16:22 / 09.01.2023
11312

Qozog‘iston tanga hamda rus-belarus rubllarining o‘zaro konvertatsiyasi haqidagi bitimlardan chiqmoqchi

Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi shunday bitim 1995 yilda, Belarus Respublikasi bilan esa 1996 yilda imzolangan edi.

Foto: pulse.mail.ru

Qozog‘iston hukumati Qozog‘iston va Rossiya va Belarus hukumatlari, shuningdek, Qozog‘iston Milliy banki va qolgan ikki mamlakatning markaziy banklari o‘rtasidagi tanga va rubllarning kurslarini barqarorlashtirish, o‘zaro konvertlanishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi bitimlarni bekor qilish to‘g‘risida qaror loyihasini tayyorlagan.

Loyiha Qozog‘iston Respublikasining Ochiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilingan. Qaror qabul qilinishiga sabab sifatida bitim o‘zining dolzarbligini yo‘qotgani ko‘rsatilgan.

«Rossiya Federatsiya hukumati, Rossiya banki va Qozog‘iston Respublikasi hukumati, Qozog‘iston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 1995 yilning 20 yanvarida Moskva shahrida imzolangan rubl va tanganing kurslarini barqarorlashtirish, o‘zaro konvertlanishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi bitim bekor qilinsin», — deyiladi Rossiya bilan imzolangan bitimga doir qaror loyihasida. Belarus rebli bilan bog‘liq bitimda ham ayni shu so‘zlar keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga QR ushbu bitimlar bekor qilish niyatida ekanligi borasida Rossiya va Belarus hukumatlarini xabardor qilib qo‘yish vazifasi ham yuklatilgan.

1995 yilning 20 yanvarida Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida rubl va tanganing o‘zaro konvertlanishi va kurslarini barqarorlashtirish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Bitimga ko‘ra, ikki mamlakat Rossiya va Qozog‘iston valutalarining bir-biriga va erkin konvertlanadigan valutalarga nisbatan kurslarini barqarorlashtirish bo‘yicha choralarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, shuningdek ularning o‘zaro konvertlanishiga erishish majburiyatini olishgan.

Qozoq tangasi va belarus rubli o‘rtasida xuddi shunday bitim Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida 1996 yilning 17 yanvarida imzolangan. Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Qozog‘iston bu bitimdan ham chiqadi.

Ostonaning fikricha, oradan yigirma yildan ko‘proq vaqt o‘tib, bitimlar o‘z dolzarbligini yo‘qotgan. Har ikki qaror loyihasining jamoatchilik o‘rtasida ochiq muhokamasi 2023 yilning 20 yanvariga qadar davom etadi. Qaror imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.

Top