O‘zbekiston | 17:11 / 25.01.2023
13797
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda «Sinepar» siropidan 23 bola vafot etgani rad etildi

SSV Buxoro viloyatida «Tsinepar» siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani haqidagi xabarlar yolg‘on ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, fuqarolardan shifokor ko‘rsatmasisiz, o‘zboshimchalik bilan dori ichmaslik so‘raldi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida bir kunning o‘zida «Sinepar» siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bu ma’lumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga zid ekanini ma’lum qildi.

«O‘rganishlar davomida Buxoro viloyatidagi tibbiyot muassasalarida davolangan bolalarda ushbu preparatni qabul qilish tufayli hech qanday o‘lim holati kuzatilmagan», – deyilgan xabarda.

Shuningdek, SSV har qanday dori vositasidan shifokor ko‘rsatmasisiz va o‘zboshimchalik bilan foydalanmaslik zarurligini eslatib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Quramax Medical kompaniyasining «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siroplari bolalar o‘limiga sabab bo‘la boshlagani haqida xabarlar tarqalgandi. Tekshiruvlar natijasida, dorilar tarkibida mumkin bo‘lmagan miqdordagi etilenglikol va/yoki dietilenglikol moddalari borligi aniqlangan. Buning ortidan hind kompaniyasining barcha dorilarini O‘zbekistonda sotish taqiqlangandi.

 

Mavzuga oid