16:34 / 25.01.2023
13946

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 14 foiz ekani ma’lum qilindi

2022 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushdi, deb ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev. Prezident kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 2023 yilgi vazifalarni belgilab berdi. Yil oxirigacha 2 millionta doimiy ish o‘rni yaratishga topshiriq berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor o‘tkazmoqda. Unda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2023 yil uchun rejalar muhokama qilinyapti.

Davlat rahbari kambag‘allikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini ta’kidladi.

“Natijada o‘tgan yilning o‘zida kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani, bunda hokim yordamchilari 1 million nafar aholini kasb-hunarga o‘qitib, tadbirkorligini boshlashga ko‘maklashgani, daromadli ish bilan band qilgani muhim omil bo‘lgani qayd etildi.

Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yekti tashkil qilindi, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklandi”, – deyiladi rasmiy relizda.

Bu ishlarni 2023 yilda davom ettirish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha barcha tarmoq va hudud rahbarlariga aniq topshiriqlar berilgan.

Jumladan, 2023 yilda 5 million nafar aholi bandligini ta’minlash, shu jumladan 2 millionta doimiy ish o‘rinlarini yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi deb belgilangan minimal iste’mol xarajatlari 1 kishi uchun oyiga 498 ming so‘m deb belgilangan.

Misol sifatida aytilishicha, Andijon viloyati joriy yilda investitsiya loyihalari hisobiga 40 mingta, paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga bo‘lib berish hisobiga 75 mingta va mavsumiy ishlar orqali 200 mingta, mahallalarda mikromarkazlar tashkil etish, sanoat zonalarida ishlab chiqarishni kengaytirish va markaziy ko‘chalarni xizmatlarga ixtisoslashtirish, savdo-servis obektlarini barpo etish hisobidan 135 mingta; oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar hisobidan 20 mingta ish o‘rinlari yaratishni reja qilgan.

Yoki, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida kartoshkachilikni yo‘lga qo‘yib, 10 ming aholini daromadli ish bilan ta’minlash, bog‘larning sug‘orish tizimini tiklash hisobiga 2 ming, Ko‘kdalada tarvuz ekishni yo‘lga qo‘yib, 32 ming, Mirishkorda dala chetlariga tut ektirish hisobiga pillachilikda qo‘shimcha 6 ming aholini daromadli qilish rejalashtirilgan. 

“Qolgan viloyatlar-chi? Bu borada hududlarning dasturlari bilan birma-bir tanishib chiqdim. Ochiq aytish kerak, ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari masalaning ichiga kirmagan”, – dedi prezident.

Top