13:45 / 27.01.2023
10171

“Tanqid o‘rinli, ammo statistika kerak” – Statistika agentligi maqolaga munosabat bildirdi

Tizimni raqamlashtirish hamda hisobot topshirishni soddalashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Foto: Canva

Kun.uz’da statistik hisobot turlari va ularda so‘ralgan ma’lumotlarning ko‘pligi, hisobotlarni onlayn topshirishdagi mashaqqat tadbirkorlar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylangani haqida maqola e’lon qilingandi. Statistika agentligi maqolaga rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, xalqaro tavsiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalar asosida statistika uslubiyoti takomillashtirib borilmoqda. “Statistika” integrallashgan axborot tizimi ishga tushirilib, davlat organlarining axborot resurslari bosqichma-bosqich integratsiya qilinyapti.

Statistika idoralari tomonidan xalqaro tavsiyalarga muvofiq hamda respondentlarga hisobot taqdim etish yuklamasini bosqichma-bosqich qisqartirib borish maqsadida doimiy ravishda statistika kuzatuvi shakllari takomillashtirib borilmoqda. Xususan, 2017 yilda statistika hisoboti shakllari 115 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yil uchun 98 ta hisobot shakllari mavjud. Ya’ni hisobot turlarining qisqarishi qariyb 15 foizni tashkil etgan. O‘z navbatida, tanlanma kuzatuvi shakllari soni 30 foizga oshgan.

Shuningdek, 62 ta statistika hisoboti va ilovalaridagi ko‘rsatkichlar soni 2022 yilga nisbatan jami 3 174 taga yoki 17,7 foizga qisqartirish orqali soddalashtirilgan, 47 ta hisobot shakllarining topshirish muddatlari maqbullashtirilgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, 2022 yilga nisbatan statistika hisobotlari jami soni 10,9 foizga, shu jumladan, oylik hisobotlar 14,3 foizga, mavsumiy hisobotlar 33,3 foizga va yillik hisobotlar 12,2 foizga qisqartirilgan.

Ctatistika agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish borasida statistika ma’lumotlarining sifati, ishonchliligi, shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash choralarini ko‘rib borish, faoliyatga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiyani amalga oshirish va alternativ axborot manbalaridan foydalanish orqali respondentlarga xisobot yukini kamaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olingan”, — deyiladi agentlik rasmiy munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, statistika organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida respondentlarga konsalting (maslahat) xizmatlari shartnoma asosida taklif etiladi. Bu o‘zaro ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. 

Mavzuga oid
Top