Ish yuzasidan Mirobod tumani davlat xizmatlari markaziga kirdim. Men turgan darchaning oldiga navbatda turgan erkak kelib, bir narsa so‘rab olmoqchi ekanini aytdi hamda markaz xodimiga yuzlandi:
— Kechirasiz, boshlig‘ingiz qayerda o‘tiradi?
— Nima masalada keldingiz?
— Men tuman statistika bo‘limi boshlig‘iman. Nechta firma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida ma’lumot olmoqchi edim.
— Iye, hamma ma’lumotlar raqamlashgan-ku, onlayn rejimda idoralararo ma’lumot almashinuvi bor, bu sizlarga ham ko‘rinadi shekilli? Biz bunaqa ma’lumot bermay qo‘yganimizga, bizdan so‘ralmay qo‘yganiga ham ancha bo‘lgan, — hayron bo‘ldi markaz xodimi.
— Mendan ham boshqarma so‘rayapti-da, — erkak biroz norozi ohangda markaz boshlig‘i o‘tiradigan xona tomon yo‘naldi.
Bir daqiqa ham davom etmagan ushbu (Kun.uz muxbiri tasodifan guvoh bo‘lib qolgan) suhbat statistika tizimining bugungi ahvolini ko‘rsatib bergandi. Raqamlar bilan ishlaydigan mazkur sohada statistik ma’lumotlar hamon bu shaklda yig‘ilishi chindan hayratlanarli. Ayniqsa, hisobot turlari va ularda so‘raladigan ma’lumotlarning ko‘pligi, onlayn topshirishdagi ayrim mantiqsizliklar, soliq va boshqa organlar bilan o‘zaro integratsiya qilinmagani tadbirkorlarni (nafaqat tadbirkorlar, balki barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni) sarson qilmoqda.
Bugungi kunda raqamlashtirish va integratsiya qilishni namunali tarzda yo‘lga qo‘ygan tashkilotlar bor. Masalan, ulardan biri Davlat soliq qo‘mitasi. Soliq tizimida hisobotlarni topshirish hisobchilar uchun juda qulay va tushunarli qilib qo‘yilgan. Ammo Statistika agentligi negadir bu masalada hamon “o‘tgan asrning 90-yillarida” qolmoqda.
Statistika tizimida hisobot topshirish yaqin 2 yilda onlayn shaklga o‘tkazildi. Biroq statistik hisobot turlari va so‘raladigan ma’lumotlar shunchalik ko‘pki, ularni to‘g‘ri to‘ldirish uchun har bir tashkilotda shu sohaning maxsus mutaxassisi bo‘lishi kerak. Jumladan, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha statistik hisobotni to‘ldirish uchun agronom yoki sanoatga bog‘liq statistik hisobotni to‘ldirish uchun texnolog bo‘lish zarur. Oddiy hisobchi bu turdagi hisobotlarni topshirishi uchun juda ko‘p vaqt sarflaydi.
Masalan, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha statistik hisobotlarda tuxum tug‘adigan tovuqlar soni, echki yoki qo‘ydan qirqib olingan jun, bo‘g‘oz bo‘lmagan g‘unajinlar soni, shudgorlangan va shudgorlanmagan yerlar, o‘g‘it solingan maydon, qo‘zilarning o‘rtacha vazn olishi kabi ma’lumotlar so‘raladi. Aksariyat tashkilotlarda bularni hisobchi to‘ldirishi va belgilangan vaqtda topshirishi kerak.

























