Iqtisodiyot | 15:31 / 09.01.2023
24702
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ko‘paydi

2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning «xavfsizlik yostiqchasi» 35,8 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 628 mln dollarga ko‘p. 

Foto: Reuters

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangiladi.

2023 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 35,77 mlrd dollarni tashkil qilgan.  Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2022 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, 33,44 mlrd dollar bo‘lgan. 

Dekabr oyi davomida oltinning fizik hajmi kamaygan bo‘lsa-da, (12,8 mln troya unsiyadan 12,7 mln troya unsiyaga), qiymati 22,46 mlrd dollardan 23,06 mlrd dollarga oshgan. Bu asosan hisobot davrida jahon bozorida oltin narxlarining qimmatlashgani bilan bog‘liq.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari ham 9,93 mlrd dollardan 11,64 mlrd dollarga ko‘paygan.

«O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan 0,6 mlrd dollarga yoki 1,8 foizga oshdi. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1799,25 dollardan 1812,35 dollargacha ko‘tarilishining ta’siri 0,2 mlrd dollarni tashkil qildi», - deyiladi Markaziy bank izohida.

Zaxiralar mamlakatning «xavfsizlik yostiqchasi» ham hisoblanadi – ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid