17:37 / 29.01.2023
16138

«O‘zbekistonda superxotira egalari ko‘p, lekin e’tibor yo‘q» – «Supermiya» mashg‘ulotlari asoschisi Davronbek Turdiyev bilan suhbat

U kuchli xotira egalari ko‘payishi mamlakatda aqlli va salohiyatli odamlar ko‘payishiga olib kelishini ta’kidlaydi. Uning shogirdlari orasida bir kunda 1000 ta inglizcha so‘z eslab qoladigan va 1 kunlik ma’lumotni 1 soatda yodlab oladiganlar ham bor.

Eslab qolish bo‘yicha o‘z superxotirasi bilan tanilgan Davronbek Turdiyev hozirda O‘zbekiston mnemosport federatsiyasi prezidenti vazifasini bajaradi. Kun.uz u bilan o‘zbek bolalarining xotira imkoniyatlari, O‘zbekistonda kuchli xotira egalarini qanday ko‘paytirish haqida suhbatlashdi.

«Tepadagilar biz haqimizda deyarli bilishmaydi»

– Ikki yil oldin Kun.uz’ga intervyu berganimda O‘zbekistonda kuchli mnemonistlar yo‘q edi. O‘shandan beri bizga hukumatdan deyarli e’tibor bo‘lmadi. Bizning borligimizni tepadagilar katta ehtimol bilan bilmaydi.

Faqat o‘tgan yili Yoshlar ishlari agentligi yordamida mnemonika bo‘yicha katta chempionat o‘tkazildi. Bellashuv darajasini solishtiradigan bo‘lsak, mnemonika bo‘yicha 2017 yilgi jahon chempionatida mukofot puli 1,5 ming dollar bo‘lgan. Bizda esa 80 mln so‘m bo‘ldi. Buni davlat budjetidan Samarqand viloyati hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tashkil qilib berdi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda professional mnemonist bo‘lib turib, pul topishning iloji yo‘q. Shu sabab bolalar o‘qiydi yoki boshqa ish qiladi. Yoki ishlab oila boqish kerak, yoki mnemonika bilan professional shug‘ullanib shu orqali oila boqish kerak.

O‘zbek superxotira vakillari haqida

– Oxirgi yillarda O‘zbekistonda kuchli mnemonistlar paydo bo‘ldi. Umuman, O‘zbekiston mnemonika bo‘yicha dunyoda kuchli beshlikka kirsa kerak. MDH davlatlari o‘rtasidagi 2021 yilgi chempionatda 1,2,3-o‘rinlarni o‘zbeklar egallashdi. 2022 yil aprelda Sinergiya universitetida bo‘lib o‘tgan chempionatda esa 1,3,4,5-o‘rinlarni egallab qaytdik.

Yoshlar ishlari agentligi bilan o‘tkazgan chempionatimizda asosan o‘quvchilarim yoki o‘quvchilarimning o‘quvchilari ishtirok etdi. Shu joyda bir muhim narsani aytmoqchiman, Rossiya chempionatida 5 daqiqada 214 ta raqam eslab qolingan bo‘lgan, bizda bu 284 ta bo‘ldi. Mana shu natija ham o‘zbeklar orasida kuchli mnemonistlar borligini ko‘rsatadi.

Bizga ko‘p narsa kerak emas. Metodologiya bor, nima qilishni bilamiz. Asosiysi pul kerak. Pul haqida gapirsam, odamlarning ensasi qotadi. Lekin istalgan narsaga ko‘p sarmoya kiritilsa, keyin rivojlanadi.

Mnemonika O‘zbekistonga nima beradi?

– Bokschilarimizga tasanno, lekin qachongacha urushamiz. O‘zbekistonning intellektual tomonini ham ko‘rsatish vaqti keldi. Chet elda o‘zbeklarga bo‘lgan munosabatdan achinib ketaman. Ayniqsa, ruslarning munosabati yaxshi emas. Yevropani-ku aytmasam ham bo‘ladi. Chunki ular biz borligimizni bilmaydi ham.

Intellektual salohiyatimizni qachonlardir ota-bobolarimiz ko‘rsatgan. Biz biror qo‘shimcha natija ko‘rsatolmadik. Lekin mnemonika bo‘yicha O‘zbekistonda ham jahon chempioni bor. Ular jahonda qayd etilgan rekordlarni o‘rnata oladi. Men hayron qoladigan jihat, ularning shuncha ishi, o‘qishi, uydagi muammolari bo‘laturib, xalqaro chempionatlarni yutib kelishyapti. Lekin ularni biror kishi qo‘llayotgani yo‘q. Hammasi o‘z hisobimizdan bo‘lyapti. Masalan, aprelda bo‘lgan chempionatda ham hammasini o‘zimning hisobimdan olib borib keldim.

O‘zbekistonning salohiyatini dunyoga ko‘rsatish, davlat imiji uchun mnemonika juda muhim. Chunki 21 asr imij asri. Imijingiz qanchalik yuqori bo‘lsa, ko‘proq odam hurmat qiladi, ko‘proq investitsiya tikiladi.

«Kuchli xotiralar ko‘payishi aqlli odamlar ko‘payishiga olib keladi»

– Mnemonika mamlakat miqyosida salohiyatli odamlar ko‘payishiga olib keladi. Injyenermi, biznesmenmi, shifokormi kimga xotira kerak emas? Afsuski, O‘zbekiston savodsizlik yuqori. Chunki odamlar o‘z ustida ishlashga qiziqmaydi. Ular kitob o‘qiydigan odamni ko‘rsa, hayratlanadi. Aslida har bir inson o‘zining aqliy tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak. Xotira sog‘liqqa o‘xshaydi, qachon yo‘qotilsa, o‘shanda e’tibor berish boshlanadi.

Xitoy uzoq muddatli rivojlanish maqsadlari ichiga mnemonikani kiritgan. Maktablarda fan sifatida ham o‘tiladi. Bu natija ham berdi. Oxirgi jahon chempionatida ishtirok etganlarning 80 foizi xitoylik. Xitoy rivojlanishi va mnemonika rivojlanganining bir-biriga korrelyatsiyasi bor. Ya’ni bu davlat miqyosida kuchli professionallar, salohiyatli insonlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Maktablarda mnemonika darslari

– O‘zbekistonda maktablarda mnemonikani fan sifatida kiritish juda qiyin narsa. Mnemonikani qo‘shimcha fan sifatida maktabga kiritmoqchi bo‘lsak, juda katta hajmdagi saviyali professionallarni tayyorlashimiz kerak. Bu uchun juda katta mablag‘ ketadi. Ikkinchi masala, ta’lim tepasida o‘tirganlar byurokratiyaga o‘ralashib qolgan. Shaxsan 3-4 kishi bilan gaplashganimda, bu bizda ishlamaydi deb e’tiborsiz qarashgan. Xo‘p, bu ish bermasa, biz qanday qilib jahon chempionatlarida yutib kelyapmiz?!

Yana bir xato tushuncha shuki, xotiraga asoslangan ta’lim bo‘lmasligi kerak deyishadi. Ya’ni xotira bo‘lsa, odamda logika rivojlanmas emish. Shu haqdagi tadqiqot yozilgan Blueprint degan kitobda odamning kognitiv xususiyatlari qisman rivojlana olmasligi aytiladi. Xotira rivojlansa, qo‘shimcha diqqat va mantiq ham rivojlanadi. Chunki miya badan emas. Oyoqni shug‘ullantirib, qo‘lni shug‘ullantirmay qo‘yadigan.

Ta’lim rivojlanmasligi sabablari

– Avvalo ishga joylashishdagi korrupsiya, yaxshi o‘qituvchilar o‘rnida pul bilan bilimsiz pedagoglar kelib oladi. Ikkinchisi – oylik kam. Maktabdagi barcha yaxshi o‘qituvchilar xususiy sektorga o‘tib ketadi. Chunki maktabda 2-3 million so‘m ham ololmay yurgan o‘qituvchi, o‘quv markazlarida 20-25 million so‘m oladi. Yoshlar bilim olishga qiziqmayapti. Ular hech narsani bilmasdan turib, Instagramʼda 2-3 video qo‘yib, mashhur bo‘lib keta boshlashdi. Boy bo‘lish uchun o‘qish kerakmas, umuman savodsiz, bachkana insonlar boy bo‘la oladi degan tasavvur shakllanib ulgurdi.

«Bola ko‘z o‘ngida aqlli, kitob o‘qiydigan kishi bo‘lib ko‘rinish kerak»

– Bolaning miyasi faqatgina model oladi, taqlid qiladi. Unda mantiq yo‘q. Yetarlicha ma’lumot yo‘q, dunyo haqida tasavvur yo‘q, tahlil qilolmaydi. Bola taqlid qilgan model telefonda o‘tirsa, ya’ni qiyofa, masalan, ona har kuni telefonda, dadasi televizor ko‘rib o‘tirsa, bola kitob o‘qishga intilmaydi.

Bolaning hayoti 3 yoshgacha hal bo‘ladi. Mening fikrimcha, bolani 8 yoshgacha tarbiyalash mumkin, undan keyin juda qiyinlashib boradi. Shuning uchun ota-ona sifatida juda zararli odatlaringiz bo‘lsa, ham bolaning oldida qilmaslik kerak. Bola sizni ko‘rib turganda kitob o‘qiydigan, aqlli, so‘kinmaydigan, o‘z ustida ishlaydigan odam bo‘ling. Men ota-onasi o‘qigani uchun o‘qiyolmasa ham kitobga qarab turadigan bolalarni ko‘rganman. Va shu jarayonda o‘qishga intilish kelib chiqadi.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top