10:53 / 26.01.2023
6068

Buxoroda siropdan bolalar vafot etgani haqida yolg‘on xabar tarqatilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

“Sinepar” siropidan 23 bolaning o‘lgani haqidagi xabarni tarqatgani uchun “BUKHARA NEWS” axborot resursiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Buxoro viloyat prokuraturasi axborot xizmati ma’lum qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida bir kunning o‘zida «Sinepar» siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani haqida xabarlar tarqala boshlagach, Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ma’lumotlar asossiz ekanini bildirgandi.

Buxoro viloyat prokuraturasi bolalar o‘limi haqidagi xabarni tarqatgan “BUKHARA NEWS” axborot resursiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Rasmiy munosabatda aytilishicha, “BUKHARA NEWS” ma’lumotlarning haqqoniyligini o‘rganmasdan videomurojaat e’lon qilingan va aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar tarqatgan. Holat yuzasidan JKning 244¹-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, viloyat prokuraturasi “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 12¹- moddasida axborot resursining egasi, shu jumladan blogerlarga o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga yoxud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirish majburiyati yuklatilganini eslatib o‘tgan.

Top