muhokamasiga hissa qo‘shishi» bilan izohlanadi. Twitter bu taqiqni 2019 yilda joriy qilgan.

Foto: Reuters

Twitter 2019 yilda xuddi shu nomdagi ijtimoiy tarmoqda siyosiy reklamalarga qo‘yilgan taqiqni bekor qiladi, deb xabar berdi Twitter'ning ishonch va xavfsizlik bo‘limi rahbari Ella Irvin 4 yanvar, chorshanba kuni Reuters agentligiga. 

«Biz kontekstli reklama muhim mavzularning jamoatchilik muhokamasiga hissa qo‘shishiga ishonamiz. Bugun biz Qo‘shma Shtatlarda kontekstli reklama bo‘yicha siyosatimizni yumshatamiz. Shuningdek, yaqin haftalarda ruxsat berilgan siyosiy reklamani kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz», - deyiladi Twitter xabarida.

Endilikda ijtimoiy tarmoq o‘z reklama siyosatini televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan amal qiladigan qoidalarga muvofiqlashtirishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi kompaniya. «Siyosatdagi barcha o‘zgarishlarda bo‘lgani kabi, biz avvalo kontentni ko‘rib chiqish va tasdiqlashga bo‘lgan yondashuvimiz Twitter'dagi odamlarni himoya qilishiga ishonch hosil qilamiz. Bu ish davom etar ekan, batafsilroq ma’lumotlarni taqdim etib boramiz», — deya va’da qildi Twitter.

Ella Irvin taqiq olib tashlanadigan reklamalar orasida iqlim o‘zgarishi, hukumat dasturlari, aholi va saylovchilarni ro‘yxatga olish haqidagi reklamalarni aytib o‘tdi.

2019 yil oktyabr oyida kompaniyaning o‘sha paytdagi rahbari Jyek Dorsi ijtimoiy tarmoq endi siyosiy reklamalarni e’lon qilmasligini ma’lum qildi. «Biz siyosiy xabarlar ularni tinglashga loyiq deb hisoblaymiz, buni pulga olish noto‘g‘ri», deb tushuntirdi Dorsi. «Gap so‘z erkinligi haqida emas. Gap pul evaziga eshitish haqida ketyapti», - deya ta’kidladi u.

2022 yil oktyabr oyida kompaniyani tadbirkor Ilon Mask sotib oldi va u ijtimoiy tarmoq siyosatidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarni e’lon qildi. «Twitter'ni qo‘lga kiritishimga sabab - sivilizatsiya kelajagi uchun keng ko‘lamli fikrlarni sog‘lom, zo‘ravonlikka murojaat qilmasdan muhokama qilish mumkin bo‘lgan umumiy raqamli platformaga ega bo‘lish muhim», — dedi Mask.

Mavzuga oid
Top