O‘zbekiston | 16:55 / 09.01.2023
8759
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways Qozonga uchgan samolyot nosoz dvigatel bilan qo‘nganini tasdiqladi

Foto: Uzbekistan Airways

Kun.uz'da O‘zbekiston havo yo‘llariga tegishli Airbus A320 samolyoti Rossiyaning Qozon shahriga qo‘nish oldidan dvigatellaridan biri ishlamay qolgani, nosozlikka qaramay uchoq muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgani haqida xabar berilgandi.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining holat yuzasidan Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, samolyot chindan nosoz dvigatel bilan qo‘nishni amalga oshirgan. Qozonga uchgan samolyot bortida 173 nafar yo‘lovchi: 158 nafari katta yoshdagi, 13 nafar o‘smir hamda 2 nafar chaqaloq bo‘lgan.

«2023 yilning 7 yanvar kuni HY9649/9650 Toshkent – Qozon – Toshkent yo‘nalishida parvoz qilayotgan Airbus A320 havo kemasining bitta dvigateli ishdan chiqqan. Havo kemasi muvaffaqiyatli tarzda nosoz dvigatel bilan Qozon aeroportiga qo‘ngan. Bort sahnida 173 yo‘lovchi (158 nafar katta, 13 o‘smir va 2 chaqaloq) bo‘lgan va qo‘nish jarayonida ularning hech biri zarar ko‘rmagan.

Yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish uchun Boeing767 havo kemasida HY8649/8650 qo‘shimcha reys tashkil etilgan. Hozirda havo kemasining dvigatelining ishdan chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Qozon-Toshkent qaytish reysida esa166 nafar yo‘lovchi manzilga yetkazilgan.

Uzbekistan Airways AJ axborot xizmati yo‘lovchilar xavfsizligi birinchi o‘rinda ekanini eslatib o‘tadi. Yo‘lovchilar va kutib oluvchilarga yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», deyiladi aviakompaniya axborotida.

Kun.uz «AVIAINCIDENT» Telegram-kanaliga asoslanib, 7 yanvar kuni Qozonga UZB9649 reysni amalga oshirayotgan UK32012 raqamli uchoq mahalliy vaqt bilan 19:40 da dvigatellardan biri ishlamay qolgani haqida xabar berib, 2700 fut balandlikda uchishga ruxsat so‘ragani, keyinchalik nosozlikka qaramay, muvaffaqiyatli qo‘ngani haqida yozgandi.

Mavzuga oid